Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Iyul, 2026   |   27 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:18
Quyosh
05:00
Peshin
12:29
Asr
17:41
Shom
20:01
Xufton
21:38
Bismillah
12 Iyul, 2026, 27 Muharram, 1448

Biz odam savdosiga qarshimiz!

30.07.2018   11868   3 min.
Biz odam savdosiga qarshimiz!
Odam savdosi holati haqida aholining xabardorligini oshirish, jabrlanuvchilarni qo‘llab-quvvatlash va ularning huquqlarini himoya qilish, bu mudhish jinoyatning oldini olish maqsadida BMT Bosh Assambleyasining 2013 yildagi rezolyutsiyasi bilan 30 iyul – “Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni”, deb e’lon qilingan.
 
O‘zbekistonda ham bu sanaga alohida e’tibor qaratilmoqda. Boisi global muammolardan hisoblangan odam savdosi jinoyati mamlakatimizda hamon uchrab turibdi.
 
Inson huquqi, erkini cheklash, hatto uning hayotiga zomin bo‘luvchi bu illat zamirida chirkin boylik orttirishdek mudhish maqsad yashiringan. Shuning uchun ham har yili millionlab odamlar bu illat domiga tushib qolayotir. Odamfurushlar asosan aldov, zo‘ravonlik yo‘li bilan yoshlar va ayollarni o‘z girdobiga tortmoqda.
 
Turli yo‘llar bilan xorijiy davlatlarga olib ketilib, og‘ir majburiy mehnatga majbur etilgan, eng yomoni, tuban ishlarga mahkum etilgan odamlar, ayniqsa xotin-qizlarni qutqarish, yurtimizga qaytarish borasida mamlakatimizda davlat organlari bilan bir qatorda jamoat tashkilotlari ham faoliyat yuritmoqda.
 
Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markazi shu yo‘nalishda 2001 yildan beri faoliyat yuritmoqda.
 
– Xalqaro hamkorlik asosida markazimizda +99895 1439494 raqamli “Dolzarb aloqa tarmog‘i” tashkil etilgan, − deydi markaz direktori Nodira Karimova. − Ko‘pincha odam savdosi jabrlanuvchilari mazkur tarmoqqa murojaat qiladi. Ularga yordam berish uchun markaz psixologlari, huquqshunoslari doimo aloqada. Jabrlangan fuqaro joyi aniqlangach, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda uni qaytarish chorasi ko‘riladi. Xorijdan qaytarilgan jabrlanuvchilarning sog‘lig‘ini tiklash, ularga ruhan dalda bo‘lish imkoniyatlari ishga solinadi. Keyingi bosqichda – markazimizda ochilgan o‘nga yaqin hunar to‘garaklari orqali ularga kasb-hunar o‘rgatiladi va ishga joylashtirish chorasi ko‘riladi. Mana shunday amaliyot tufayli o‘tgan yillarda minglab opa-singillarimiz hayotda to‘g‘ri yo‘l topishga muvaffaq bo‘lishdi.
 
2018 yilning birinchi yarmida “Dolzarb aloqa tarmog‘i”ga 1,5 mingdan ziyod qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi. Yuzga yaqin arizalar asosda 200 ga yaqin odamning o‘z uyiga qaytishiga ko‘maklashildi.
 
Aytib o‘tish kerakki, 2018 yil 12 aprelda Markaziy Osiyo va O‘zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish mintaqaviy forumi doirasida Xalqaro odam savdosiga va boshqa turdagi zo‘ravonlikka qarshi kurashish tarmog‘i tashkil etildi. “Istiqbolli avlod” ham mazkur tarmoq a’zosi hisoblandi.
 
Tarmoqning missiyasi: odam savdosi va zo‘ravonlikning boshqa shakllariga qarshi kurashish bo‘yicha advokatlik hamda huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy xizmat ko‘rsatish orqali inson huquqlarini ta’minlashning barqaror tizimini yaratishdir.
 
Markaz Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi bilan ham faol hamkorlik qilmoqda. Mazkur hamkorlik doirasida Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan bugun poytaxtimizdagi “Anhor Lokomativ“ madaniyat va istirohat bog‘ida “Biz odam savdosiga qarshimiz!“ shiori ostida aksiya o‘tkaziladi. Aksiyada odam savdosining oldini olish bilan bog‘liq teatrlashtirilgan tomoshalar va konsert dasturi namoyish etiladi.
 

 

Muattar Ro‘ziboyeva, O‘zA
Boshqa maqolalar

Ustunlik - o‘z ishini mukammal bajarishda

08.07.2026   8326   1 min.
Ustunlik - o‘z ishini mukammal bajarishda

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Badavlat insonlarning biri aytadi: "Meni alohida hissiyotlar boshqarmaydi. Chunki men dunyodagi eng badavlat insonman. Oddiy hayotda, kichik bir uyda ayolim bilan yashayman. Spirtli ichimliklar ichmayman, chekmayman. Suratlari gazetalarni to‘ldirib yuborgan, sohillardagi qasrlarda yashaydigan, hayotlari shovqin suronli bo‘lgan va nikohlari go‘zal qizlar bilan bo‘ladigan milliarderlar hayotiga oshiq bo‘lmayman. Ularning bu nikohlari odatda evaziga millionlab dollar beriladigan ajralish bilan tugaydi.

O‘z ishimni sevaman, u bilan baxtliman. Ko‘pincha ish joyimda yeyish uchun taomimni olib ketaman. Qo‘limga million dollar tushib qolishini tasavvur qilsam xayollarimni shodlik qurshab olmaydi, ammo ona shahrimning rivojlanishiga go‘zal ko‘chalar qurish bilan hissa qo‘shayotganimni o‘ylasam shodlanib ketaman. U bugun men qurayotgan yo‘llar bilan dunyoning eng go‘zal shaharlaridan biri bo‘layotganidan xursand bo‘laman. Qisqa qilib aytganda mening baxtim ishimni mukammal ado etishimdadir".

Shu’la: Afsus-nadomat kemani dengiz chuqurliklaridan chiqara olmaydi.


Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan