Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Iyul, 2025   |   12 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:14
Quyosh
04:57
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:38
Bismillah
07 Iyul, 2025, 12 Muharram, 1447

30 iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni

30.07.2018   6504   3 min.
30 iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni
O‘zbekistonda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar oqibatlariga qarab o‘n ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanishiga olib kelishi mumkin.
 
Xalqaro mehnat tashkilotining hisob kitoblariga ko‘ra butun dunyoda 21 million kishi majburiy mehnatning jabrlanuvchilari hisoblanadi.
 
Dunyodagi barcha mamlakatlar odam savdosidan jabrlanishadi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, odam savdosi qurbonlarining 71 foizini ayollar va bolalar tashkil etadi. 
 
2010 yil 30 iyulda BMTning Bosh Assambleyasi 64/293-rezolyutsiyasi bilan Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha BMTning Global harakat dasturini qabul qilingan. Mazkur harakat dasturida ushbu jinoyatning oldini olish, jabrdiydalarning himoyasi, jinoyatchilarni ta’qib etish va barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.
 
2013 yilda esa 30 iyul BMT tomonidan Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni deb e’lon qilindi.
 
O‘zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida 2008 yil 17 aprelda “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan.
 
Qonunga muvofiq, odam savdosiga qarshi kurashish – odam savdosining oldini olish, uni aniqlash, unga chek qo‘yish, uning oqibatlarini minimallashtirish, odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni o‘z ichiga oladi.
 
Quyidagilar odam savdosiga qarshi kurashish faoliyatini amalga oshiruvchi davlat organlari hisoblanadi:
 
• Ichki ishlar vazirligi;
 
• Davlat xavfsizlik xizmati;
 
• Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari;
 
• Sog‘liqni saqlash vazirligi.
 
Odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish va ularni himoya qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatuvchi va ularni himoya qiluvchi ixtisoslashtirilgan muassasalar tashkil etiladi.
 
Ixtisoslashtirilgan muassasalarning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
 
• odam savdosidan jabrlanganlarga qulay yashash va shaxsiy gigiyena sharoitlarini ta’minlash;
 
• odam savdosidan jabrlanganlarni oziq-ovqat, dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash;
 
• odam savdosidan jabrlanganlarga shoshilinch tibbiy, psixologik, ijtimoiy, yuridik va boshqa xil yordam berish;
 
• odam savdosidan jabrlanganlarning xavfsizligini muhofaza qilish;
 
• odam savdosidan jabrlanganlarning qarindoshlari bilan aloqa o‘rnatilishiga ko‘maklashish;
 
• odam savdosidan jabrlanganlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari haqida axborot berish;
 
• odam savdosidan jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilishga ko‘maklashish.
 
Jinoyat kodeksiga asosan, odam savdosi, ya’ni odamni olish-sotish yoxud odamni undan foydalanish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish jinoyati jinoyatning ko‘lami, jabrlanuvchilar shaxsi, oqibatlariga qarab o‘n ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanishiga olib kelishi mumkin.
 
Manba: Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali.
 

 

O‘zA
HORIJDAGI YURTDOSHIM
Boshqa maqolalar

Baxtli insonning 4 belgisi

02.07.2025   5617   3 min.
Baxtli insonning 4 belgisi

Bir kuni Fath ibn Xoqon xalifa Mutavakkilning huzuriga kirdi. Xalifa jim o‘tarar va bir narsa haqida chuqur o‘ylardi. Fath bu jimlikni buzib: “Nimalar haqida o‘ylayapsiz, ey mo‘minlar amiri?” – deya so‘radi. Xalifa: “Men yer yuzida turmushi eng farovon kishi kim ekan?” deb o‘ylayotgan edim”, dedi. Fath bo‘lsa: “Dunyoda eng faravon hayot kechirayotgan kishi siz-da! Allohga qasamki, u – sizsiz!” – dedi. Xalifa: “Yo‘q! Men emas. Keng hovlisi, soliha ayoli, qobil farzandlari va yetarli rizqi bo‘lgan kishi – hayoti eng faravon odamdir”, dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham: “To‘rt narsa baxtning belgisidir: soliha ayol, keng turar-joy, solih qo‘shni, yaxshi ulov. To‘rt narsa esa badbaxtlik belgisidir – yomon xotin, yomon qo‘shni, chatoq ulov, tor xonadon”, deganlar.

Ba’zilar baxtni mashhurlikda, molu davlatga ega bo‘lishda deb biladilar. Bu dunyoda Allohning muxlis bandalarigina his qiladigan saodat ta’mini totish baxtiga musharraf bo‘lmagan holda yashab o‘tadilar.

Oriflardan biri: “Podshohlar bizda qandayin baxt borligini bilganlarida edi, unga yetishish uchun bizga qarshi qilich ko‘tarib jang qilishardi”, deydi.

G‘alaba bilan saodat orasida katta farq bor. G‘alaba bu – o‘zingiz istab turganning ustidan zafar qozonish bo‘lsa, nening ustidan g‘olib bo‘lsangiz, u sizning xohishingizga mansub bo‘lmog‘i chin saodatdir.

Oskar Uayld[1]ning shunday gapi bor: “Baxt faqatgina unga bir nechta kishilar bilan birga yetishsang haqiqiy bo‘ladi. Og‘riq, azob ham faqatgina bir o‘zingning boshing­ga tushsa alamli bo‘ladi. Saodat – boshqa kishilarni baxtli qilishdir”. 

 Olmon fizigi Maks Plank: “Saodatni muhofaza qilish uchun uni boshqalar bilan bo‘lishishing kerak”, degan.

 G‘arb mutafakkirlaridan yana biri: “Tajribamdan o‘tgan narsa shuki, eng buyuk baxt – yaxshilikni yashirincha qilganimdan keyin kutilmaganda bu yaxshiligim odamlar qulog‘iga yetib borishini ko‘rishim”, degan edi.

 Ingliz yozuvchisi Uilyam Somerset Moem[2]: “Biz ulg‘a­yib borarkanmiz saodat – olishda deb o‘ylardik, keyinchalik bildikki, baxt – berishda ekan”, deydi.

 Baxt – boshqalarga tortiq qilish va yaxshi ishlarni amalga oshirishda mujassam. Baxt birovdan narsa olish va o‘zganing qo‘liga qarashda emas.


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  To‘liq ismi: Oskar Fingal O’Flaerti Uills Uayld. 1854 yilda Dublin shahrida tug‘ilgan. Shoir, dramaturg, ssenarist. 1900 yil 30 noyabrda 46 yoshida  Parijda vafot etgan.
[2]  1874 yil 25 yanvarda Fransiyada tug‘ilgan. 1965 yil16 dekabrda  Nitssa shahrida vafot etgan. 1897 yilda chop etilgan  “Lambetlik  Liza” romani bilan mashhur bo‘lgan.