Ibodatlar orasida afzali – Qur’oni karim tilovatidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ummatlarini bunga qiziqtirganlar. Qur’oni Karim sohibini shafoat qiladi. Shayton vasvasalaridan qo‘rg‘on bo‘ladi. Uning tilovati gunohlarni o‘chiradigan, savoblarni ko‘paytiradigan go‘zal amaldir. Ammo keyingi vaqtlarda namozlardan keyin o‘qiladigan Qur’on tilovatini bid’at deydigan, uni eshitishdan yuz o‘giradigan kishilar paydo bo‘lmoqda. Tilovat o‘qilib turgan holatda odobsizlik bilan chiqib ketayotganlar bo‘lib, ular Rasululloh(sollallohu alayhi vasallam davrlarida qilinmagan ekan, degan asosi yo‘q gaplarni aytib, o‘zlarini oqlashga urinadilar.
Hanafiy mazhabi ulamolari namozdan keyin tilovat qilish qanday amal va unga keltirilgan hujjatlar, tilovatning odoblari qanday bo‘lishi kerak? degan savollarga javob berib o‘tganlar.
Eng avvalo fiqh va hadis kitoblarida «Namozdan keyingi zikrlar» bobi mavjud bo‘lib, ularda namozdan keyin zikr qilish, Qur’oni karim suralari yoki oyatlarining tilovati buyurilgani ma’lum qilinadi. Bu dalillar asosida namozdan keyin o‘tirib zikrga yoki Qur’on tilovatiga mashg‘ul bo‘lish bid’at amal bo‘lmasligini tushunamiz. Bundan esa bid’at degan fikrga borish gunoh ekani ma’lum bo‘ladi. Hadislarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha roziyallohu anhoni har kuni Qur’oni karim haqqini ado etishga buyurganlar. Buni 200-250 oyat o‘qish yoki 100 oyat va Ixlos surasini uch bora o‘qish bilan ado etish, deb tushuntirganlar. Qur’oni karimdagi ko‘pgina suralar va ba’zi oyatlarning fazilatlari zikr qilingan. Ushbu tilovatning Qiyomat kuni shafoat qilishi, savoblar ko‘paytirib yozilishi, hojatlarning ravo bo‘lishi, bemorlarga shifo bo‘lishi, duolarning ijobat bo‘lishi, tetiklik va aqlga musaffolik berishi va boshqa ko‘pgina fazilatlari bayon qilingan. Shunday suralardan Yosin, Fath, Ar-Rohman, Voqea, Duxon, Mulk, Naba’, Kahf va boshqalarni sanash mumkin. Oyatlardan Al-Kursiy, Baqara surasining oxirgi ikki oyati, Tavba surasining oxirgi ikki oyati, Hashr surasining oxirgi uch oyati va boshqalar bor.
Mo‘min kishi har kuni Qur’oni karim haqqini ado etish uchun alohida vaqt ajratishi kerak. Ammo ko‘pincha imkon topilmaydi. Yoki shunchaki bu vazifa borligi yoddan ko‘tariladi. Har qanday xastalikni davolovchi mohir tabib kabi ulamolarimiz besh vaqt namozda quyidagi suralarning tilovatini tavsiya qiladilar: Bomdoddan keyin Yosin surasi – 83 oyat, Peshindan keyin Ar-Rohman surasi – 78 oyat yoki Fath surasi – 29 oyat, Asrda Naba’ (Amma) surasi – 40 oyat, Shomdan so‘ng Voqea surasi – 96 oyat, Xuftondan so‘ng Mulk surasi – 30 oyat. Jami 350 oyat atrofida har kuni o‘qiladi. Demak, mo‘minlar namozdan so‘ng ushbu suralarning tilovati sababli Qur’oni karimning har kunlik haqqini ado etish bilan birga mazkur suralarning fazilatlaridan ham bahramand bo‘ladilar.
Imom Ismoil Haqqiy rahmatullohi alayh mashhur «Ruh ul-bayon» asarida Toho surasining 124-oyatini shunday tafsir qiladilar:
«Kim Mening eslatmamdan yuz o‘girsa, bas, uning uchun tang (baxtsiz) turmush (qabr azobi) bo‘lishi muqarrar va Biz uni Qiyomat kunida ko‘r holda tiriltirurmiz».
«Qur’oni karimdagi «zikr» lafzi Qur’on, namoz, tasbeh-tahlillar va boshqa shu kabi ma’nolarda keladi. Ya’ni Meni doimo yodiga solib turuvchi shu Kitobdan va Menga chaqiruvchi bo‘lgan mana shu elchimdan yuz o‘girishidir. Zero, unga bu dunyoda nihoyatda tor va qiyinchilik mashaqqatlari ko‘p bo‘lgan hayot bordir. Oyatda ikki masdar, ya’ni o‘zak so‘zlar bir-biriga sifat bo‘lib keltirilgan. Bu esa mubolag‘ani, ya’ni hayot torligining qo‘sha-qo‘sha mashaqqatlari borligini ifodalaydi. Buning sababi, banda dunyo orzu-havaslari bilan aldanib qoladi. Vaholanki, dunyoga intilish insonni halokatga yetaklaydi. O‘zini nazorat qila olmagani bois orzu-havaslari, boylik va boshqa ziynatlar bilan ovora bo‘lib qolishi kuchayadi. Uning kamayib qolishidan yoki yo‘qotishdan xavfda bo‘ladi, ko‘ngil xotirjamligi olinadi. Zikrdan yuz o‘girmagan kishida esa buning aksi bo‘ladi. U oxirat talabida ekan, iymonining barakasi bilan bu dunyoda unga kenglik va xotirjamlik beriladi. Bilginki, hayotning torligi, mashaqqatlarga boyligi ma’siyat-u gunohlarning jazosi va uqubatidan bo‘lishi mumkin».
«Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, ya’ni Meni yod etishni lozim tutmay, Mening hidoyatimga yurmasa, to‘g‘ri yo‘ldan yurishni xohlamasa, bas, unga juda mashaqqatli hayotni berurmiz».
Bu mashaqqatlar uning qalbini azoblash bilan bo‘ladi, har bir ishiga, yo‘llariga parda tashlab qo‘yish, eshiklarni unga yopib qo‘yish bilan amalga oshiriladi. Zero, Allohning zikri qalb kalitidir, undan yuz o‘girish esa qalb eshigini yopishdir.
Zokirjon Sharifov
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِذَا أَكَلَ أَحَدُكُمْ فَلْيَذْكُرِ اسْمَ اللهِ، وَإِنْ نَسِيَ أَنْ يَذْكُرَ اسْمَ اللهِ فِي أَوَّلِهِ فَلْيَقُلْ بِسْمِ اللهِ أَوَّلَهُ وَآخِرَهُ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachon birortangiz taom yesa, Allohning ismini zikr qilsin. Agar avvalida Allohning ismini zikr qilishni unutib qo‘ysa, «Bismillahi avvalahu va axirohu» desin», dedilar» (Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar).
Ba’zan taom tanovul qilish paytida inson shoshilib, «Bismillah»ni aytish esidan chiqib qoladi. Bir oz yeganidan keyin «Bismillah»ni aytmagani esiga tushib qoladi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadisi shariflariga binoan, ana shunday vaqtda «Bismillahi avvalahu va axirohu» demog‘i lozim.
Bu jumlaning ma’nosi «avvalida ham, oxirida ham Bismillah» degani bo‘lib, taomning barakasini qaytaradi va unga shayton sherik bo‘lishini qirqadi.
وَعَنْهَا قَالَتْ: كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَأْكُلُ فِي سِتَّةٍ مِنْ أَصْحَابِهِ فَجَاءَ أَعْرَابِيٌّ فَأَكَلَهُ بِلُقْمَتَيْنِ، فَقَالَ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: أَمَا إِنَّهُ لَوْ سَمَّى كَفَاكُمْ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَصَحَّحَهُ.
Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining oltita sahobalari bilan taom yemoqda edilar. Bir a’robiy kelib, ikki luqmada (hammasini) yeb qo‘ydi. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: «Agar u tasmiya aytganida, hammangizga yetar edi», dedilar» (Termiziy rivoyat qilgan va sahih, degan).
Bu hadisi sharifda har bir odam taomni «Bismillah»ni aytib yesa, u barakali bo‘lishiga dalolat bor.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va u kishining olti sahobalari albatta «Bismillah»ni aytib, so‘ng taom yeyishni boshlaganlar. Ammo haligi a’robiyning «Bismillah»ni aytmay taom yegani barakani qochirdi.
وَكَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ جَالِسًا وَرَجُلٌ يَأْكُلُ فَلَمْ يُسَمِّ حَتَّى لَمْ يَبْقَ مِنْ طَعَامِهِ إِلَّا لُقْمَةٌ، فَلَمَّا رَفَعَهَا إِلَى فِيهِ قَالَ: بِسْمِ اللهِ أَوَّلَهُ وَآخِرَهُ، فَضَحِكَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ثُمَّ قَالَ: مَا زَالَ الشَّيْطَانُ يَأْكُلُ مَعَهُ، فَلَمَّا ذَكَرَ اسْمَ اللهِ اسْتَقَاءَ مَا فِي بَطْنِهِ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ.
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘tirgan edilar. Bir kishi taom yer edi. U tasmiya aytmadi. Faqat bir luqma taom qolgandagina «Bismillahi avvalahu va axirohu» dedi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam kuldilar va:
«Shayton u bilan taom yeb turdi. Allohning ismini zikr qilganida qornidagi narsani qusib yubordi», dedilar» (Abu Dovud va Nasoiy rivoyat qilganlar).
Bu ham barchamiz uchun dars. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bor joydagi har bir o‘tirish, harakat va sakinat hammaning diqqat e’tiborida bo‘lishi ma’lum.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘tirgan joyda bir odam «Bismillah»ni aytmay, taom tanovul qila boshladi. Hamma damini ichiga yutib, nima bo‘lar ekan, deb kutib turdi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam esa indamas edilar. Haligi kishi esa taom yeyishda davom etar edi. Endi nima bo‘ladi? Atigi bir luqma taom qolganda birdan esiga tushib qolib:
«Bismillahi avvalahu va axirohu» dedi».
Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam kuldilar va: «Shayton u bilan taom yeb turdi. Allohning ismini zikr qilganda qornidagi narsani qusib yubordi», dedilar».
Demak, taomni «Bismillah»ni aytmay yegan odam bilan birga shayton ham uning taomidan qo‘shilishib yeb turar ekan.
Bu esa ham gunoh, ham taomning barakasini qochirishdir. Shuning uchun bu masalaga juda ehtiyot bo‘lmoq kerak. Mabodo avvalida aytish esdan chiqib qolgan bo‘lsa ham, eslagan zahoti aytish lozim.
Allohning ismini zikr qilib, so‘ng taom yeyishni boshlash islomiy ovqatlanish madaniyatining boshida turadi.
Albatta, taom Alloh taolo tomonidan bandaga beriladigan ulkan ne’mat ekanligi hech kimga sir emas. Doimo Allohni eslab turishi lozim bo‘lgan banda uchun ne’matga erishgan paytda ne’mat beruvchi Zotni eslash zarurati yana ham ortadi. Ana shunday paytda Allohni – ne’mat beruvchi Zotni esidan chiqargan odam xato qilgan bo‘ladi. Agar o‘zi eslab, xatosini to‘g‘rilasa, yaxshi. Agar uning esiga tushmasa, atrofdagilar unga eslatib qo‘yishlari lozim. Chunki Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam doimo shunday qilganlar.
«Hadis va hayot» kitobi 16-juzidan