“Ka’b ibn Iyoz (r.a.) rivoyat qiladi: «Rasululloh (s.a.v.)ning bunday deb aytayotganlarini eshitdim: “Har bir ummat uchun fitna bor, mening ummatim fitnasi mol-dunyodir” (Imom Termiziy).
Sharh. Imom Termiziy sahihligini aytgan ushbu hadisda Payg‘ambarimiz (a.s.) mol-dunyo mavzusiga e’tibor qaratganlar. Sharhchilar hadisdagi “fitna”ni zalolat va ma’siyat, ya’ni adashish va Haqqa osiylik deb izohlashgan. Ya’ni, bu ummatni haq yo‘ldan ozdirib, dindan uzoqlashtiradigan eng muhim omil moddiyat va moldir. Islom dushmanlarining oshkora va maxfiy tashkilotlari musulmonlarni yo‘ldan toydirish uchun ko‘pincha moddiyat va mol-dunyodan tuzoq sifatida foydalanishmoqda. Buni kuzatib turib, Alloh taoloning: “Kofir bo‘lganlar mol-mulklarini Alloh yo‘lidan to‘sish uchun sarflaydilar” (Anfol, 36), degan ogohlantiruvining amaldagi isbotini ko‘ramiz. Payg‘ambarimiz (a.s.)ning yuqoridagi hadislari bilan g‘aybdan xabar berishlariga yana bir karra imon keltiramiz.
Ayni paytda, bu hadisni noto‘g‘ri talqin qilmaslik kerak. Islom dini aslida boylik va moddiy kuch-qudratga qarshi emas. Aksincha, musulmonlarni mehnat qilishga va pul topishga targ‘ib etadigan ko‘plab hadislar bor. Dinimizning muhim qismi bo‘lmish zakot, haj, sadaqa kabi farz va mandub amallarni bajarish uchun, albatta, mol-dunyoga ega bo‘lish kerak. Shuningdek, “Beruvchi qo‘l oluvchi qo‘ldan yaxshidir”, “Allohning nazdida kuchli mo‘min kuchsiz mo‘mindan yaxshiroq va suyukliroqdir”, “Taqvodor kishiga boylikning hech bir zarari yo‘qdir” kabi hadislar musulmonlarni mehnatga, moddiy jihatdan baquvvat bo‘lishga undaydi.
Shunday ekan, mol va moddiyatni yomonlashdan maqsad, agar hushyor, sergak bo‘linmasa, axloqiy va diniy jihatdan tubanlashishga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirishdir. Unutmaylikki, taraqqiyot, rivojlanish yo‘qchilik va ehtiyojdan kelib chiqqani kabi, qoloqlik va tanballik ham boylik keltirgan to‘kinlik, isrof sababli yuzaga keladi. Bunga eng yorqin misol Saodat asri va undan keyingi sahobalar davridir. O‘sha paytda ochlikdan sillasi qurib, qorniga tosh bog‘lab yurgan odamlar qisqa muddatda dunyoning uch qit’asiga Allohning haq dinini yetkazishdi. Zamonlar o‘tib, butun dunyo xazinalari musulmonlarga qarab oqa boshlaganida esa, odamlar bamaylixotirlikka va dangasalikka berilishdi. Oqibatda ilm-fan, davlat boshqaruvi va boshqa sohalarda dunyoga ustozlik qilgan musulmon olami taraqqiyotdan orqada qolgan, qaram va boqimanda holga tushib qoldi.
Shunday ekan, azaliy va abadiy haqiqatlarni yetkazuvchi bo‘lgan Payg‘ambarimiz (a.s.)ning mol-dunyo borasidagi tutumlarini ushbu hadisdan bilib olsak bo‘ladi: «Odamlar mol-dunyo borasida to‘rt qismdir: bir banda bor, Alloh unga mol va ilm bergan, u moli xususida Allohdan qo‘rqadi va uni silai rahm uchun sarflaydi. Molidagi Allohning haqqini biladi va uni ado etadi. Mana shu odam eng yuksak martabaga erishadi.
Yana bir banda bor, Alloh unga ilm berganu ammo mol bermagan. U yaxshi niyatda: “Agar molim bo‘lsa edi, falonchiga o‘xshab xayrli yo‘llarga sarflardim”, deb orzu qiladi. Alloh uning niyatini qabul qiladi va oldingilar bilan teng ajr beradi.
Uchinchi (xil) banda bor, moli yetarli, lekin Alloh unga ilm bermagan. U molini shahvat va buzuqlik-fitna yo‘llariga sarflaydi. Na Rabbidan qo‘rqadi va na silai rahm qiladi. Molidagi Allohning haqqini ham bilmaydi. Bu eng yomon martabadir.
To‘rtinchi (xil) kimsa bor, Alloh unga mol ham, ilm ham bermagan. Ammo u isrofchilarga hasad qilib: “Qaniydi, mening ham pulim bo‘lsaydi, falonchiga o‘xshab sarflab, unga o‘xshab yashardim”, deydi. U ham niyati sabab o‘sha isrofgarlar bilan gunohda teng sherik bo‘ladi».
Manba:irfon.uz
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamga kelib: «Men qiynalgan kishiman», dedi. Ya’ni, och ekanini bildirdi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam xotinlaridan biriga ovqat so‘rab odam yubordilar. «U zotni haq ila jo‘natgan zotga qasam ichib aytamanki, uyimda suvdan boshqa hech narsa yo‘q!» dedi u.
Xuddi shunday qilib barcha xotinlariga ovqat so‘rab odam jo‘natdilar. Ularning bari yuqoridagidek javob berdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu kecha bu odamni kim mehmon qiladi, Alloh unga rahm qilsin», dedilar. Shunda ansorlardan bir kishi turib: «Yo Allohning Rasuli! Uni men mehmon qilaman», dedi. So‘ngra uni uyiga olib ketdi. Borib xotiniga bunday dedi:
— Bu odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mehmonlari. Unga taom hozirla!
Xotin dedi:
— Bolalarimizning ovqatidan boshqa ovqat yo‘q.
Er dedi:
Bolalaringni uxlatib ovqatni olib kel. Mehmon ovqatga qo‘l uzatganida chiroqni o‘chirib qo‘y. Biz qorong‘ida o‘zimizni ovqat yeyayotgandek ko‘rsatamiz. Ammo yemaymiz. Mehmon shunda ozgina ovqatga to‘yadi.
Ular shunday qilib och uxlashdi. Mehmon to‘ydi. Ertalab ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borishgach, u zot dedilar:
— Alloh taolo sizning ishingizdan ajablandi. Siz haqingizda Qur’on nozil qildi:
«Garchi o‘zlarining hojatlari bo‘lsa ham (boshqalarni) o‘zlaridan ustun ko‘radilar. Kim o‘z nafsining baxilligidan saqlansa, unday kishilar ha, ana o‘shalar najot topguvchilardir» (Hashr surasi, 9-oyat).
Dunyo charxpalakdir. Zamon aylanib turadi. Bugun puling bor. Ertaga yo‘q, ishing orqaga ketadi. Bugun faqirsan, ammo ertaga boyib ketishing mumkin. Faqirlik ayb emas, boylik fazilat emas.
Muhimi qalbdagi narsadir, cho‘ntakdagi emas. Muhimi insonning boylik va faqirlik paytidagi axloqidir.
Tasavvur qilyapsizmi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hech bir ayollari uyidan ovqat topilmayapti! U kishi Allohning Rasuli bo‘lish bilan birga davlat rahbari ham edilar. Uylarida suvdan boshqa hech vaqo yo‘g‘-a?!
Faqirlikni uqubat, boylikni esa mukofot deb o‘ylashdan ehtiyot bo‘ling. Dunyo bor-yo‘g‘i imtihon, xolos. Imtihon savollari qanchalar qiyin bo‘lmasin, o‘tirib qolmang.
Aqlli inson boshqalarning hojatini chiqarishga harakat qiladi. Ularni qiyin ahvolda qoldirmaydi. Kishilarga ehson qilganingizda ular o‘zini aybdor va nuqsonli sanashmasin!
Bemor kishining faqirligini bilib qolsangiz, u so‘rashidan oldin ahvolidan xabar olishingiz oqilona ishdir. Ba’zilarning iffati so‘rashdan to‘sadi. In’omning eng afzali insonlarning iffatni ehtirom qilib, obro‘larini muhofaza qilib berilgan in’omdir!
Ehson qilishning ham odoblari bor. Bir kishiga hammaning oldida sadaqa yoki ehson bersangiz, uni xijolatga qo‘yasiz, iffatini jarohatlaysiz, ojizligini yuziga solgandek bo‘lasiz... Bunaqa sadaqa-ehson qilgandan ko‘ra, qilmaganing afzaldir!
Yuqorida keltirilgan ansoriyning odobiga boqing. Ovqati ozligi uchun xotiniga chiroqni o‘chirishni buyurdi. Maqsadi mehmonni xijolat qilmaslik edi. Chiroq yonib turganida mehmon ovqatning kamligini ko‘rib, uyalib, ovqat barchaga yetishi uchun ehtimol to‘yib yeya olmasdi.
Kishilardan noqulaylikni ketkazish ham ularni xotirjam qilishdir. Xotirjam qilish esa, ibodatdir!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi