Hosid har kuni kimnidir chaqib turmasa, hasad qilmasa turolmaydi. Bu shunday dardki, o‘zi birovga qishda qor bermaydi, o‘zgalar berganini esa ko‘rolmaydi. Goho o‘ziga-o‘zi hasad qilur, bu dardga uni kibru havo solur. Hasad zahrini solishga kimsa topilmasa, o‘zini-o‘zi chaqur. Naqadar ayanchli!
Dunyoda yurak xastaligidan og‘riganlarning aksari hasad sabab ushbu dardga yo‘liqadi, yorug‘ olam nuriga hasad-la boqib, jon taslim qiladi.
Allohning qudrati bilan chayonning bolalari o‘z onalarini yeb kattarar ekan. Hasad ham, hasadchini yeb bitirar ekan.
Ey aziz farzand! O‘zingni hasaddan saqla, hasad shunday dardki, u go‘yo achchiq alaf kabidir, u alaf asalga qo‘shilsa, uning ta’mi va rangini buzadi. Hasad qalbning va imonning kushandasidir. Bu dunyoda havas bilan yashagin, hasad bilan emas. Shunda orzuingdagi baxtga erishasan.
Ilonu chayondek chaqma har kimni,
Bolasi chayonni yeydi qilib yem.
Qalbingda to‘plasang lim-lim hasadni,
Bir kun kelib, o‘zing yig‘laysan yum-yum.
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Uqba ibn Alidan rivoyat qilinadi: Samoma ibn Shafiy Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan eshitgan. U zot aytadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning minbarda:
﴿وَأَعِدُّوا لَهُمْ مَا اسْتَطَعْتُمْ مِنْ قُوَّةٍ﴾
“Imkoningiz boricha kuch-quvvatni tayyorlab qo‘yingiz” (Anfol surasi, 60-oyat).
“Ogoh bo‘linglar quvvat otishlikdir, ogoh bo‘linglar quvvat otishlikdir, ogoh bo‘linglar quvvat otishlikdir” deganlarini eshitganman (Imom Muslim rivoyati).
Ushbu hadisda Payg‘ambaralayhissalom otishni va otish asboblarini o‘rganishga undaganlar. Ulamolar bu hadis sharhida kishi o‘zini, oilasini va vatanini himoya qilish maqsadida otishni va harbiy mashqlarni o‘rganishi lozimligini ta’kidlaganlar.
Kamondan o‘q uzish yoki harbiy mashqlar kishini jismonan chiniqtiradi va irodasini toblaydi.
Payg‘ambarimiz alayhissalom sahobalar orasida kamondan o‘q uzish, kurash, yugurish va boshqa turli jismoniy mashqlarni bajarish musobaqalarini o‘tkazib, unda o‘zlari ham ishtirok etganlar.
Salama ibn Akva’ roziyallohu anhu aytadlar: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir guruh kamondan o‘q uzib musobaqalashayotgan musulmonlar oldidan o‘tdilar. Ularga: “Otinglar! Bani Ismoil. Otalaringiz mergan bo‘lgan. Otinglar! Men Bani fulon bilanman”, dedilar. Shunda ikki guruhdan biriqo‘lidagini tutib (to‘xtab) qoldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Nimaga otmayapsiz?” dedilar.Ular: “Siz ular tomonda bo‘lsangiz qanday otamiz?” deyishdi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Otinglar! Men barchangiz bilan birgaman”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadis guruhlarga bo‘linib, musobaqalar o‘tkazish, ularga muxlislik qilish joizligini ko‘rsatadi.
Sahobalar oralarida Nabiy sollallohu alayhi vasallamning amakilari Hamza ibn Abdulmuttalib eng merganlardan bo‘lganlar.
Adiy ibn Xotim roziyallohu anhu ko‘proq ovga qiziqqanlar va mohir ovchi bo‘lganlar. Shuning uchun, u zot ko‘proq ovchilikka oid hadislarni rivoyat qilganlar.
"Islomda salomatlik" kitobidan
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li