Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Oktabr, 2025   |   10 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:03
Quyosh
06:21
Peshin
12:17
Asr
16:18
Shom
18:07
Xufton
19:19
Bismillah
02 Oktabr, 2025, 10 Rabi`us soni, 1447

7 savolga 7 javob: Haj shartlari

02.08.2018   13370   5 min.
7 savolga 7 javob: Haj shartlari

1-savol: Kishi o‘zi ishlab turgan muassasa yoki biror bir tashkilotdan kelajakda oylik maoshidan sekin-asta to‘lash sharti bilan qarz olib hajga borishi mumkinmi?

Javob: Haj ibodati qodir bo‘lgan kishiga farz. Yetarli mablag‘i bo‘lmagan kishiga haj farz emas.

2-savol: Ma’lumki, haj mavsumida tirbandlik sababli ehrom bo‘laklarining yirtilish hollari ko‘p bo‘ladi. O‘sha holatda yirtilganlarini yamash joizmi yoki yangisiga almashtirish kerakmi?

Javob: Xohlasa, tikib oladi, xohlamasa, boshqasiga almashtiradi, har ikkisi ham joiz. Alhamdulillah, shariatda bu masalada yengillik bor. Shariatda man qilingan narsa ko‘ylak va shalvar kiyishdir. Ammo ehrom biror narsaga ilinib yirtilsa yoki teshilsa, uni ip bilan chatib yoki yamoq solib tikishning zarari yo‘q.

3-savol: Muhtaram Muftiy hazratlari! Yaqinda turmushga chiqayotgan dugonam mahr uchun eridan haj ziyoratiga olib borishni so‘ramoqchi ekanini aytib qoldi. Bizning mazhabimizda shu to‘g‘rimi?

Javob: Mahr uchun hajga olib borishni so‘rasa, bizning hanafiy mazhabimizda mahri misl vojib bo‘ladi. Mahri misl deganda opalariga berilgan mahr miqdori tushuniladi.

4-savol: Hurmatli Muftiy hazratlari! Mustaqillik sharofati tufayli diniy qadriyatlarimiz qayta tiklanib, har yili muborak hajda umra ibodatini ming-minglab yurtdoshlarimiz ado etishmoqda. Haj kabi umrani ham kishi umrida bir marta ado etadimi? Iltimos, shu haqda ma’lumot bersangiz.

Javob: Umra lug‘atda “ziyorat qilish” va “obod qilish” ma’nolarini anglatadi. Shariatda esa, niyat qilib ehrom bog‘lab, Baytullohni tavof qilish, Safo bilan Marva o‘rtasida sa’y qilish umra deyiladi.

Ibn Abbos (roziyallohu anhu): “Allohga qasam, albatta, u (umra) Alloh taoloning Kitobida un(haj)ga qo‘shib zikr etilgan. “(Haj va umrani Alloh uchun tugal ado qiling)”, deydi.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Umradan keyingi umra oralaridagilarga kafforatdir. Mabrur hajning mukofoti jannatdir”, dedilar” (Imom Ahmad, Buxoriy va Muslim).

Har bir kishiga qodir bo‘lsa, umrida bir marta haj qilish farzdir, umra sunnat amal. Umrani bir yilda bir necha bor qilish mumkin.

5-savol: Alloh nasib qilib, 2005 yili haj ibodatini ado etish sharafiga muyassar bo‘ldim. Iltimos, umra bilan haj o‘rtasidagi farqni tushuntirib bersangiz.

Javob: Haj muayyan vaqtda ado etiladi. Haj ibodatida Arafotda turish, Baytullohni tavof qilish lozim. Safo va Marva orasida sa’y qilish, Muzdalifa va Minoda tunash, Jamarotda shaytonga tosh otish kerak.

Umra esa, haj ado etiladigan kunlardan boshqa yilning barcha fasllari va kunlarida ado qilinishi mumkin. Umra Baytullohni tavof qilish va Safo hamda Marva o‘rtasida sa’y qilishdir.

Demak, umra uchun maxsus vaqt tayin qilinmagan. Balki arafa va tashriq kunlaridan tashqari yilning barcha kunlarida umra qilish joiz. Barcha olimlar umra uchun maxsus vaqt belgilanmaganiga ittifoq qilishgan. Zero, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) zulqa’da va shavvol oylarida umra qilganlar.

6-savol: Menga haj qilish nasib etganida, quvonganimdan Alloh uchun o‘n kun ro‘za tutaman, deb niyat qilgan edim. Shu ro‘zani qay tartibda tutsam to‘g‘ri bo‘ladi, iltimos, shu haqda ma’lumot bersangiz.

Javob: Avvalo, nazr niyat bilan bo‘lmaydi. Til bilan aytilsa, nazr bo‘ladi. Ibodatlardan darhol yo keyin zimmaga vojib bo‘lmagan birortasini, masalan, ro‘zani Ramazon oyidan boshqa paytda tutishni o‘ziga vojib qilish nazr bo‘ladi. Agar kishi Alloh uchun ikki kun yoki uch kun yoinki o‘n kun ro‘za tutish o‘ziga vojib deb (nazr) bilsa, unga o‘sha aytganini tutish vojib bo‘ladi. U istagan vaqtda, xohlasa, bo‘lib-bo‘lib tutadi, xohlasa, ketma-ket, orasini ajratmasdan tutadi.

Agar ro‘za tutishni nazr qilgan paytda ketma-ket tutishni niyat qilgan bo‘lsa, ketma-ket tutishi zarur bo‘ladi. Orada bir kun iftor qilsa yoki ayol kishi hayz ko‘rsa, qayta boshidan nazr qilgan kunlari miqdorida tutishi lozim.

Nazr qilgan kishi ketma-ket tutishni niyat qilmagan bo‘lsa ham, ketma-ket tutsa bo‘ladi (“Fatovoyi Hindiya”, “Zohiriya”).

7-savol: Eri o‘lgan ayolning haj qilishi durust emas deb eshitdim, shu to‘g‘rimi?

Javob: To‘g‘ri. Eri qazo qilgan ayol to‘rt oyu o‘n kun idda o‘tirishi lozimdir. Eri o‘lgani uchun iddadagi yo taloq iddasidagi ayol hajga bormaydi va boshqaga turmushga chiqmaydi. Iddasi tugab bo‘lgach, uning ixtiyori o‘zida bo‘ladi. Xohlasa, mahramlaridan biri, ya’ni otasi, aka yo ukasi, tog‘a yo amakisi, bobosi yoki o‘g‘illaridan biri hamrohligida haj ibodatini ado etishi mumkin (“Fatovoyi Hindiya”).

Haj va umra
Boshqa maqolalar

Musulmonlarga azob beruvchilar do‘zax olovidadirlar

30.09.2025   1886   3 min.
Musulmonlarga azob beruvchilar do‘zax olovidadirlar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Qur’oni karimga ko‘ra, terroristlarning omma xalqni portlatishi, insonlarni o‘z joniga qasd qilishga da’vat etishi va boshqa har qanday tinch aholini hayotiga qaratilgan tajovuzlarni amalga oshirishi ulkan jinoyat hisoblanadi.

Albatta, bu ishlarni amalga oshiruvchilarga jahannamda og‘ir azob-uqubatlar borligida hech qanday shak-shubha yo‘q. Qur’oni karimning Buruj surasida odamlarni yondirish taqiqlanganligi keltirib o‘tiladi:

“Albatta, mo‘min va mo‘minalarni fitna qilib, so‘ngra tavba qilmaganlarga, ana o‘shalarga jahannam azobi va kuydiruvchi azob bor[1]”. (Buruj surasi, 10-oyat).

Qur’ondagi “fatanu” so‘zi “yondirish” ma’nosida ham tafsir qilinadi. Bu oyat odamlarni portlatuvchilar do‘zax egalari ekanligiga ishora qiladi.


Ibn Abbos va Muqatil aytdilar: “mo‘min va mo‘minalarni fitna qilib” oyati quyidagi ma’noni anglatadi: “Ular mo‘minlarni olov bilan yondiradilar”[2].

Ibn Humayd va Ibn al-Munzirdan rivoyat qilinichisha, Qatoda “Albatta, mo‘min va mo‘minalarni fitnaga solib”, oyatini olov bilan yondirib o‘ldirish[3] degan ma’noni anglatadi deb tafsir qilgan.

Imom al-Qurtubiy va Abu Hafs al-Hanbaliy ham shunday tafsir qilganlar[4].


Musulmonlarni o‘ldirishni haq deb bilganlar Islom chegarasidan chiqqan hisoblanadilar va lovullab yonayotgan do‘zaxning olovida azoblanadilar.

Abdulloh ibn Busr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Xasadchi, tuhmatchi va folbin mendan emas va men ham ulardan emasman”. Shundan so‘ng Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam quyidagi oyatni tilovat qildilar:Mo‘min va mo‘minalarga biron gunoh qilmasliklaridan ozor beradigan kimsalar ham bo‘hton va ochiq gunohni o‘z ustlariga olibdilar”[5] (Ahzob surasi, 58-oyat).


Faxriddin ar-Roziy rahimahullohning Qur’on karim tafsirida quyidagilar yozilgan:

“Oxiratda do‘zax ahlini ikki turdagi azob o‘rab oladi, birinchisi bu ularning kufr keltirganliklari uchun bo‘lsa, ikkinchisi musulmonlarni yondirganliklari uchun beriladi”[6].

“Tafsir al-Jalolayn” asarining muallifi, yuqoridagiga o‘xshash fikrlarni keltirib o‘tadi: “Albatta, mo‘min va mo‘minalarni fitnaga solib”, olovda kuydirish orqali, “so‘ngra tavba qilmgan kimsalarga jahannam azobi”, iymonsizliklari sababli, “ular uchun o‘t azobi bordir” musulmonlarni olovda yondirganlari uchun[7].

 

“The Fatwa on Terrorism and Suicide Bombings” kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi

 


[1] Shayh Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Qur’oni karim va o‘zbek tilidagi ma’nolari tarjimasi. – T.: «Hilol-Nashr» 2015. 590– b.
[2] Ar-Roziy, al-Tafsir al-Kabir, 13:III.
[3] Jaloliddin Suyutiy, al-Dur al-Manzur, 8:466.
[4] Muhammad al-Qurtubiy, al-Jomi li ahkam al-Qur’on, 19:295, Abu Hafs al-Hanbaliy, al-Lubab fi ulum al-Kita, 20:253.
[5] Al-Munzir al-Targ‘ib va al-Tarhib, 3:324, Ibn Asokir Tarix Dimashq al-Kabir, 21:334.
[6] Ar-Roziy al-Tafsir al-Kabir.
[7] JaloliddinSuyutiy va Jaloliddin al-Mahalliy, Tafsir al-Jalolayn, I:801.