Hajdan ko‘zlangan asosiy maqsad, Alloh ulug‘lagan va sharaflagan muqaddas makonda Uning zikrini qoim qilish va undagi foydalar va yaxshiliklarga shohid bo‘lish va qo‘lga kiritishdir. Bu esa bandaning dunyo va oxiratda saodat topishiga sabab bo‘ladi.
«Odamlar orasida (yurib ularni) hajga chorlagin! (Shunda)ular senga (Ka’baga) piyoda va har qanday tuyada uzoq yo‘llardan kelurlar. Ular o‘z (diniy va dunyoviy) manfaatlariga shohid bo‘lish uchun va ma’lum kunlarda(Alloh) ularga rizq qilib bergan chorva hayvonlariga(qurbonlik uchun so‘yishda) Alloh nomini zikr qilish uchun kelurlar. Bas, undan o‘zlaringiz ham yeyaveringiz, bechora kambag‘allarga ham yediringiz!» (Haj, 27-28).
Ulamolar, Qur’oni karim va sunnati sharifda kelgan dalillardan foydalanib hajdan olinadigan foydalarning ba’zilarini zikr qiladilar.
1) Masjidul haromda o‘qilgan namoz boshqa joydagi namozlardan afzalligi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Mening masjidimda o‘qilgan namoz boshqa masjidlarda o‘qilgan namozdan ming marta afzaldir. Masjidul haromda o‘qilgan namoz boshqa masjidlarda o‘qilgan namozdan yuz ming marta afzaldir» (Imom Ahmad va Imom Ibn Moja rivoyati).
2) Mabrur haj, eng afzal amallardan biridir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Qaysi amal afzal?» deb so‘raldi. «Allohga va Uning Rasuliga iymon keltirish», dedilar. «Keyin nima?» deyildi. «Allohning yo‘lida jihod qilish», dedilar. «Undan keyin nima?» deyildi. «Mabrur haj», dedilar» (Ikki shayx va Nasaiy rivoyat qilgan).
3) Gunohlar mag‘firat qilinadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Alloh uchun haj qilsa, fahsh so‘z aytmasa va fisqu fasod qilmasa, xuddi onasi tuqqan kunidek qaytadi», dedilar».
4) Mabrur hajning mukofoti jannatdir.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Umradan keyingi umra ikkisining orasidagi narsalarga kafforotdir. hajji mabrurning mukofoti jannatdan boshqa narsa emas», dedilar».
5) Hojilar va umra qiluvchilar Allohning mehmonlaridir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Hojilar va umra qiluvchilar Allohning mehmonlaridir, agar Unga duo qilsalar duolarini qabul qiladi, Undan mag‘firat so‘rasalar ularni mag‘firat qiladi” (Ibn Moja rivoyat qilgan).
6) Hajda qilingan nafaqa Alloh yo‘lida qilingan nafaqa kabidir.
Burayda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qiladi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Hajga qilingan nafaqa Alloh yo‘lida qilingan nafaqa kabidir. Bir dirham evaziga yetti yuz barobardir” dedilar” (Mu’jamul avsat).
7) Unda shifobaxsh zamzam suvi bor
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
“U zamzam suvini shisha idishlarda ko‘tarib olib ketar va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday qilar va kasallar ustidan quyar va ularga ichkizar edilar deb aytardi”.
Yuqorida zikr qilingan fazilatlar, ulug‘ manfaatlar bo‘lib, hojilar haj ibodati davomida bu fayzu barakotlarga noil bo‘ladilar.
Alloh taolo muborak safarga ketgan va ketish arafasida yurgan hojilarimizni sog‘u salomatlikda ibodatlarini ado etib, gunohlardan poklanib kelishlarini nasib qilsin. Muqaddas joylarda o‘zlari, farzandlari, sizu biz vatandoshlari haqlariga qilgan duolarini qabul etsin. Ularning duolari sharofati ila yurtimizning tinch va osoyishtaligini bardavom aylasin.
No‘monjon SOLIYEV
Toshkent tumani
“Chuvalachi” jome masjidi imom-xatibi
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Sen biror narsani Allohdan taqvo qilib tark qilsang, Alloh taolo senga undan-da yaxshirog‘ini ato qiladi” [1], deganlar.
Kim “odamlar nima derkin”ni tashlab, yuzing-ko‘zing qilib o‘tirmasdan Alloh taolodan boshqadan umidini uzsa, Alloh taolo unga tark qilganlaridan ko‘ra yaxshirog‘ini beradi. Uni nafsning izzati, maxluqotdan behojat bo‘lish bilan rizqlantiradi. Bu borada Nabiy alayhissalom shunday deya marhamat qilganlar: “Kim iffatli bo‘lish harakatida bo‘lsa, Alloh uning iffatini saqlaydi. Kim odamlarga sarg‘ayib yurishdan qutulish harakatida bo‘lsa, Alloh taolo uni behojat qilib qo‘yadi. Kim sabrli bo‘lishga urinsa, Alloh taolo uni sabrli bandalardan qiladi”[2].
Kim Allohning qadariga e’tiroz qilishni tashlasa va hamma ishlarini Robbiga topshirsa, Alloh taolo u bandani rozi bo‘lish va kuchli iymon bilan siylaydi hamda uning ishini shu darajada go‘zal nihoyaga yetkazadiki, u bu holni yetti uxlab tushida ham ko‘rmaydi.
Kim folbin va sehrgarlardan yuz o‘girsa, Alloh taolo unga sabrni nasib etadi, tavakkul va tavhidning haqiqati bilan siylaydi.
Kim dunyo matohlariga qiyo boqmasa, Alloh uning ishlarini ilgari qiladi, qalbiga sokinlik beradi. O‘zi xohlamasa-da, dunyo unga eshiklarini ochadi.
Kim Allohgagina ibodat qilsa, faqat yagona Allohdan qo‘rqsa, vahimalardan qutuladi. Alloh taolo uni omonda saqlaydi. Qo‘rqinchli narsalar ham u uchun salomatlik, orombaxsh bo‘lib qoladi.
Kim yolg‘onni tark etib rostgo‘ylikni mahkam tutsa, Alloh uni yaxshilik tomon yo‘llab qo‘yadi va Allohning huzurida siddiqlar safida bo‘ladi, odamlar orasida rostgo‘ylik ila taniladi va shu orqali odamlar uning gaplariga quloq soladi, uning hurmatini qiladigan bo‘ladi.
Haq bo‘lsa-da, tortishuvni tark etgani evaziga Alloh taolo jannatda bir uy nasib qiladi. Dushmanning yomonligidan asraydi. Qalbi musaffo bo‘ladi. Uning ayblarini ochadiganlardan omonda saqlaydi.
Oldi-sotdida aldovni tark etganga nisbatan odamlarning ishonchi ortadi. Uning savdosida xaridorlari soni ko‘payib boradi.
Kim harom narsalarga qaramasa, Alloh qalbiga bir lazzatni ato etadi.
Baxillikdan saqlanib, saxovatpeshalikni ustun qo‘ygan kishini odamlar ham yaxshi ko‘radi. Allohga va jannatga yaqinlashadi. G‘am-tashvishlardan yengillaydi. Fazilat bobida martabasi ortib boradi. «...Kimki o‘z nafsining baxilligidan saqlana olsa, bas, ana o‘shalar najot topguvchidirlar»[3].
Kibrlanishni chetga surib, kamtarinlikni shior qilib olgan kishining qadri oshadi. Bu Rasululloh alayhissalomning so‘zlaridir: “Kim Alloh uchun tavozeli bo‘lar ekan, Alloh uning qadrini ko‘tarmay qo‘ymaydi” [4].
Kim ko‘p uyqu va uning lazzatidan voz kechib, vaqtini Allohning rizosi uchun namoz o‘qish bilan o‘tkazsa, Alloh taolo unga shodlik, tetiklikni ato etadi.
Ichish-chekishning barcha turlarining yaqiniga yo‘lamagan kishiga Alloh O‘zi madadkor bo‘ladi. Unga sihat-salomatlik, baxt-saodat nasib etadi. Bu baxt haqiqiy baxt bo‘ladi, kayf qilgandagi soxta baxt emas.
Kim qodir bo‘la turib, qasos va o‘ch olmasa, Alloh uning ko‘ksini keng qilib qo‘yadi. Qalbiga surur beradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo bir bandani afv qilishidan faqat va faqat uning izzati ortadi”[5], deganlar.
Yomonlar bilan hamtovoq bo‘lishdan saqlanganni Alloh taolo yaxshi kishilarga yo‘liqtiradi. Haloldan rizq topadi, dunyo va oxirat yaxshiliklarini qo‘lga kiritadi.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Ahmad rivoyati.
[2] Imom Buxoriy rivoyati.
[3] Hashr surasi, 9-oyat.
[4] Imom Muslim rivoyati.
[5] Imom Muslim rivoyati.