frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Rasululloh – johiliyat zulmatini yoritgan nur edilar

30.07.2018   9155   4 min.
Rasululloh – johiliyat zulmatini yoritgan nur edilar

Qur’oni Karim oyatlariga diqqat bilan nazar solsak, “Siroj” kalimasi Quyoshga, “Muniyr” kalimasi Oyga sifat qilib keltirilganini, shu ikki kalima bir vaqtning o‘zida Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ham sifat qilib keltirilganini ko‘ramiz.

“Siroj” (سراج) kalimasi ham, “Muniyr” (منير) kalimasi ham Qur’onda ikkita oyatda kelgan.

Birinchi oyatda bu kalimalar Quyosh va Oyning sifati bo‘lib kelgan. Alloh taolo shunday deb marhamat qiladi:

تَبَارَكَ الَّذِي جَعَلَ فِي السَّمَاء بُرُوجاً وَجَعَلَ فِيهَا سِرَاجاً وَقَمَراً مُّنِيراً

“Osmonda burjlar qilgan va unda chiroq va nur sochguvchi oy qilgan Zot barakotli-buyuk bo‘ldi” (Furqon surasi, 61-oyat).

Ikkinchi oyatda bu kalimalar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sifatlari bo‘lib kelgan. Alloh taolo shunday deb marhamat qiladi:

يَا أَيُّهَا النَّبِيُّ إِنَّا أَرْسَلْنَاكَ شَاهِداً وَمُبَشِّراً وَنَذِيراً وَدَاعِياً إِلَى اللَّهِ بِإِذْنِهِ وَسِرَاجاً مُّنِيراً

“Ey Nabiy, albatta, Biz seni guvohlik berguvchi, xushxabar eltguvchi va ogohlantirguvchi, O‘z izni ila Allohga da’vat qilguvchi hamda nurli chiroq qilib yubordik”. (Ushbu oyatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning to‘rtta vazifalari va bitta sifatlari zikr qilinmoqda. Ha, Muhammad sollallohu alayhi vasallam johiliyat zulmatlaridagi nurli chiroqdirlar. Turli zulmatlar ichida yo‘lini topa olmay, urinib-surinib yurgan kishilarni Islomning yorug‘ yo‘liga boshlovchi nurli chiroqdirlar) (Ahzob surasi, 45-46-oyatlar).

Aytganimizdek, birinchi oyatda “Muniyr” kalimasi Oyning sifati bo‘lib keldi. Darhaqiqat, Oy o‘zidan nur ishlab chiqarmaydi, balki Quyoshdan kelayotgan nurni qaytaradi. Shuning uchun uni muniyr – nur sochuvchi deyiladi. “Siroj” esa Quyoshning sifti bo‘lib keldi. “Siroj”ning ma’nosi chiroqdir.

Keyingi oyatda “Muniyr” va “Siroj” so‘zlari Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sifatlari bo‘lib keldi.

Ha, u zot sollallohu alayhi vasallam Quyosh kabi edilar. Xuddi Quyoshsiz hayot bardavom bo‘lmaganidek, u zotsiz ham hayot davom etmasdi.

Ha, u zot sollallohu alayhi vasallam Oy kabi edilar. Xuddi Oy kechalarni yoritgani kabi u zot ham Robbilaridan qabul qilib olgan haq nuri ila mo‘inlarning hayotini yoritadilar.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam hech qachon o‘z nafslaridan bir gap aytib, “Mana shu shariat ko‘rsatmasi” demaganlar. U zot alayhissalomning barcha aytgan gaplari, qilgan ishlari Alloh tarafidan kelgan vahiy asosida bo‘lgan. Oy kabi o‘zlariga kelgan vahiy nurini atroflariga akslantirar, taratar, yetkazar edilar. Shuning uchun Alloh taolo Qur’oni Karim haqida shak qiluvchilarga raddiya qilib shunday degan:

 وَإِذَا تُتْلَى عَلَيْهِمْ آيَاتُنَا بَيِّنَاتٍ قَالَ الَّذِينَ لاَ يَرْجُونَ لِقَاءنَا ائْتِ بِقُرْآنٍ غَيْرِ هَـذَا أَوْ بَدِّلْهُ قُلْ مَا يَكُونُ لِي أَنْ أُبَدِّلَهُ مِن تِلْقَاء نَفْسِي إِنْ أَتَّبِعُ إِلاَّ مَا يُوحَى إِلَيَّ إِنِّي أَخَافُ إِنْ عَصَيْتُ رَبِّي عَذَابَ يَوْمٍ عَظِيمٍ

«Qachonki, ularga ochiq-oydin oyatlarimiz tilovat qilinganida, Bizga muloqot bo‘lishdan umidi yo‘qlar: «Bundan boshqa Qur’on keltir yoki uni almashtir», dedilar. Sen: «Men o‘zimcha uni almashtira olmayman. Men faqat o‘zimga vahiy qilingan narsaga ergashaman, xolos. Albatta, men Robbimga osiylik qilsam, ulug‘ kunning azobidan qo‘rqaman», deb ayt». (Bu gapni o‘ta ketgan johillargina aytishi mumkin. Ular vahiy nima ekanini bilishni ham xohlamaydilar. Uning kimdan chiqqanini ham, uning insoniyat uchun ahamiyatini ham bilmaydilar. Ya’ni, Qur’onning o‘rniga boshqa narsa keltirib yoki uni almashtirib, Robbimga osiylik qilsam, ulug‘ qiyomat kunining azobiga duchor bo‘lishdan qo‘rqaman. Payg‘ambar bo‘laturib u zot sollallohu alayhi vasallam shunchalik qo‘rqsalar, Qur’on o‘rniga boshqa dastur keltirayotgan va uning oyatlari yoki hukmlarini almashtirayotgan oddiy odamlarni nima desa bo‘lar ekan?!) Yunus surasi, 15-oyat 

 

Abduddoim Kahelning maqolasini

Nozimjon IMINJONOV

tarjima qildi

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Buxoroda Qur’on musobaqasi o‘tkazildi

17.08.2026   38248   1 min.
Buxoroda Qur’on musobaqasi o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida faoliyat olib borayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida Qur’on musobaqasi o‘tkazildi.

Ochilish marosimida Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov so‘zga chiqib, mazkur ma’rifiy tadbirning ahamiyati haqida so‘zlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.

Musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad diniy soha xodimlarining Qur’oni karim bo‘yicha bilim va mahoratini yanada oshirish, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini shakllantirishdir.

Bellashuvda viloyatning tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan 10 nafar imom-xatib va imom-noib ishtirok etib, Qur’oni karimni o‘qish va yoddan bilish borasidagi bilim va mahoratini namoyish etishdi.

Birinchi o‘ringa Peshku tumani “Chiqirchi” jome masjidi imom-noibi Afzal Shavkatov sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Buxoro shahridagi “Volidi Abdulazizxon” jome masjidi imom-noibi Abduvohid Akramovga, uchinchi o‘rin Jondor tumani “Raboto‘g‘lon” jome masjidi imom-xatibi Shuhrat Sherovga nasib etdi.

G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Buxoroda Qur’on musobaqasi o‘tkazildi Buxoroda Qur’on musobaqasi o‘tkazildi Buxoroda Qur’on musobaqasi o‘tkazildi Buxoroda Qur’on musobaqasi o‘tkazildi
Yangiliklar