Kasal ko‘rish savobi ulug‘ fazilatli amallardandir. Barro roziyallohu anhu:
«أمرنا رسول الله صلّى الله عليه وسلم باتباع الجنائز وعيادة المريض»
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarni janozaga qatnashish va kasalni borib ko‘rishga buyurdilar”, dedilar.
Imom Termiziy, kasal ko‘rishning naqadar savobli amal ekani haqida Ali roziyallohu anhudan quyidagi rivoyatni keltiradilar: Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«مَا مِنْ مُسْلِمٍ يَعُودُ مُسْلِمًا غُدْوَةً إِلاَّ صَلَّى عَلَيْهِ سَبْعُونَ أَلْفَ مَلَكٍ حَتَّى يُمْسِىَ وَإِنْ عَادَهُ عَشِيَّةً إِلاَّ صَلَّى عَلَيْهِ سَبْعُونَ أَلْفَ مَلَكٍ حَتَّى يُصْبِحَ وَكَانَ لَهُ خَرِيفٌ فِى الْجَنَّةِ»
“Qaysi bir musulmon, musulmon birodari kasal bo‘lganida ertalab borib ko‘rsa, hatto kech kirgunga qadar unga yetmish ming farishta salovat aytib turadi. Agar (qaysi bir musulmon) musulmon birodari kasal bo‘lganida kechasi borib ko‘rsa, hatto tong otgunicha unga yetmish ming farishta salovat aytib turadi va u uchun jannatda bir bo‘ston bo‘ladi”, dedilar.
Kasal ko‘rishga borgan shaxs, kasalni holatini hisobga olmoqligi, uning oldida o‘zoq qolib ketmasligi, unga ozor beradigan narsalardan ehtiyot bo‘lmog‘i, shu bilan birga uning ko‘ngliga uni xursand qiladigan manzur so‘zlarni aytib, tavbaga targ‘ib qilishi va Alloh taolodan uni tezroq sog‘ayib ketishini so‘rab duo qilmog‘i lozim.
Chunki ozgina e’tibor va mehr, kasalni tezroq oyoqqa turishiga sabab bo‘lishi mumkin. Kasal ko‘rishga kelgan kishi ilm ahlidan bo‘lsa, kasalning ruxsati bilan unga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qilganlari singari dam solib qo‘yishi ham joiz.
Agar kasal o‘ta og‘irlashib qolmagan bo‘lsa, quyidagi rivoyatga ko‘ra “Ulug‘ Arshning Robbi, Ulug‘ Allohdan senga shifo berishini so‘rayman”, deya yetti marta aytish mustahabdir.
أن النبي صلّى الله عليه وسلم قال: «من عاد مريضاً لم يحضره أجله، فقال عنده سبع مرات: أسأل الله العظيم رب العرش العظيم أن يشفيك، عافاه الله تعالى من ذلك المرض»
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kimda kim kasal ko‘rishga borsa va uning ajali hozir bo‘lmagan bo‘lsa, uning huzurida yetti marta: “Ulug‘ Arshning Robbi, Ulug‘ Allohdan senga shifo berishini so‘rayman”, desa, Alloh taolo unga o‘sha kasalidan shifo beradi”, dedilar.
Abu Dardo va Abu Zarr roziyalohu anhumodan qilingan rivoyatga ko‘ra, bemor huzurida Qur’on oyatlarini tilovat qilishlikda bemorga yengillik bo‘lishi haqida aytilgan.
قال رسول الله صَلّى الله عَلَيْهِ وَسَلّم: «ما من ميت يموت فيقرأ عنده يس إلا هوّن الله عليه»
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Qaysi bir mayyit (ya’ni, Muhtazar — o‘lim alomatlari zohir bo‘lgan, ammo, joni tanani tark etmagan kimsa) vafot topadigan bo‘lsa-yu, bas, uning huzurida “Yosin” tilovat qilinsa, Alloh unga yengillik beradi”.
Abu Shayx “Fazoilul Qur’on” va Abu Bakr Marvaziy “Janoiz” kitobida Ibn Abbos roziyallohu anhu Ro’d surasini o‘qishni yaxshi ko‘rganlarini va bu mayyitdan yengillik bo‘lishi haqida aytganlarini zikr qilganlar. Sha’biy esa: “Ansorlar mayit huzurida "Baqara" surasini tilovat qilishni yaxshi ko‘rishlarini aytgan”.
Bundan tashqari “Fotiha, Ixlos, Falaq va Nas” suralarini o‘qish ham mustahabdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kasal huzuriga kirsalar: “Zarari yo‘q, inshaalloh (gunohlardan poklovchi va xatolarga kafforot) pokizalik”, derdilar.
Kasal inson ham o‘ziga yetgan dardga sabr qilishi va bu kasallik sababidan Alloh taolo uni gunohlardan poklab, darajasini ko‘tarishini umid qilmog‘i lozim.
Yuqoridagi hadisi sharifning to‘lig‘i quyidagicha keltirilgan. Albatta bunda barchalarimiz uchun go‘zal ibrat bor. Zero, yaxshi so‘zlarni aytish va yaxshi gumonda bo‘lish, mo‘minlarning go‘zal sifatlaridir.
عن بن عباس أن رسول الله صلى الله عليه وسلم دخل على أعرابى يعوده فقال لا بأس عليك طهور إن شاء الله قال قال الأعرابي بل هي حمى تفور على شيخ كبير كيما تزيره القبور قال فنعم إذا
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam kasal yotgan bir a’robiyni ko‘rishga keldilar va: “Zarari yo‘q, inshaalloh pokizalik”, dedilar. Shunda a’robiy (tushkun kayfiyat va umidsiz holda, Alloh taologa nisbatan yomon gumon qilib): “Pokizalik?! Yo‘q unday emas, balki qari chol uchun qabrga olib ketmoqchi bo‘lgan qattiq istima”, dedi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Xo‘p, unday bo‘lsa”, dedilar.
Ibn Hajar rahimahulloh o‘z kitoblarida hadisning quyidagicha davomi borligini zikr qilganlar:
أما إذا أبيتَ فهي كما تقول، قضاءُ الله كائن
“Ammo, agar yuz o‘girsang,bas, u sen aytganingdek. Allohning qazosi bo‘lguvchidir” dedilar. Ertasiga qolmasdan u kishi vafot etdi.
Mazkur hadisi sharifdan, kasal ko‘rishga borgan kishi ham, kasal bo‘lgan bemor ham, doimo yaxshi so‘zlarni aytishi va Alloh taolo haqida go‘zal gumonda bo‘lishi matlub ekanini bilishimiz mumkin. Qolaversa bemorning holidan xabar olish va uni ziyorat qilish kishining jannatga kirishiga sabab bo‘ladigan amallardandir.
عن أبى هريرة قال قال رسول الله صلى الله عليه وسلم من أصبح اليوم منكم صائما قال أبو بكر أنا قال من عاد منكم اليوم مريضا قال أبو بكر أنا قال من شهد منكم اليوم جنازة قال أبو بكر أنا قال من أطعم اليوم مسكينا قال أبو بكر انا قال مروان بلغني أن النبي صلى الله عليه وسلم قال ما اجتمع هذه الخصال في رجل في يوم إلا دخل الجنة
Abu Hurayraroziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan qay biringiz bugun ro‘za tutdi”, dedilar. Abu Bakr roziyallohu anhu: “Men”, dedilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan qay biringiz bugun kasalning holidan xabar oldi”, dedilar. Abu Bakr roziyallohu anhu: “Men”, dedilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan qay biringiz bugun janozada ishtirok etdi”, dedilar. Abu Bakr roziyallohu anhu: “Men”, dedilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan qay biringiz bugun miskinga taom berdi”, dedilar. Abu Bakr roziyallohu anhu: “Men”, dedilar.
Marvon: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kishida bir kunda bu xislatlar jam bo‘lsa, u jannatga kiradi”, deb aytganlari menga yetib keldi, dedi.
Olimxon YUSUPOV
Hadis maktabi rahbari
Makkada bo‘lib o‘tayotgan 46-Saudiya xalqaro qorilar musobaqasining ikkinchi kunida 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol musobaqa qatnashchilari o‘zaro bellashdi.
IQNA "Saudiya axborot agentligi"ga tayanib xabar berishicha, Makkada Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi shafeligida o‘tkazilgan tanlovning final bosqichi turli mamlakatlardan kelgan erkaklar va ayollar ishtirokida davom etdi.
Tadbirning ikkinchi kunida erkaklar va ayollardan iborat hakamlar hay’ati 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol ishtirokchining Qur’on tilovatiga baho berdi.
Ikki bosqichda, ertalab va kechqurun o‘tkazilgan hakamlar hay’ati Katta masjid hovlisida 17 nafar erkak va tanlov o‘tkaziladigan joydagi ayollar bo‘limida 16 nafar ayolni o‘z ichiga oldi. Shunday qilib, birinchi va ikkinchi kunlarda erkaklar va ayollar hay’ati oldida yangragan chiqishlarning umumiy soni 40 dan ortiq mamlakatdan 66 taga yetdi.
Tadbir kelasi payshanbagacha (2026 yil 20 avgust) davom etadi, bu ishtirokchilarning Saudiya Arabistonidan jo‘nab ketish kuni bo‘ladi. Qur’on ilmlari, qiroat va qiroat qoidalari bo‘yicha erkak va ayol mutaxassislardan iborat hakamlar guruhi elektron hakamlik tizimidan foydalangan holda chiqishlar, qorilar va matnni yod olgan ijrochilarni baholaydi, bu esa baholashning aniqligini oshiradi va turli yo‘nalishlarda adolatni ta’minlaydi.
Ayni paytda 133 mamlakatdan 334 nafar erkak va ayol besh yo‘nalishda, jumladan, yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.
Tadbir 6 avgust kuni boshlangan bo‘lib, uning maqsadi yosh musulmonlarni Qur’onni yodlash va tushunishga, oyati karimalar ustida mulohaza yuritishga va halol raqobatni yaratishga undashdir.
Ushbu musobaqada u boshlanganidan beri rekord darajadagi ishtirokchilar - 133 mamlakatdan 334 kishi ishtirok etdi va umumiy sovrin jamg‘armasi 10 260 000 saudiya rialini tashkil etdi, bu musobaqa boshlanganidan beri eng yuqori miqdordir.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati