Hosid har kuni kimnidir chaqib turmasa, hasad qilmasa turolmaydi. Bu shunday dardki, o‘zi birovga qishda qor bermaydi, o‘zgalar berganini esa ko‘rolmaydi. Goho o‘ziga-o‘zi hasad qilur, bu dardga uni kibru havo solur. Hasad zahrini solishga kimsa topilmasa, o‘zini-o‘zi chaqur. Naqadar ayanchli!
Dunyoda yurak xastaligidan og‘riganlarning aksari hasad sabab ushbu dardga yo‘liqadi, yorug‘ olam nuriga hasad-la boqib, jon taslim qiladi.
Allohning qudrati bilan chayonning bolalari o‘z onalarini yeb kattarar ekan. Hasad ham, hasadchini yeb bitirar ekan.
Ey aziz farzand! O‘zingni hasaddan saqla, hasad shunday dardki, u go‘yo achchiq alaf kabidir, u alaf asalga qo‘shilsa, uning ta’mi va rangini buzadi. Hasad qalbning va imonning kushandasidir. Bu dunyoda havas bilan yashagin, hasad bilan emas. Shunda orzuingdagi baxtga erishasan.
Ilonu chayondek chaqma har kimni,
Bolasi chayonni yeydi qilib yem.
Qalbingda to‘plasang lim-lim hasadni,
Bir kun kelib, o‘zing yig‘laysan yum-yum.
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan tizimda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar va imom noiblarining kasbiy mahoratini oshirish hamda Qur’oni karim qiroatini yanada mukammallashtirishga qaratilgan tizimli o‘quv mashg‘ulotlari davom etmoqda.
Mazkur loyiha soha xodimlarining nafaqat ilmiy salohiyatini yuksaltirish, balki tajvid qoidalarini amaliyotda go‘zal va bexato qo‘llash ko‘nikmalarini puxtalashga xizmat qilmoqda.
Reja asosida tashkil etilayotgan navbatdagi darslar bugun Qashqadaryo viloyatida yuqori saviyada o‘tkazilmoqda. Qur’on va tajvidni o‘rgatish hamda Masjidlar bilan ishlash bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan ushbu mashg‘ulotlarni malakali mutaxassisi – Mamasoliyev Samandar qori aka olib bormoqda.
Ushbu o‘quv jarayonidan ko‘zlangan asosiy maqsad — masjidlardagi qiroatlar sifatini yuqori bosqichga ko‘tarish va soha xodimlarining tajvid ilmi bo‘yicha nazariy hamda amaliy bilimlarini yanada mustahkamlashdir.
Bu kabi amaliy saboqlar imom-xatib hamda imom noiblarining ma’naviy va ilmiy rivojida muhim pog‘ona bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati