Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Avgust, 2026   |   27 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:27
Peshin
12:30
Asr
17:25
Shom
19:33
Xufton
21:02
Bismillah
10 Avgust, 2026, 27 Safar, 1448

03.08.2018 y. Ota-onaga ehtirom – vojib

30.07.2018   3211   11 min.
03.08.2018 y. Ota-onaga ehtirom – vojib

بسم الله الرحمن الرحيم

OTA-ONAGA EHTIROM VOJIB

 Muhtaram jamoat! Islom dini insonning to‘g‘ri yo‘ldan adashib ketmasligi uchun har bir ishda o‘z ko‘rsatmalarini berib boradi. Shu jumladan, ota-ona haqlarini farzandlar zimmasiga yuklab, ularga doimo hurmatda bo‘lishga buyuradi. Qur’oni karimning ko‘plab oyati karimalarida ota-onaga yaxshilik qilish, ularning roziliklarini topishga amr qilinadi. Ota-onaga zinhor ozor bermaslik va ularning so‘zlariyu fe’llarini hech malol olmaslikka buyuradi. Bu haqda Alloh taolo Isro surasida shunday marhamat qiladi:

وَقَضَى رَبُّكَ أَلَّا تَعْبُدُوا إِلَّا إِيَّاهُ وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا إِمَّا يَبْلُغَنَّ عِنْدَكَ الْكِبَرَ أَحَدُهُمَا أَوْ كِلَاهُمَا فَلَا تَقُلْ لَهُمَا أُفٍّ وَلَا تَنْهَرْهُمَا وَقُلْ لَهُمَا قَوْلًا كَرِيمًا (سورة الإسراء 23).

ya’ni: “Rabbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsalar, ularga “uf!” dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so‘z ayt” (Isro  surasi, 23‑oyat).

Mazkur oyatda Alloh taolo o‘ziga ibodat qilishga chaqirgan amridan keyinoq ota-onaga yaxshilik qilishni ta’kidlamoqda. Bu hol o‘z navbatida Islomda ota-onaning haqqi qanchalik ulug‘ ekanini bildiradi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham ko‘plab hadisi shariflarida ota-onaga yaxshilik qilish, ularning xizmatlarini qilib, duolarini olishga targ‘ib qilganlar.

عَنِ ابْنِ مَسْعُودٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، قَالَ: قُلْتُ: يَا رَسُولَ اللهِ، أَيُّ الأَعْمَالِ أَفْضَلُ؟ قَالَ: "الصَّلاَةُ لِوَقْتِهَا"، قَالَ: قُلْتُ: ثُمَّ أَيُّ؟ قَالَ: "بِرُّ الْوَالِدَيْنِ" (رَوَاهُ الْإِمَامُ الْبُخَارِيُّ وَالْإِمَامُ مُسْلِمٌ).

ya’ni: “Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: “Amallarning qaysi biri afzal?”, – deb so‘radim. “Vaqtida o‘qilgan namoz”, – dedilar. “Keyin nima?”, – dedim. “Ota-onaga yaxshilik qilish”, – dedilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati ).

Ota-onaga yaxshilik qilgan farzandning umri ziyoda va rizqi mo‘l-ko‘l bo‘lishi haqida Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:        

عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: "مَنْ سَرَّهُ أَنْ يُمَدَّ لَهُ فِى عُمْرِهِ وَيُزَادَ لَهُ فِى رِزْقِهِ فَلْيَبَرَّ وَالِدَيْهِ وَلْيَصِلْ رَحِمَهُ" (رَوَاهُ الْإِمَامُ أحمدُ بْنُ حَنْبَلٍ فِي مُسْنَدِهِ).

ya’ni:Kimni umri uzun va rizqi keng bo‘lishi hursand qilsa, ota-onasiga yaxshilik qilsin va silai rahm qilsin”, – dedilar” (Imom Ahmad “Musnad” kitobida rivoyat qilgan).

Ota-onasiga  yaxshilik qilgan farzandlarga jannat eshiklari ochilishi haqida quyidagi hadis kelgan:

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: "مَا مِنْ مُسْلِمٍ لَهُ أَبَوَانِ، فَيُصْبِحُ وَهُوَ مُحْسِنٌ إِلَيْهِمَا إِلَّا فُتِحَ لَهُ بَابَانِ مِنَ الْجَنَّةِ (رَوَاهُ الْإِمَامُ أَبُو دَاوُدَ وَالْإِمَامُ ابْنُ مَاجَهْ).

ya’ni: Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi bir musulmonning ota-onasi bo‘lsa, ularga yaxshilik qilib tong ottirgan bo‘lsa, Alloh taolo unga jannatning ikki eshigini ochadi”, – deganlar (Imom Abu Dovud va Imom Ibn Moja rivoyat qilganlar).

         Alloh taolo o‘zining roziligi va g‘azabini ota-onaning roziligi va g‘azabiga bog‘lab qo‘ydi:

         عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا عَنْ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ : رَضَى الرَّبِّ فِي رِضَى الْوَالِدِ وَسَخَطُ الرَّبِّ فِي سَخَطِ الْوَالِدِ (رَوَاهُ الْإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ)

ya’ni: Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Rabbning roziligi  ota (ona)ning roziligida, Rabbning g‘azabi ota (ona)ning g‘azabidadir” (Imom Termiziy rivoyat qilgan).

         Suyukli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ota-onadan yetim qolgan bo‘lsalar ham, emizgan onalariga nisbatan yuksak hurmat namunalarini ko‘rsatganlar. Ibn Sa’dning “Tabaqot” kitobida yozilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Xadicha onamizga uylanib, Makkada yashab turganlarida yonlariga Halimai Sa’diya kelib: “Qahatchilik tufayli hayot kechirish juda ham qiyinlashib ketdi, qurg‘oqchilikdan hayvonlar qirilib ketmoqda” – deb aytadilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xadicha onamiz bilan maslahatlashib qirqta qo‘y va bitta tuya beradilar.

         Hatto bir kuni Halimai Sa’diya Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yonlariga kelganida o‘rinlaridan turib:“Onajon!, onajon!”, – deb hurmat va muhabbat ko‘rsatganlari, ridolarini yerga solib unga o‘tqazganlari ham naql qilingan. Halimai Sa’diya roziyallohu anho Madinadagi Baqi’ qabristoniga dafn qilingan.

Muhtaram ota-onalar farzandlari kamoli, ularning chin inson bo‘lib ulg‘ayishlari, ta’lim-tarbiya olishlari, kasbu hunar o‘rganishlari yo‘lida jonlarini, mollarini, kuch-g‘ayratlarini safarbar etishadi. Farzandga kelgan balo-qazolarga ko‘ksilarini qalqon qilishadi. Ammo ayrim yoshlarimiz ota-onalariga qo‘pol muomalada bo‘lib, dillarini ranjitib, o‘zining yomon xulqi bilan el orasida ota-onasini sharmanda qiladigan, keksaygan chog‘larida e’zozlab parvarishlash o‘rniga, qarovsiz tashlab qo‘yadigan yoki qariyalar uyiga jo‘natadigan nobakor farzandlar ham uchrab turishi sir emas. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ عَنْ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: "بِرُّوا آباَئَكُمْ تَبَرُّكُمْ اَبْنَائُكُمْ وَعِفُّوا تَعِفُّ نِسَاءُكَمْ" (رَوَاهُ الْإِمَامُ الْحَاكِمُ)

ya’ni: “Ota (ona)laringizni hurmatlab, ularga yaxshilik qilinglar, farzandlaringiz ham sizlarga yaxshilik qilishadi. Iffatli bo‘linglar, shunda ayollaringiz ham iffatli bo‘lishadi” (Imom Hokim rivoyati).

Dono xalqimizda “Nimani eksang, shuni o‘rasan”, “Ota rozi – Xudo rozi” kabi ajoyib hikmatlar bor. Har bir erkak va ayol bu hikmatlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, o‘zini o‘nglashi, xato qilgan bo‘lsa, darrov ota-onalaridan uzr so‘rab, ular ko‘nglini topishi, dillaridan ozorni ketkazish payida bo‘lishi darkor!

قَالَ أَبُو مُوسَى الْأَشْعَرِيُّ رضي الله عنه شَهِدَ اِبْنُ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا رَجُلاً يَماَنِيًّا يَطُوفُ بِالْبَيْتِ حَمَلَ أُمَّهُ وَرَاءَ ظَهْرِهِ يَقُولُ: إِنّي لَهَا بَعِيْرُهَا الْمُذَلَّلُ ... إِنْ أَذْعَرَتْ رِكَابُهَا لَمْ أُذْعِرْ ثُمَّ قَالَ: يَا ابْنَ عُمَرَ أَتَرَانِيْ جَزَيْتُهَا قَالَ: "لَا، وَلَا بِزَفْرَةٍ وَاحِدَةٍ" (رَوَاهُ الْإِمَامُ الْبُخَارِيُّ).

ya’ni: Abu Muso al-Ash’ariy roziyallohu anhu aytadilar: “Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo bir Yamanlik kishi o‘z onasini yelkasiga ko‘targan holda Ka’batullohni tavof ettirib yurganini ko‘rdilar. U odam tinmay quyidagi baytni aytar edi:

Onai zorim uchun bo‘ynini eggan tuyaman,

Tuya mingan onam horisa, men horimasman.

Bu baytni o‘qir ekan haligi kishi Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumoga qarab: “Ey Abdulloh,  mana shu xizmatim bilan onamning haqqini ado qila oldimmi?”, – deb so‘radi. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo: “Yo‘q! bu xizmating onangning sen tufayli bitta oh tortganiga ham teng kelmaydi”, – dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Tobeinlardan biri Muhammad ibn Munkadir rahmatullohi alayhi har kuni onalarining oyoqlari ostiga yotar va: “Ey, onajon, yuzimni oyoqlaringiz bilan bosib o‘ting va mening yuzlarimni do‘zaxdan qutqaring”, – der ekan.

Ota-ona vafotlaridan keyin ham farzandlar o‘z zimmalaridagi vazifalarini ado etishlari lozim.

عَنْ أَبِيْ أُسَيْدِ السَاعِدِي رضي الله عنه قَالَ: بَيْنَمَا نَحْنُ عِنْدَ رَسُولِ اللهِ صلى الله عليه وسلم إِذْ جَاءَهُ رَجُلٌ مِنْ بَنِي سَلَمَةَ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ: هَلْ بَقِيَ عَلَيَّ مِنْ بِرِّ أَبَوَيَّ شَيْءٌ أَبَرُّهُمَا بِهِ بَعْدَ مَوْتِهِمَا؟ قَالَ: "نَعَمْ، الصَّلَاةُ عَلَيْهِمَا، وَالْاِسْتِغْفَارُ لَهُمَا، وَإِنْفَاذُ عَهْدِهِمَا مِنْ بَعْدِهِمَا، وَصِلَةُ الرَّحْمِ الَّتِي لاَ تُوْصَلُ إِلَّا بِهِمَا، وَإِكْرَامُ صَدِيْقِهِمَا" (رَوَاهُ الْإمَامُ أَبُو دَاوُدَ).

ya’ni: Abu Usayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurlarida edik. Bir kishi: “Ey Allohning Rasuli, men uchun ota-onam dunyodan o‘tganidan keyin ham qiladigan yaxshilik qoldimi?”, – deb so‘radi. Ha, ularning haqlariga duo qilish, istig‘for aytish, ahdlarini bajarish, ota-ona orqali qarindosh bo‘lganlarga silai rahm qilish va  do‘stlarini hurmat qilish, – dedilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).

         Ibn Umar roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam ota-onaning do‘stlik aloqalarini saqlash to‘g‘risida shunday deganlarini rivoyat qiladi:

اِحْفَظْ وُدَّ أَبِيكَ ، لَا تَقْطَعْهُ ، فَيُطْفِىءَ اللهُ نُورَكَ (أَخْرَجَهُ  الْإِمَامُ الْبُخَارِيُّ فِي الْأَدَبِ الْمُفْرَدِ)

Otangning do‘stlik aloqalarini saqla, uni uzib qo‘yma, aks holda Alloh nuringni o‘chirib qo‘yadi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Imom Ahmad ibn Hanbal rohimahulloh: “Ota-onaga yaxshilik qilish gunohi kabiralar uchun kafforatdir”, – deganlar.

Ota-onasi vafot etganlaridan keyin ham yaxshilik qilishni istagan farzandlar ota-onalari nomidan xayru sadaqa va ehsonlar qilsinlar. Qilgan sadaqalari savobini ota-onalariga bag‘ishlasalar, manfaati ularga yetadi. Ota-onadan so‘ng ularning qarindoshlariga yaxshilik qilgan farzand xuddi ota-onasiga yaxshilik qilgan bilan barobar bo‘lib, umriga ham baraka beriladi. Ota-ona vafotlaridan keyin ularning do‘st va dugonalariga farzand yaxshilik qilsa, xuddi ota-onasiga yaxshilik qilgandek bo‘ladi.

 Farzand ota-onaning roziligini olish uchun quyidagi amallarni bajarishi tavsiya etiladi.

  • Avvalo, barcha ishlarda ota-onadan maslahat olish;
  • Ota-onaning nasihatlarini jonu dil bilan qabul qilish;
  • Gaplashganda muloyim, yoqimli so‘zlar bilan muomala qilish;
  • Biror xizmat buyursalar, “labbay”, deb uni bajarish;
  • O‘ziga xush ko‘rgan narsalarni ularga ham ravo ko‘rish;
  • Ularning oldida baland ovozda gapirmaslik;
  • Ularga “uf” yoki “uh” demaslik;
  • Ota-onadan oldin taomga qo‘l uzatmaslik;
  • Ota-ona kirib kelganda o‘rnidan turish;
  • Ota-ona huzurida oyoqlarini cho‘zmaslik, yonboshlamaslik;
  • Ulardan yuqorida o‘tirmaslik;
  • Ota-ona dam olayotganda ularni bezovta qilmaslik, oldilariga ruxsatsiz kirmaslik;
  • Ota-onaning ko‘ngillarini topib, roziligini olish;
  • Ota-onaning oziq-ovqati, kiyim-kechagi va sog‘lig‘idan o‘z vaqtida xabar olish;
  • Duo qilganda ota-onasining haqlariga alohida duo qilish.

Alloh taolo ota-onalarimizni O‘zining hifzu himoyasida saqlab, xalq tinchligi va farovonligini tilab qilayotgan duolarini mustajob aylasin, farzandlarimizga insof va tavfiq berib, ota-onalarini e’zozlaydigan, ularga hurmat-e’tibor ko‘rsatadigan solih insonlardan qilsin! Omin.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Uthaym” gazetasi: Madaniy merosni asrash Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim yo‘nalishiga aylangan

10.08.2026   21207   2 min.
“Uthaym” gazetasi: Madaniy merosni asrash Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim yo‘nalishiga aylangan

Shri-Lankaning “Uthaym” nashrida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, uni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Materialda Yangi O‘zbekistonda milliy qadriyatlarni tiklash, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, ilm-fan va ma’rifatni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar yuksak baholangan.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy sohani tubdan takomillashtirish, xalqning ko‘p asrlik boy ilmiy-madaniy merosini o‘rganish hamda uni jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Mamlakatda tarixiy obidalarni restavratsiya qilish, muzeylar va arxivlar faoliyatini modernizatsiya qilish, qo‘lyozmalarni asrab-avaylash va raqamlashtirish, milliy madaniy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etilgan.

Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan Uchinchi Renessans g‘oyasi mamlakat taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishi sifatida alohida e’tirof etilgan. Muallif fikricha, mazkur g‘oya nafaqat tarixiy merosni asrab-avaylash, balki ilm-fan, ta’lim, madaniyat va innovatsiyalarni uyg‘un rivojlantirish orqali mamlakatning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Uchinchi Renessans konsepsiyasi O‘zbekistonning buyuk ilmiy an’analarini qayta tiklash, yosh avlodni bilimli va vatanparvar etib tarbiyalash hamda mamlakatning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga qaratilgan umummilliy dastur sifatida baholanmoqda.

Gazetaning yozishicha, O‘zbekistonda kechayotgan o‘zgarishlar faqat madaniy sohadagi islohotlar bilan cheklanmaydi. Ular mamlakatning ilmiy, ma’naviy va intellektual taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyaning ajralmas qismi hisoblanadi. Ilmiy muassasalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, tarixiy manbalarni tadqiq etish, madaniy merosni muhofaza qilish va zamonaviy ta’lim tizimini rivojlantirish kabi yo‘nalishlar yagona maqsad — Yangi O‘zbekistonning mustahkam ma’naviy poydevorini yaratishga xizmat qilayotgani alohida qayd etilgan.

Maqolada Toshkent shahrida barpo etilgan O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga keng o‘rin ajratilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va g‘oyasi asosida barpo etilgan mazkur betakror majmua O‘zbekistonning madaniy va ilmiy siyosatidagi eng muhim istiqbolli loyihalardan biri bo‘ldi. Markazda VII asrga oid noyob Usmon Mus'hafi saqlanayotgani uning tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi.

Shu bilan birga, bu yerda qo‘lyozmalarni ilmiy o‘rganish, restavratsiya qilish, arxiv materiallarini tizimlashtirish va zamonaviy texnologiyalar asosida raqamlashtirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

Gazetada O‘zbekistonning YUNЕSKO va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan madaniy merosni muhofaza qilish sohasidagi hamkorligi, tarixiy obidalarni asrab-avaylash, ularni xalqaro turizm va ilmiy tadqiqotlar bilan uyg‘un rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlari haqida so‘z yuritilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari