Hakimlardan biri g‘iybatdan qutulishning chorasini qidirib-qidirib, o‘zining hayotida tatbiq etgan yo‘lini quyidagicha keltiradi: «G‘iybatdan qutulish uchun o‘z nafsimni tarbiyalash maqsadida bir marta g‘iybat qilsam, uning badaliga bir kun ro‘za tutib berishni qasd qildim. Amalan shunday qildim, ammo ro‘za tutaversam ham to‘satdan g‘iybat qilib qo‘yishni to‘xtata olmadim.
Bu uslub menga to‘laligicha qanoatlantirmagach, bir marta g‘iybat qilib qo‘ysam, uning badali sifatida bir dirham sadaqa qilishni qasd qildim. Ajabki, tezda g‘iybat qilishdan qutilib ketdim».
Rivoyat qilinishicha bir kishi o‘z qo‘shnisini g‘iybat qildi. U g‘iybati tezda ommaga tarqalib ketdi. Kishi o‘z qilmishidan qattiq afsuslanib, qilmishini to‘g‘irlamoqchi bo‘lib, bir donishmandga murojaat qilibdi. Donishmand kishi unga bozorga borib, bir tovuq olasan va uni so‘ydirasan. Yo‘l-yo‘lakay uyga ketayotib tovuqni patlarini yulib, yo‘lingga tashlab ketasan, debdi.
U kishi donishmandning nima uchun bunday ishga buyurganini garchi tushuna olmasa-da, hurmati yuzasidan aytganidek qilibdi. Ertasi kuni donishmand o‘sha kishining uyiga kelibdi va kechagi vazifani bajarilganligini bilib, ikkinchi topshiriqni beribdi. Topshiriq shundan iborat ediki, kecha yulib yo‘lga tashlab ketgan patlarning barini to‘plab olib kelishi buyurilgandi. Boyagi kishi yurgan yo‘lidan patlarni yig‘ib, axtarib-axtarib 3-4 donasini topib kelibdi, xolos. Qolganini shamol uchirib ketgan ekan. Donishmandni oldiga kelganida donishmand undan «Bitta tovuqning 3-4 dona pati bor xolosmi?» deb so‘rabdi. Kishi esa, qolgan patlarni topa olmaganini, shamol uchirib ketganini aytibdi. Donishmand shunda, «G‘iybat ham shunaqa, tilingdan chiqdimi uchib ketadi. Uni yig‘ib ololmaysan...» debdi.
Darhaqiqat, g‘iybat degan bu illat shunday narsaki, u kishining og‘zidan chiqishi bilanoq, atrofga yoyilib ketadi. U shundayin yomon narsaki, tillardan chiqib, dillarni xufton qiladigan illatdir.
O.Sa’dullayev
Buxoro shahar «Xalifa Xudoydod»
masjidi imom-xatibi
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati