Bir kishi baliq konserva zavodida ishlardi. Bir kuni u ish tugaganidan keyin muzlatgich ichiga kirib atrofni ko‘zdan kechirayotganda to‘satdan muzlatgich eshigi yopilib qoldi. Endi unga kim yordam beradi? U bor kuchi bilan eshikni tepar, ovozini boricha baqirar edi. Lekin… Bari befoyda. Shu alfozda besh soat muzlatgich ichida qoldi. Dunyo bilan xayrlashishi aniq bo‘lib qoldi. To‘satdan bir kishi eshikni ochib ichkariga kirdi. Qarasa, bir kishi o‘lim bilan olishib yotardi. Unga tezda yordam ko‘rsatildi. Kishi dunyoga qaytadan keldi. Yordam qo‘lini cho‘zgan kishi shu zavodning qorovuli edi. Undan so‘radilar: “Muzlatgich ichida odam borligini qayerdan bildingiz?”
– Men bu yerda o‘ttiz besh yildan beri ishlayman. Xizmatchilar orasida bir kishi men bilan ertalab tabassum ila salomlashar, qaytayotib yana shu alfozda xayrlashar edi. Shu kuni ish tugaganidan so‘ng o‘sha kishini ko‘rmadim. Ko‘nglimda nima bo‘ldi ekan degan savol paydo bo‘ldi. Uni izlay boshladim. Nihoyat uni muzlatgich ichidan topdim.
Suyukli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar:
«Birodaring yuziga tabassum qilishing SADAQADIR»
Mana sizga hadisga amal qilishni mukofoti. Mana sizga tabassumning ta’siri.
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Intiqom mahkamasiga aylansangiz eng avvalgi qurbon o‘zingiz bo‘lasiz
Ba’zi insonlar juda ochiqko‘ngil bo‘lishadi. Ular o‘zlarining barcha haqlarini talab qilishmaydi, ko‘p ishlarga ahamiyat berishmaydi, gohida o‘zlarini bilmaganga olishadi. Umuman olganda ochiqko‘ngil, ko‘p narsani aniqlashtirishga urinaverishmaydi, har qanday gapga e’tibor qilaverishmaydi va o‘zlarini bunday mayda ishlar bilan qiynashmaydi. Yana shunday insonlar borki, yuqoridagi insonlarning aksi. Ochiqko‘ngillik nima ekanini bilishmaydi, zarra miqdorida bo‘lsin haqlari birovga o‘tib ketishiga yo‘l qo‘yishmaydi, insonlar bilan doimo haq talashib janjallashadi, kurashadi va kamdan-kam hollarda rozi bo‘lishadi.
Tabiiyki, ochiqko‘ngil insonning ko‘ngli xotirjam, iztirobdan yiroq bo‘ladi. Shuningdek, u insonlarning qalbiga yaqin, ularning muhabbatlariga munosib bo‘ladi. Insonlar bilan doimiy janjallashib yuradigan kishidan farqli ravishda uning qarshisida muvaffaqiyat eshiklari doim ochiq turadi. Ikkinchi toifadagi inson esa barcha gaplar va voqealarni tahlil qiladi, ulardan yaramas maqsadlarni izlaydi. Shu sababli o‘ziga turli tarafdan iztirobni jalb qiladi, insonlar uni yomon ko‘rishadi va o‘zlarini olib qochishadi.
Aslida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam agar ikki ishdan biriga ixtiyor berilsa modomiki gunoh bo‘lmas ekan yengilini tanlardilar, agar gunoh bo‘lsa undan uzoqlashadilar. U zot aytadilar:
قال رسول الله صلى الله عليه و سلم: رحم الله عبدا سمحا إذا باع، سمحا إذا اشترى، سمحا إذا اقتضى
“Alloh (biror narsa) sotsa, sotib olsa va (haq) talab qilsa ham ochiq ko‘ngil bo‘ladigan bandaga rahm qilsin” (Imom Buxoriy rivoyati).
Shu’la: Ertaga iztirob chekmasligingiz uchun bugun qattiq harakat qiling.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan