Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Sentabr, 2026   |   1 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:40
Quyosh
06:00
Peshin
12:19
Asr
16:47
Shom
18:42
Xufton
19:58
Bismillah
12 Sentabr, 2026, 1 Rabi`us soni, 1448

Hurlik

17.07.2018   9137   1 min.
Hurlik

Muhammad degan bir do‘stim tog‘da yashaydi. Yaqinda unikiga mehmonga bordim. U bilan texnikumda birga o‘qiganmiz. Qo‘ylari ko‘p. Ularni tong sahardan qir-adirlarga haydaydi. Musaf­fo tong havosida qo‘ylarini yaylovda aylan­ti­rib boqadi.

Kechki ovqatni tanovul qilish payti bo‘rining uvillagan tovushi o‘tovga yaqin yerdan eshitildi. Do‘stim bo‘rining uvillashidan zarracha tashvish chekmay, bemalol o‘tirardi. Tongda unga qo‘shilib, men ham qo‘y boqishga chiqdim. Qo‘ylarni haydab bir oz yurganimizdan so‘ng, adirda bir bo‘rini ko‘rib qoldim. Qo‘zidek o‘ljasini tishlab, yelkasida ko‘tarib borardi.

– Qarang, qarang, bo‘ri! Uni otish kerak, mil­tig‘ingizni bering, qochib ketmasin, – dedim. Do‘stim bo‘lsa, xotirjamlik bilan:

– Aslo! Bu bo‘ri qo‘shnim bo‘ladi. Bo‘ri yirtqich bo‘lsa-da, qo‘shnichilik haqini yaxshi biladi. Shu bois, biror marta bo‘lsa-da, qo‘ylarimga hujum qilgani yo‘q. Ovni boshqa joydan qilib, bola­larini boqadi. Hatto qo‘ylarimni boshqa yirt­qichlardan himoya qiladi, deb bo‘riga qarab, so‘zida davom etarkan:

– Bir vahshiy yirtqich qo‘shnichilik haqiga shunchalik rioya qilsa-yu, men aqlli inson do‘st­lik­ka nega xiyonat qilishim kerak! Axir biz aqlli jonzotmiz, biz qo‘shnichilik haqini goho mana shunday yirtqichlardan o‘rgansak bo‘ladi.

Ha, azizlar! Qo‘shnichilik haqi ulug‘, chunki qo‘shni yaxshi va yomon kunlaringizda doimo yoningizda yelkadosh bo‘ladi. Ba’zi musibat kunimizda uzoqdagi qarindoshimiz yetib kelgunicha qo‘shnimiz yonimizda bo‘ladi. Moddiy va ma’na­viy yordam beradi. Shu bois, qo‘shnichilik haqiga rioya qilishimiz lozim. Qiyomat­da yaxshi yoki yomon­ligimiz­ni qo‘shnidan so‘rashar ekan...

Ozodlik neligin bo‘rida ko‘rgin,

Undan hamiyatu mardlikni so‘rgin.

Ajabki, qo‘shnilik hurmatin qilar,

Yovuz nafs amridan o‘zini tiyar.

 

“Qasamini buzgan qiz” kitobidan olindi

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Kuala-Lumpurda “O‘zbekiston-Malayziya: kreativ va ziyorat turizmi” mavzusida fotoko‘rgazma tashkil etildi

11.09.2026   20487   1 min.
Kuala-Lumpurda “O‘zbekiston-Malayziya: kreativ va ziyorat turizmi” mavzusida fotoko‘rgazma tashkil etildi

Mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan Turizm qo‘mitasi hamda MARA Texnologiya universiteti (UiTM) bilan hamkorlikda O‘zbekistonning turistik salohiyati va boy madaniy merosiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston-Malayziya: kreativ va ziyorat turizmi” nomli tadbirda Malayziya Turizm, san’at va madaniyat vaziri Tiong King Sing, Islom turizm markazi bosh direktori Mohammad Faisal, mahalliy siyosiy va ishbilarmon doiralar, vazirlik va idoralar, madaniyat hamda turizm sohasi vakillari, diplomatik korpus hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Anjuman so‘nggi yillarda O‘zbekiston hududlarida barpo etilgan yangi ziyorat turizmi maskanlari hamda UiTMning San’at, dizayn va media fakulteti suratkash va dizaynerlaridan iborat ijodiy jamoasining shu yil 17–31 avgust kunlari Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlariga amalga oshirgan tashrifi yakunlariga bag‘ishlandi.

Ko‘rgazmaning ochilish marosimida O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev so‘zga chiqib, mamlakatimizda turizm va madaniyat sohalarida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, yangi sayyohlik yo‘nalishlari hamda investitsiyaviy imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumot berdi. U malayziyalik turoperator va investorlarni O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga chaqirdi.

O‘z navbatida, Malayziya Islom turizm markazi bosh direktori Mohammad Faisal ikki mamlakat o‘rtasida ziyorat turizmi, madaniyat, oliy ta’lim va kreativ iqtisodiyot sohalaridagi aloqalarning kengayishi o‘zaro sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. U O‘zbekistonning madaniy, ziyorat va qishki turizm yo‘nalishlari Malayziyada tobora ommalashib borayotganini alohida qayd etdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari