Moida surasining 3-oyatida bunday deyilgan: “Sizlarga o‘limtik, qon, cho‘chqa go‘shti, Allohdan boshqaning nomi ila so‘yilgan, bo‘g‘ilib o‘lgan, urib o‘ldirilgan, yiqilib o‘lgan, suzib o‘ldirilgan, yirtqich yegan hayvonlar harom qilindi. Faqat (o‘lmay turib) so‘yib olsangiz (halol). Va butlarga atab so‘yilgan hayvonlar ham, cho‘plar ila fol ochishingiz ham harom qilindi. Bunday qilishingiz fosiqlikdir… Kim gunohga moyil bo‘lmagan holida ochlikda muztar bo‘lsa, albatta, Alloh mag‘firatli va rahmlidir”.
Alloh taolo bandalariga ko‘plab ne’matlarni tanovul qilishni halol qilib qo‘ygan, barchasining asli halol. Modomiki, harom narsa aralashmasa, iste’mol qilinaveradi. Inson shaxsi yoki amalining unga ta’siri yo‘q. Misol uchun, nonni olaylik. Uning bug‘doyini kim ekkan, kim o‘rgan, qanday yanchilgan yoki qanday qilib nonga aylantirilgan – bularning ahamiyati yo‘q, hammasi iste’mol qilinaveradi. Ammo, go‘sht mahsulotlari haqida bunday deb bo‘lmaydi. Chunki go‘sht tirik hayvondan olinadi. Tirik jonivorni go‘shtga aylantirish jarayoni va undagi niyat hamda e’tiqod uning halol yoki haromga aylanishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun ham, bu jarayonga, ya’ni, tirik hayvonni go‘shtga aylantirish jarayoniga shariatda alohida e’tibor beriladi. Bir qancha shartlar qo‘yiladi. O‘sha shartlar vujudga kelgandagina o‘sha hayvon go‘shti halol hisoblanib, iste’moliga ruxsat beriladi. Bu shartlarning boshida hayvonning jonini chiqarish paytida unga jon bergan Alloh nomini zikr qilish turadi. Bu ish qilinmasa, katta ma’naviy jinoyat sodir bo‘lgan bo‘ladi, shu sababli uning go‘shti haromga aylanadi.
Ushbu oyatda go‘shti haromga aylanib qoladigan hayvonlardan bir necha toifasi zikr etilgan. O‘limtik (o‘zi o‘lib qolgan hayvon), hayvon so‘yilganda undan oqadigan qon va cho‘chqa go‘shti shular jumlasidandir. Bularning harom qilingani hikmatlari, tibbiy sirlari haqida «Baqara» surasi tafsirida batafsil so‘z yuritilgan. «Allohdan boshqaning nomi ila so‘yilgan» hayvon go‘shtining ham harom bo‘lishi, oldin aytganimizdek, uning iymon taqozosiga to‘g‘ri kelmaganidandir, uni yaratgan va unga jon bergan Zot nomini qo‘yib, boshqaning nomi ila so‘yilganidandir.
«Bo‘g‘ilib o‘lgan» hayvon bo‘g‘ilish oqibatida o‘lgan bo‘lsa, go‘shti haromdir. Unga ham Allohning nomi aytilmagan, ham qoni ichiga tarqab, go‘sht zararli holga kelgan bo‘ladi. «Urib o‘ldirilgan» hayvonda ham avvalgi holdagi hikmat tufayli haromlik hukmi bor. Biror hayvonni tosh, yog‘och yoki shunga o‘xshash narsalar bilan urib o‘ldirilgan bo‘lsa, uning go‘shti haromga aylanadi. «Yiqilib o‘lgan»ga kelsak, tog‘danmi, baland joydanmi yiqilib o‘lgan hayvonlarning go‘shti ham harom sanaladi.
«Suzib o‘ldirilgan» – ikki hayvon bir-biri bilan suzishsayu, biri o‘lib qolsa, uning go‘shti ham haromdir. «Yirtqich yegan hayvon harom qilindi». Ya’ni, bir yirtqich hayvon mazkur go‘shti halol hayvonga hujum qilib yesa, o‘ldirsa, undan ortib qolgan go‘sht harom hisoblanadi. «Magar (o‘lmay turib) so‘yib olsangiz (halol)» Mazkur holatlarga duchor bo‘lgan hayvonlar o‘lmay turib so‘yib yuborilsa, go‘shti halol bo‘ladi. «Butlarga atab so‘yilgan hayvonlar ham».
Johiliy arablarning turli butlari bo‘lib, ularga atab jonliq so‘yishar va qonini o‘sha butlarga surtishar edi. Bunday hayvonlarning go‘shti, garchi Allohning nomini aytib so‘yilgan bo‘lsa ham, butlarga atalgani uchun haromdir. Oyat davomida katta ma’naviy harom ish ham zikr etilgan: «cho‘plar ila fol ochishingiz ham harom qilindi».
Johiliyat davrida butxonalarda xizmat qiluvchi kohinlar huzurida bir maxsus idishda uchta yoki yettita cho‘p turar edi. Ularga turli iboralar,
jumladan, «Robbim buyurdi» yoki «Robbim qaytardi» degan iboralar yozilgan bo‘lardi. Biror ishni qilish yoki qilmaslikda ikkilangan odam kohinga u-bu narsa berib, fol ochishni so‘rardi. Shunda kohin idishdagi cho‘plarni aralashtirib, fol ochiruvchiga tutar, u idishdagi cho‘plardan birini tortganda «Robbim buyurdi» deb yozilgan cho‘p chiqsa, ishni qilishga, «Robbim qaytardi» deb yozilgani chiqsa, ishni qilmaslikka amr etar edi. Boshqa cho‘p chiqsa, yana pul olib, qaytadan fol ochardi. Xuddi shu uslub qimorning bir turida ham qo‘llanar edi. Bularning hammasi harom qilindi. «Bunday qilishingiz fosiqlikdir». Alloh harom qilgan ishlarni qilishingiz fosiqlik, ya’ni, din amridan chiqishdir. Yuqoridagi hukmlarda ayrim holatlardagi go‘shtlarning harom ekani ta’kidlangan edi. Oxirgi jumlada esa, istisno tariqasida muztarlik (zaruratlik) holatida hukm nima bo‘lishi o‘rgatilmoqda. Ya’ni, aytaylik, inson ochlikdan muztar bo‘ldi – qiyin holga tushib qoldi, yegani ovqati yo‘q, faqat harom qilingan go‘shtlar bor, xolos. Bular harom, deb ulardan iste’mol qilmasa, halok bo‘ladi.
Nima qilishi kerak? Mana shunday holda, gunohga moyil bo‘lmagan holda, ya’ni, o‘zini halokatdan saqlab qoladigan miqdorda o‘sha harom narsadan iste’mol qilsa, bo‘ladi. Nochorlikdan qilingan bu ish uchun Alloh uni malomat qilmaydi, jazoga tortmaydi. Zotan, Alloh mag‘firatli va rahmli Zotdir.
Iroda NODIROVA
“Xadichai kubro” ayol-qiz o‘rta maxsus
islom bilim yurti talabasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga yurish ham g‘animat edi. Bunaqangi imkoniyat bo‘lib qolsa, sahobalar darrov undan foydalanib qolishar, imkoniyatni qo‘ldan chiqarishmas edi. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuning saodatiga qarang!
Bir kuni u Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga ketayotib so‘radi:
- Yo Rasulalloh! Shunday amalni aytingki, u meni jannatga kiritib, do‘zaxdan uzoqlashtirsin! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:
- Juda ham katta ishni so‘rading. Bu ish Alloh oson qilgan kishiga osondir: Allohga ibodat qilib, Unga hech narsani sherik qilmaysan; namozni qoim qilasan; zakotni berasan; ramazon ro‘zasini tutasan, Baytullohni haj qilasan! So‘ng yana dedilar:
- Ey Muoz! Senga yaxshiliklar eshigini ko‘rsataymi? Ro‘za qalqondir, sadaqa suv olovni o‘chirgani kabi xatolarni o‘chiradi, kishining kecha qorong‘usida o‘qigan namozi... - deb ushbu oyatni o‘qidilar: «Ularning yonboshlari yotar joydan yiroq bo‘lur. Ular Robblariga qo‘rquv va umidvorlik ila duo qilurlar va o‘zlariga rizq qilib berganimiz narsalardan infoq qilurlar» (Sajda surasi, 16- oyat).
So‘ngra yana dedilar:
- Ey Muoz! Senga barcha ishlarning boshi, ustuni va eng yuqori cho‘qqisi nimaligini aytaymi? Ishlarning boshi Islom. Uning ustuni namoz. Yuqori cho‘qqisi esa, Alloh yo‘lidagi jihoddir!
So‘ngra yana dedilar:
- Ey Muoz! Bularning barchasining asosini aytaymi?
- Ayting, ey Allohning Rasuli!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tillarini ushlab:
- Mana buni tiy! - dedilar.
Muoz roziyallohu anhu dedi:
- Ey Allohning Nabiysi! Biz aytayotgan gapimiz tufayli ham tutilamizmi?
Nabiy alayhissalom dedilar:
- Onang seni yo‘qotsin, Muoz!
Insonlarni yomon tillari do‘zaxga yuztuban qulatmasa, boshqa nima qulatadi?!
Tilning suyagi yo‘q, ammo har qanday suyakni sindirishi mumkin. Qancha-qancha kishilar kimningdir hazil tariqasida aytgan qo‘pol gapi uchun kechasi bilan uxlay olmasdan, to‘lg‘anib chiqadi. Majlis tarqalib ketishi mumkin, ammo aytilgan gap pichoq singari uning qalbida sanchilgan holatda qoladi!
Qancha-qancha qizlarga kelgan sovchilar qo‘shnilar aytgan birgina yomon ta’rifni eshitib, jim qaytib ketadi. Aslida, u qizlar hasadgo‘y qo‘shnilarning bo‘htonidan pokiza edi!
Chaqimchilarning, «bo‘lsa, ko‘rolmaydigan, bo‘lmasa, berolmaydigan» kishilarning dastidan qancha-qancha insonlar ishidan, bola-chaqasining rizqidan ajraladi!
Yolg‘on guvohlik beruvchi birgina so‘z bilan qancha-qancha meroslar tortib olinadi, odamlar haqqidan mahrum qilinadi. Haqlar nohaq o‘zlashtiriladi!
Hasad, kin-adovat tufayli aytilib olov yoqilgan birgina chaqimchilik bilan qancha-qancha do‘stlar ajralib ketishadi. Do‘stlik dushmanlikka aylanadi. Muhabbatga to‘la qalblar oqibatda adovatga to‘ladi!
Gapimizga, qalamimizga va ijtimoiy tarmoqlardagi yozuvlarimizga, kishilarga raddiyalar berishimizga nazar solaylik. Avvalo o‘z sahifamizni to‘ldirayotganimizni unutmaylik.
Axir insonlarni do‘zaxga yomon gaplar kiritmasa, nima kiritadi?!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi