Islomda farzandlarning huquqlari rioya qilingan bo‘lib, bular ularning ota-onalari yoki yaqin qarindoshlari, yashayotgan jamiyatlariga vazifa qilib yuklatilgandir. Bu haqlarni ado etish vojib bo‘lib, unga amal qilmoqlik majburiydir.
Farzandlarning qanday huquqlari bor? Ulamolarimiz bu savolga javob tarzda, jumladan, quyidagilarni zikr qiladilar:

Nikohning asl maqsadlaridan biri ham naslu nasabni saqlashdir. Busiz oila ham, jamiyat ham bo‘lmaydi. Farzandning ota-onasi nikohdan o‘tgan, halol-pok yashagandagina, nasabi aniq va pok bo‘ladi.

Islom bola haqida u hali dunyoga kelmasdan ancha oldin, oila qurishga tayyorgarlik ko‘rilayotgan paytdan boshlab qayg‘ura boshlaydi.
«Talxis» nomli kitobda Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Sizlar o‘z nutfangizga munosib jufti halolni ixtiyor qilinglar. O‘zingizga munosiblarga nikohlaning va ularga nikohlab bering».
Ibn Moja va Dora Qutniy rivoyat qilgan.
Oila qurilar ekan, ota-onaning dindorligi, axloqi, odobiga, insoniyligiga alohida e’tibor beriladi. Sababi ulardagi xislat, fazilatlar ham, yomon odatlar ham bolaga ko‘chishi – isbot talab etilmaydigan haqiqatdir.
3. Emizish.

Tug‘ilgan farzand, avvalo, emizishga muhtoj. Bu esa onasining vazifasi. Shar’iy uzr sababli ona emiza olmasa, emizuvchi topish va uni rozi qilish otaning ishi hisoblanadi. Alloh taolo «Baqara» surasida: «Kim emizishni batamom qilishni iroda qilsa, onalar farzandlarni to‘liq ikki yil emizurlar», degan (233 — oyat).
Go‘dakning haqlaridan biri va onalarning eng mo‘tabar vazifasi farzandni ikki yil emizishdir. Yangi tug‘ilgan go‘dak jismi va ruhining o‘sishiga onasining sutidan afzal ozuqa yo‘q. Bolaning suyagi onaning suti bilan shakllanadi, shuningdek, uning boshqa taraflari, ruhiy rovojlanishiga ham ona suti zarur ozuqa hisoblanadi. Ushbu ozuqaning muddati to‘liq ikki yil bo‘lishi kerak. Bu qur’oniy haqiqatni adashgan insoniyat ming to‘rt yuz yildan keyin tushunib etdi. Hozirgi paytda ilmiy tekshirishlardan so‘ng go‘dak bola uchun eng yaxshi ozuqa onaning suti va uni to‘liq ikki yil emizish kerak, degan gapni aytishmoqda.
Tarixdan ma’lumki, dunyoga dovrug‘ solgan aksari buyuk allomalarga, fozilu ulamolarga bolalik paytida otalari harom kasb bilan topilgan biror luqma ham taom edirmagan, onalari ularni betahorat emizishmagan.
Ota-onaning vazifalaridan biri farzandga ma’nodor, chiroyli ism qo‘yishdir.
Husayn ibn Hasan Marvaziy o‘zining «Kitobul birri vas silati»sida Abul Mo‘tamirdan keltirgan rivoyatda:
«Umar ibn Abdulazizning huzurida masalalarni eslashdi. Bas, bir kishi:
«Menga etib kelgan xabarga qaraganda, tug‘ilgan bolaga ism qo‘ymay turib o‘lgan bo‘lsa, qiyomat kuni otasiga, meni ismsiz tark qilding-ku!» deydi», dedi.
Shuning uchun har bir musulmon ota-ona bu muhim ishga alohida e’tibor ila yondashmog‘i lozimdir. Farzand katta bo‘lib, oq-qorani taniganda o‘z ismidan uyaladigan bo‘lmasin. Balki ismi unga ziynat bo‘lib tursin.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam, ismlarning yaxshisi, bandalik va hamdni bildiruvchisidir, deganlar. Shuning uchun, Alloh taologa bandalik ma’nosini anglatuvchi, Abdulloh, Abdurrohman, Abdussattor va Alloh taologa hamd ma’nosini anglatuvchi, Hamidulloh kabi ismlar yaxshi ismlar hisoblanadi.
Shuningdek, Payg‘ambarlarning, sahobalarning va salafi solihlarimizning ismlari yaxshi ismlari hisoblanadi.
Qizlarga ham o‘tgan ahli iymon momolarimiz, sahobiya ayollar va ezgulik ma’nosini anglatuvchi ismlar qo‘ymoq kerak.

«Aqiqa» lug‘atda yordi ma’nosini anglatib, aslida yangi tug‘ilgan bolaning sochiga aytiladi.
Shariat ta’limotlariga muvofiq tug‘ilishning ettinchi kuni bolaning sochini olib, o‘sha soch og‘irligida kumush sadaqa qilmoq tavsiya qilinadi.
Ana o‘sha soch boshdan ajratib olingani uchun «aqiqa» deyiladi.
O‘sha munosabat ila so‘yiladigan qo‘y ham «aqiqa» deyiladi.
Iste’molda shu ma’noda ko‘p ishlatilgani uchun «aqiqa» deganda faqat yangi farzand tug‘ilishi munosabati ila so‘yiladigan qo‘y anglanadigan bo‘lib qolgan.
Salmon ibn Omir az-Zobbiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «G‘ulom ila aqiyqa bordir. Bas, uning uchun qon chiqaring va undagi nopoklikni ketkazing», – dedilar».
Beshovlaridan faqat Muslim rivoyat qilmagan. Hadisdagi bu jumlani, yangi tug‘ilgan bolaning aqiqasi o‘zi bilan, deb tushuniladi. Ya’ni har bir yangi tug‘ilgan bolaga aqiqa lozim, deganidir.
«Bas, uning uchun qon chiqaring».
Ya’ni yangi farzand tug‘ilgani sharafiga so‘yish so‘ying. Bu munosabat ila qon chiqarish qandoq bo‘lishini kelasi hadisi shariflar bayon qiladi.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Hasan va Husayn roziyallohu anhumolarga bittadan qo‘chqor so‘yib aqiqa qildilar».
Sunan egalari rivoyat qilgan.

Rofe’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Fotima roziyallohu anhoning tuqqan bolasi Hasan ibn Alining qulog‘iga azon aytayotganlarini ko‘rdim».
Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan.
Ushbu hadisi sharifga binoan yangi tug‘ilgan farzandning o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga iqoma aytmoq mandubdir. Allohning zikri yangi tug‘ilgan bolaning qulog‘iga kirgan birinchi narsa bo‘lishi qandoq ham yaxshi. Albatta, bu ulug‘ narsaning o‘ziga yarasha barakasi bo‘ladi.
Rivoyatlardan birida:
«Kimning bolasi tug‘ilsa-yu, uning o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga iqoma aytsa, unga Ummu Sibyon zarar etkaza olmas», deyilgan.
Ummu Sibyon bolalarga ziyon etkazadigan jin toifasidir.

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
«Mening o‘g‘lim tug‘ilganda uni Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib bordim. U Zot uni Ibrohim, deb nomladilar, xurmo ila tanglayini ko‘tardilar va unga baraka tilab duo qilib, menga tutqazdilar. U bolalarimning kattasi edi».
Ikki shayx rivoyat qilgan.
Ko‘pchilik sahobalar o‘zlarining yangi tug‘ilgan farzandlarini Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib borar edilar. U Zot alayhissalom yosh bolalarni ko‘rsalar, juda xursand bo‘lar edilar. Yangi tug‘ilganlarga Abu Muso roziyallohu anhuning o‘g‘liga qilgan munosabatni qilar edilar.
Ana shu ishga taqlid qilib yangi tug‘ilgan farzandni ahli solih kishilar huzuriga olib borish musulmonlar ichida doimiy odatga aylangan.
«U Zot uni Ibrohim, deb nomladilar»
Demak, ahli fazl, olim va muqtado kishilar tomonidan yangi tug‘ilgan farzandlarga ism tanlanishi ham yaxshi ish. Chunki undoq kishilar bunga o‘xshash ishlarga bog‘liq masalalarni, shar’iy hukmlarni yaxshi biladilar va to‘g‘ri tasarruf qiladilar.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Abu Muso roziyallohu anhuning o‘g‘illariga Ibrohim nomini qo‘yganlari ham buning bir misoli.
«xurmo ila tanglayini ko‘tardilar»
Yosh bolaning tanglayini ko‘tarish, katta odam bir narsani oldin o‘zi chaynab turib bolaning og‘ziga qo‘li bilan solib qo‘yishidir. Bu narsa meva bo‘lgani afzaldir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam, deyarli, doimo bolalarning tanglayini xurmo bilan ko‘targanlar. Bu ham yaxshi niyat alomatidir. Ahli solih, fazilatli kishilarning bu ishni qilishlari marg‘ubdir.
«va unga baraka tilab duo qilib, menga tutqazdilar»
Bu ish eng marg‘ub ishdir. Ahli solih, duogo‘y kishilarning yangi tug‘ilgan bolalar uchun duo qilishlari, ayniqsa, baraka tilab duo qilishlari juda ham yaxshi ishdir. Barcha ota-onalar bunga katta e’tibor bermoqlari kerak.

Bola etti yoshga kirguncha birovning himoyasiga muhtoj. Ya’ni doimo ovqatlanish, kiyinish, yuvinish va boshqa holatlarda kattalarning yordamiga muhtoj. Bu ishlarni uning ota-onasi, ular bo‘lmasa yaqin qarindoshlari amalga oshirishlari vojibdir.
Yetti yoshdan balog‘at yoshiga etguncha bo‘lgan bolalar valiyga, o‘zidan katta rahbarga muhtojdirlar. Bu ham ota-ona bo‘lmasa, yaqin qarindoshlariga yuklatiladi.
Bolalarning nafaqasi. Ularni oziq-ovqat, kiyim kechak, turar-joy bilan ta’min etish otaning burchidir. Bu narsalar halol pok bo‘lishi matlubdir.
Faqir yosh bolaning naqafasi otasiga vojib bo‘ladi.
Bu hukmning dalili. Alloh taolo «Baqara» surasida:
«U(ona)larni yaxshilab edirib, kiyintirish otaning zimmasidadir», degan(233-oyat).
Bolaning sababidan onaga nafaqa berish vojib bo‘lganidan keyin bolaning o‘ziga nafaqa berish vojib bo‘lishida hech shubha qolmaydi.
Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Hind binti Utba: «Yey Allohning Rasuli, Abu Sufyon – o‘ta baxil odam, menga va bolamga kifoya qiladigan narsani bermaydi. Magar unga bildirmay olsamgina bo‘lur», dedi. «O‘zingga va bolangga etarlisini to‘g‘rilikcha ol», dedilar u Zot. Ikki Shayx rivoyat qilishgan. Unga bu ishda xuddi ota-onasi va xotinining nafaqasidagi kabi biror kishi sherik bo‘lmaydi. Ya’ni bolaning nafaqsi faqat otaga, ota-onaning nafaqasi faqat o‘g‘ilga va xotinning nafaqasi faqat erga vojib bo‘ladi. Unga bu nafaqada hech kim sherik bo‘lmaydi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z huzurlarida al-Aqra’ ibn Hobis Taymiy o‘tirganda Hasan ibn Alini o‘ptilar. Shunda u: «Mening o‘nta bolam bor. Ulardan birortasini o‘pganim yo‘q», dedi. Bas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga nazar soldilar va: «Rahim qilmaganga rahim qilinmas», dedilar». Buxoriy, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘ta bolajon Zot edilar. U Zot bolalar ichida o‘z nabiralari imom Hasan va imom Husaynlarni juda ham yaxshi ko‘rar va ularga mehibonlik ko‘rsatar edilar. Ushbu rivoyatda u Zot sollallohu alayhi vasallamning imom Hasan roziyallohu anhuga ko‘rsatgan mehrlari, sahobalardan birlarining bunga bo‘lgan munosabatlari va bu munosabatni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan baholanishi haqida so‘z ketmoqda. Usoma ibn Zayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni olib sonlariga o‘tqazar edilar. Hasanni esa boshqa sonlariga o‘tqazar edilar. So‘ngra sonlarini bir-biriga qo‘shib turib: «Yey Allohim! Ikkisini rahim qilgin, men ularga rahim qilurman», der edilar». Buxoriy rivoyat qilgan. Oysha roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir a’robiy Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi va: «Sizlar bolalarni o‘pasizlarmi? Biz ularni o‘pmaymiz», dedi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh qalbingdan rahmatni sug‘urib olgan bo‘lsa, men nima ham qila olar edim», dedilar». Ikki shayx rivoyat qilgan. Qizlarga alohida hurmat va mehr bilan munosabatda bo‘lish haqida Rasulullohning ko‘rsatmalari ham bor. Sababi qizlar mehrga muhtoj, o‘zlari ojiza bo‘lishadi. Shu bois ular tarbiyasida ko‘proq e’tibor va mehr, ehtiyotkorlik zarur bo‘ladi.

Ko‘rinib turibdiki, oilada farzandlarning alohida huquqlari bo‘lib, unga amal qilish shart etib qo‘yilmoqda. Shu o‘rinda oila rahbari zimmasiga katta mas’uliyat yuklatilishini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Ma’lumki, o‘z farzandlarining, ahli-ayolining axloqi, xulq-atvori, yurish-turishi uchun oila boshlig‘i mas’uldir.
Alloh taolo «Tahrim» surasida: «Yey, iymon keltirganlar, o‘zingizni va ahli ayolingizni yoqilg‘isi odamlar va toshlardan bo‘lgan o‘tdan qo‘rqiting. Uning tepasida qo‘pol, darg‘azab farishtalar bo‘lib, ular Allohning amriga isyon qilmaydilar va nima buyurilsa shuni bajaradilar»,degan (6-oyat). Ahli ayolini, farzandlarini dindor qilib tarbiyalash oila boshlig‘ining Allohning oldidagi burchi ekanligiga yuqoridagi oyati Karima yorqin dalildir. Odamlar orasida o‘zingni bil, o‘zgani qo‘y, degan noma’qul gap yuradi. Lekin shariat bo‘yicha er xotin uchun, ota bolalar uchun mas’uldir. Qiyomatda Allohning huzurida javob beradi.Ushbu oyat ma’nosida hadisi shariflar ham bor. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Yosh bolani etti yoshida namoz o‘qishga buyuring, o‘n yoshga etganda ham o‘qimasa, uring», deganlar.
Hazrati Umar yuqorida zikr qilingan oyati Karima nozil bo‘lgandan so‘ng:
«Yey Rasululloh! O‘z nafsimizni-ku saqlaymiz, ahlimizni qanday saqlaymiz?» deb so‘ragan ekanlar. Shunda Payg‘ambar alayhissalom: «Alloh sizlarni nimadan qaytargan bo‘lsa, ularni ham qaytarasizlar. Alloh sizlarni nimaga buyursa, ularni ham buyurasizlar», deb javob bergan ekanlar. Hazrati Ali: «O‘zingizga va ahlingizga yaxshilikni ta’lim beringlar va ularni odobli qilinglar», deb aytganlar.
Demak, har birimiz o‘g‘il-qizimizni, oila a’zolarimizning barchalarini dinga da’vat qilishimiz, diniy ahkomlarni doimo bajarishlarini qat’iyat bilan talab qilib, iymon-ye’tiqodi, odob-axloqi va boshqa jihatlarini tarbiyasiga ahamiyat berib turishimiz kerak. Ushbu rivoyatdan olinadigan foydalar:
Lutfulloh JAMALOV
“Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi
Tadbirda diniy-ma’rifiy soha olimlari va ulamolar, ustozlar, bitiruvchilar, ularning ota-onalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Kamilov, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori, taniqli olim Uyg‘un domla G‘afurov hamda boshqalar yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy islohotlar xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak baholanayotganini ta’kidladi.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda diniy ta’lim tizimi yangi bosqichga ko‘tarilgani, keyingi yillarda mazkur sohada misli ko‘rilmagan natijalarga erishilgani alohida e’tirof etildi.
Xususan, so‘nggi yillarda uchta oliy va bitta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi tashkil etildi. 500 yillik tarixga ega Mir Arab oliy madrasasining tarixiy maqomi tiklandi. Samarqand shahrida Hadis ilmi maktabi, Surxondaryo viloyatida Imom Termiziy nomidagi islom instituti hamda shu nomdagi o‘rta maxsus ta’lim muassasasi o‘z faoliyatini boshladi. Shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband nomidagi to‘rtta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi.

Ta’kidlanganidek, Toshkent islom institutining 55 yillik tarixida ilk bor 2024 yildan magistratura bosqichi yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda institutda «Teologiya (Islom ilohiyoti, falsafasi va moturidiylik ta’limoti)» hamda «Teologiya (Hadis ilmlari)» mutaxassisliklari bo‘yicha magistrantlar tahsil olmoqda. Kelgusida esa doktorantura bosqichini ham tashkil etish rejalashtirilgan.
Institutning ilk 10 nafar magistranti o‘qish davomida ilmiy faoliyatda faol qatnashib, dissertatsiya mavzulari doirasida jami 52 ta ilmiy maqola va tezis nashr ettirdi. Ular aqida, tafsir, fiqh va hadis ilmlariga oid nufuzli manbalardan 53 ta ijozaga sazovor bo‘lishdi.

Shuningdek, magistrantlar mahalliy va xalqaro ilmiy anjumanlarda faol ishtirok etib, mamlakatimizda diniy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilishdi.
Ular O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ilmiy amaliyot o‘tab, tadqiqot metodologiyasi, manbashunoslik va noyob qo‘lyozmalar bilan ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini yanada mustahkamladi.

Marosimda bitiruvchilarning zamonaviy fanlar sohasida ham salmoqli yutuqlarga erishgani qayd etildi. Jumladan, bir nafar magistr Bahrayndagi Islom moliya muassasalari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkilotining (AAOIFI) xalqaro malaka sertifikati (CPSS) sohibi bo‘lgan bo‘lsa, yana bir bitiruvchi 3D modellashtirish va animatsiya sohasida malakali mutaxassis sifatida e’tirof etildi.
Shuningdek, bitiruvchi magistrlarning turli ma’rifiy muassasalar, ta’lim dargohlari va ilmiy-tadqiqot markazlariga ishga qabul qilingani ham ma’lum qilindi.

Qayd etilganidek, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ilk magistrlarning yetishib chiqishi mamlakatimiz diniy ta’lim tizimi taraqqiyotidagi muhim tarixiy voqea bo‘lib, kelgusida soha uchun yuqori malakali, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Tadbir davomida institut tarixida ilk magistr sifatida nom qoldirgan bitiruvchilarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Bitiruvchilar mamlakat rahbariyati tomonidan bildirilgan yuksak ishonch va g‘amxo‘rlikka munosib javob qaytarishga, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy kabi buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo‘lishga hamda islom ma’rifatini keng targ‘ib etishga bor kuch-g‘ayratlarini safarbar etishlarini ta’kidladilar.
— Mamlakatimizda diniy-ma’rifiy ta’lim tobora takomillashib bormoqda, — dedi Toshkent islom instituti magistranti Gulchehra Siddiqova. — Magistraturada olgan bilimlarimiz va ilmiy izlanishlarimiz samarasini Vatanimiz, xalqimiz va jamiyatimiz ravnaqi yo‘lida safarbar etishga astoydil harakat qilamiz.

Diniy ta’lim tizimida magistratura ochilishi va ilk magistrlarning bitirishi mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlash, sohada zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan salohiyatli ilmiy-pedagog kadrlar safini kengaytirishga xizmat qiladi.
Soha mutaxassislarining fikriga ko‘ra, mazkur tarixiy voqelik yurtimizda ma’rifiy Islom g‘oyalarini keng targ‘ib etish va boy ilmiy merosimizni jahon miqyosida o‘rganish yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri