Hosid har kuni kimnidir chaqib turmasa, hasad qilmasa turolmaydi. Bu shunday dardki, o‘zi birovga qishda qor bermaydi, o‘zgalar berganini esa ko‘rolmaydi. Goho o‘ziga-o‘zi hasad qilur, bu dardga uni kibru havo solur. Hasad zahrini solishga kimsa topilmasa, o‘zini-o‘zi chaqur. Naqadar ayanchli!
Dunyoda yurak xastaligidan og‘riganlarning aksari hasad sabab ushbu dardga yo‘liqadi, yorug‘ olam nuriga hasad-la boqib, jon taslim qiladi.
Allohning qudrati bilan chayonning bolalari o‘z onalarini yeb kattarar ekan. Hasad ham, hasadchini yeb bitirar ekan.
Ey aziz farzand! O‘zingni hasaddan saqla, hasad shunday dardki, u go‘yo achchiq alaf kabidir, u alaf asalga qo‘shilsa, uning ta’mi va rangini buzadi. Hasad qalbning va imonning kushandasidir. Bu dunyoda havas bilan yashagin, hasad bilan emas. Shunda orzuingdagi baxtga erishasan.
Ilonu chayondek chaqma har kimni,
Bolasi chayonni yeydi qilib yem.
Qalbingda to‘plasang lim-lim hasadni,
Bir kun kelib, o‘zing yig‘laysan yum-yum.
O‘MI Matbuot xizmati
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining Modul ta’lim tizimida yangi o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi.
12 sentyabr kuni Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov talabalar uchun «Xatoba» (notiqlik san’ati) fanidan ilk darsni o‘tib berdi.
Mashg‘ulot davomida ustoz va’z-nasihat qilish san’ati, minbar odoblari, tinglovchi bilan jonli muloqot o‘rnatish sirlari hamda bugungi kun imom-xatibi zimmasidagi mas’uliyatli vazifalarga alohida to‘xtaldi. Notiqlik mahoratiga oid nozik jihatlar hayotiy va amaliy misollar orqali ochib berildi.
Qizg‘in va samimiy ruhda o‘tgan dars so‘nggida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati