Aslida, insonlar o‘qishni juda yaxshi ko‘radi. Amaliyot shuni isbotladiki, shaharlarda qad rostlagan kutubxonalar doimo odamlar diqqat markazida bo‘lib keladi. Internet rivojlanib borishi va kattalarning yoshlar savodsizligidan doim nolishiga qaramay, biz hali ham bilim tomon intilamiz. Ayniqsa, bilim manbai sifatida mana bunday yorqin arxitektura durdonalari qad rostlangan bo‘lsa.
Boyazid davlat kutubxonasi, Istanbul

Bino 1506 yil qurilgan bo‘lib, yo‘l bo‘yidagi karvonsaroy sifatida xizmat qilgan. Faqatgina 19 asr oxiriga kelib u davlat kutubxonasiga aylanadi. Yaqindagina arxitektura yodgorligini yangilash ishini Tabanlioglu studiyasining mutaxassislari o‘z bo‘yniga oldi va saqlanib qolgan mumtoz namuna bilan ozgina zamonaviy dizaynni uyg‘unlashtirdi.
Venessla, Norvegiya

Norvegiyaning Vennesla kutubxonasi koinot portalidek ko‘rinishga ega. Har bir bo‘rttirma bo‘linmalarning o‘z yoritgichi mavjud bo‘lib, u har bir tashrif buyuruvchiga ayni daqiqaning g‘alati, omonat hissiyotini ulashadi. Tovushlarni yutib yuboruvchi materiallar zalga ajoyib jimjitlikni hadya qiladi.
Birmingem kutubxonasi, Angliya

Birmingem kutubxonasining tashqi ko‘rinishi metall to‘r bilan o‘ralgan juda ham qo‘pol, qaqshatqich bo‘lib ko‘rinadi. Biroq yorqin ranglar va toza chiziqlar bilan to‘ldirilgan interer taassurotni mutlaqo o‘zgacha tomonga burib yuboradi.
Chikago ommaviy kutubxonasi, AQSH

Chikagodagi ommaviy kutubxonaning yangi soddalashtirilgan binosi huddi gavjum shahar o‘rtasiga kelib ko‘ngan koinot kemasini yodga soladi. Arxitektorlar qurilish vaqtida fen-shuy tamoyillariga asoslangani diqqatga sazovordir.
Dokk1 Library, Daniya

Dokk1 kutubxonasi yaqinda 2016 yilning eng yaxshi ommaviy kutubxonasi sifatida mukofotni qo‘lga kiritdi va u bu nomga chindan ham munosib. Skandinaviyadagi eng ulkan kitoblar jamlangan maskan Daniyaning Orxus daryosi yaqinida joylashgan. Qattiq, geometrik to‘g‘ri fasad, katta tevarak-atrof va shahar tarovatini aks ettiruvchi panoramali derazalar.
Lourens kutubxonasi, Germaniya

Bu ajoyib bilim maskani chinakam qaqnus: zamonaviy arxitektorlar 1972 yilda qurilgan uyni qayta ishlab chiqib, yig‘ib chiqishdi. Poldan shiftgacha katta derazalar bilan o‘ralgan o‘qish zali kitobsevarlarning ushalgan orzusiga o‘xshaydi.
Yangzhou Zhongshuge, Xitoy

Yanchjou (Chjen Yuan, Xitoy) kitob do‘konidagi sayr xuddi kitoblar bilan to‘ldirilgan daryo bo‘ylab yurishga o‘xshaydi. Arxitektorlar aynan shunday dizaynni yaratishgan. Foliantlarning qattiq va yumshoq muqovasi egri chiziqlarni shakllantiradi. Shift chiroqlari esa qorong‘i oynali polda aksini namoyish etib, tunnelni eslatadi.
Budyo kutubxonasi, Norvegiya

Norvegiyadagi yangi Budyo ommaviy kutubxonasi ham madaniyat markazi hisoblanadi. Kitoblardan tashqari, bu yerda uchta bino mavjud: ikkitasida konsertlar tashkil qilinadi, uchinchi bino vaqtinchalik badiiy ko‘rgazmalar uchun ajratilgan.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nomiga xorijiy davlatlar rahbarlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar hamda xalqaro anjumanlar ishtirokchilari tomonidan yo‘llanayotgan minnatdorlik va hamkorlik maktublari Markazning xalqaro maydondagi yuksak nufuzi tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat bermoqda.
Xususan, Malayziya Qirolichasi Raja Zarit Sofiya Zoti Oliyalari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov nomiga yo‘llagan minnatdorlik maktubida O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida ko‘rsatilgan yuksak mehmondo‘stlik va samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirgan. Shuningdek, Qirolicha O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif unda unutilmas taassurot qoldirganini ta’kidlab, Markaz ekspozitsiyalari Markaziy Osiyoning boy tarixi, madaniy merosi hamda Islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalarning ilmiy-ma’naviy merosini zamonaviy muzey yechimlari orqali keng va ta’sirchan tarzda namoyon etayotganini yuqori baholagan. Ayniqsa, Qur’on zalidagi ma’naviy muhit va noyob meros namunalari unda katta hurmat va hayrat tuyg‘ularini uyg‘otgani qayd etilgan.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda 2026 yil 7–11 iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi yuksak xalqaro e’tirofga sazovor bo‘lmoqda. Forum yakunlaridan so‘ng nufuzli xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar va jamoat arboblari tomonidan minnatdorlik hamda hamkorlikni rivojlantirishga oid qator maktublar kelib tushdi.
Malayziya Xalqaro Islom universiteti (International Islamic University Malaysia – IIUM) huzuridagi Office of Strategic Institution Transformation rahbari, professor Shukron bin Abd Rahmon o‘z maktubida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumining xalqaro ahamiyatiga alohida to‘xtalgan. Uning qayd etishicha, 40 dan ortiq mamlakatdan olimlar, davlat arboblari va xalqaro tashkilotlar vakillarini birlashtirgan mazkur anjuman islom sivilizatsiyasining tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini targ‘ib etish, davlatlar o‘rtasidagi ilmiy muloqot va akademik hamkorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutdi. Shuningdek, forumning yuqori saviyada tashkil etilgani, ishtirokchilar uchun yaratilgan sharoitlar hamda O‘zbekistonning boy ilmiy va ma’naviy merosi xalqaro jamoatchilikka munosib tarzda namoyon etilgani e’tirof etildi.
Rossiyaning “Rossiya – Islom dunyosi” strategik qarash guruhi tomonidan yuborilgan ikki alohida maktubda ham Forum va Markaz faoliyatiga yuksak baho berildi. Xususan, mazkur maktublarda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi XXI asr islom olamidagi eng yirik gumanitar va madaniy-ma’rifiy loyihalardan biri sifatida baholanib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu tashabbusni amalga oshirishdagi yetakchi o‘rni va Markazni ilm-fan, tinchlik, ma’rifat, gumanizm hamda bunyodkorlik maskani sifatida shakllantirishga qaratilgan sa’y-harakatlari alohida e’tirof etilgan.
Shu bilan birga, Markazning kelgusida dunyo olimlari, tadqiqotchilari va talabalari uchun nufuzli ilmiy-ma’rifiy markazga aylanishiga ishonch bildirilib, muzeyshunoslik, tarix, arxeologiya, ta’lim, kitobshunoslik va nashriyotchilik sohalarida qo‘shma ilmiy va madaniy loyihalarni amalga oshirishga tayyorlik bildirilgan.
Iordaniya Hoshimiylar Qirolligi Madaniyat vazirligi Bosh kotibi professor Nidal Al-Ahmad ham o‘z maktubida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi yuksak saviyada tashkil etilganini ta’kidlab, anjuman Islom sivilizatsiyasining insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasini xalqaro maydonda yana bir bor namoyon etganini qayd etgan. Shuningdek, turli mamlakatlardan tashrif buyurgan olimlar, davlat va din arboblarini bir maydonga jamlagan mazkur forum tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini ilgari surishga xizmat qiluvchi muhim xalqaro muloqot platformasiga aylangani ta’kidlangan.
Markazning xalqaro maydondagi faoliyatiga bildirilayotgan yuksak ishonchning yana bir amaliy ifodasi sifatida ICESCO ning Boku shahridagi mintaqaviy ofisi tomonidan Markaz rahbariyatiga 2026 yil 27–28 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan Global Foresight Focal Points Initiative xalqaro tadbirida ishtirok etish uchun rasmiy taklifnoma yuborildi. Taklifda ICESCOga a’zo davlatlarda strategik prognozlash, davlat boshqaruvida innovatsion yondashuvlarni joriy etish va kelajakni rejalashtirish sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgani qayd etilgan.
Xorijiy davlatlar rahbarlari, nufuzli olimlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan bildirilgan mazkur e’tiroflar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining qisqa vaqt ichida xalqaro ilmiy-ma’rifiy hamkorlikning muhim platformalaridan biriga aylanganini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu esa Markaz tomonidan islom sivilizatsiyasining boy ilmiy va madaniy merosini o‘rganish, asrab-avaylash va jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro darajada yuksak baholanayotganining yorqin ifodasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati