Ayni kunlarda internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar va rasmiy xatlar orqali ayrim imom-xatiblarning ishdan bo‘shash sabablarini so‘rab O‘zbekiston musulmonlari idorasiga ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Shu kabilarni inobatga olgan holda quyidagilarni ma’lum qilamiz.
So‘nggi yillarda Islom dini qadriyatlarini ravnaq toptirish, dunyo ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlar merosini o‘rganish va yoshlarni dinu diyonatli qilib tarbiyalash borasida sermahsul ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz Rahbari zamon bilan hamnafas yashash, mo‘min-musulmonlar ehtiyojini ta’minlash va aholi imon-e’tiqodini mustahkamlash yo‘lida imom-xatiblarni doimo faollikka, g‘ayrat ko‘rsatishga da’vat etib kelmoqda.
Biroq ayrim imom-xatiblardagi o‘zibo‘larchilikka berilish, loqaydlikka yo‘l qo‘yish va sustkashlik qilish kabi holatlar ko‘pchilikning dilini xira qilmoqda. Tan olish kerak, Islom dini ma’rifatini keng targ‘ib etish, xalqimizning talab-istaklarini qondirish va jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish ishiga barcha imom-xatiblar birdek yondoshmayotgani ma’lum bo‘lmoqda. Hukumatimiz diniy soha rivoji uchun bir qator shart-sharoitlarni muhayyo etib bermoqdaki, bir vaqtlar xayol ham qilib bo‘lmaydigan ishlar bugun ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘lmoqda.
Lekin mana shunday qulaylik va yengilliklarga zid ravishda ayrim masjidlardagi noxush manzaralar va imom-xatiblar faoliyatidagi nuqsonlar ko‘ngilni ranjitmoqda. Ba’zi masjidlarning qarovsizligi, ayrim imom-domlalarning beparvoligi yuqoridagi mulohazalarni tasdiqlaydi.
Masalan, Sirdaryo viloyatida 3 nafar diniy ma’lumotga ega bo‘lmagan kishi imomlik qilayotgani, 4 ta masjidda imom-xatib vazifasi vakantligi, FHDYO organidan ro‘yxatdan o‘tmagan shaxslarga nikoh o‘qish kuzatilgani, ajrimlar soni ortgani va ayrim imomlar namozxonlarga qo‘pol muomalada bo‘layotgani aniqlangan. Mana shuning uchun Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi Mo‘minjon domla Usmonov egallab turgan vazifasidan ozod etildi.
Toshkent shahridagi “Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi Odilxon qori Ismoilov ham masjid tartib-intizomiga rioya etmagani, kundalik namozlarda muntazam bo‘lmagani, tasdiqlanmagan xabarlarni internet orqali tarqatish kabi nuqsonlar hamda bemorligi vajidan vazifani uddalay olmayotgani sababli ishdan olindi. Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani bosh imom-xatibi Ashurov Hasanboy ham topshiriqlarni paysalga solishi, itoatsizligi va muomala madaniyati imomlikka noloyiq bo‘lgani uchun ishdan ketdi. Shuningdek, Samarqand tumanidagi “Imomi A’zam” jome masjidi imom-xatibi Po‘latov Abdurahim kabi imom-xatiblar ham mana shunday xato-kamchiliklar tufayli ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi.
Aslida imom-domlalarning ishdan bo‘shash sabablarini shunday ochiqlashni istamagan edik. Lekin internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi ochiqdan-ochiq so‘rovlar, murojaatlar mana shunday qilishga majbur etdi.
Xulosa, mo‘min-musulmonlar tomonidan imom-xatiblarga berilgan ishonchni oqlash vojib. Buning uchun zimmadagi mas’uliyatni bajarish, vazifani ado qilish zarur. Bu yo‘lda tinimsiz mehnat, itoat va kasb-mahoratni oshirib borish talab etiladi.
Erdon Esanov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xodimlar bo‘limi mudiri vazifasini bajaruvchi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taniqli ulamo Abduqahhor G‘afforov (Shoshiy)ning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum ulamoni O‘z mag‘firatiga olsin, imonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Ma’lumot o‘rnida Abduqahhor Shoshiy 1939 yili Toshkent shahridagi "Hazrati Imom" dahasida tug‘ilganlar. 1956-1960 yillari Buxorodagi “Mir Arab” madrasasida, 1965-1969 yillari Misrdagi “Al-Azhar” dorilfununida o‘qiganlar. So‘ng O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi xalqaro bo‘limi mudiri, “Mir Arab” madrasasi direktori, Toshkent Islom oliy ma’hadi rektori vazifalarida ishlaganlar. “Islom aqidasi”, “Islom arkonlari”, “Qur’oniy hikoyalar” kabi o‘nlab kitoblar muallifi va tarjimonlari sanaladi.
Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi