frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Hayot manbaimiz isrofi yoxud obi hayot haqida o‘ylar

16.07.2018   4512   5 min.
Hayot manbaimiz isrofi yoxud obi hayot haqida o‘ylar

O‘zbekistonda bir odam soqol olishga o‘rtacha 20 litr suv sarflaydi. Bu haqda 2000 yil Oliy Majlisda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda aytilgan edi. O‘tgan o‘n sakkiz yil mobaynida qanchadan qancha yigitlarimizning soqoli chiqdi-yu, ammo o‘sha sarflanayotgan 20 litr suv 21 litrga chiqsa chiqqandir, ammo 19 litrga tushgani yo‘q.

Yevropaliklar esa soqol olishga 200 gramm suv sarflaydi. Buning sababi bizning soqolimiz yevropaliklarning soqolidan 100 barobar ko‘pligida emas, biz shunchaki suv jo‘mragini ochib qo‘yib 100 barobar ko‘p suvni oqizib yuborishimizda, xolos.

Lekin buning aksi o‘laroq Yevropa chuchuk suv zaxiralariga quruq iqlimli bizning mintaqadan ko‘ra, 100 barobar bo‘lmasa ham anchagina boy.

Alloh taoloning irodasi ila bu yil nafaqat bizning mintaqada, balki quruq iqlimli barcha hududlarda suv tanqisligi kuzatildi. Hatto ba’zi o‘lkalarda shiddatli qurg‘oqchilik kuzatilmoqda. Shukrlar bo‘lsinki, Rabbimiz bizning yurtimizda ham suv ne’matini bir oz tortib qo‘ydi-yu, qattiq qurg‘oqchilik bilan sinamadi. Bunda Vatanimiz bo‘ylab o‘tkazilgan Qur’on musobaqasida qilingan tilovatlar, duolarning hissasi katta bo‘ldi, albatta...

Aslida namchil o‘lkalarda vaqti-vaqti bilan suv toshqinlari bo‘lib turishi – AQSH, Britaniya, Yaponiya... quruq iqlimli hududlarda qurg‘oqchiliklar, suv tanqisliklari bo‘lib turishi tabiiy hodisa. Ularning mashhurlari hazrati Umar roziyallohu anhu davrida Arabiston yarim orolida yuz bergan dahshatli qurg‘oqchilik, Amir Temur hazratlari davrida Movarounnahrda bo‘lgan shiddatli qurg‘oqchilik, 1932-33 yillardagi millionlab odamning yostig‘ini quritgan ocharchilik, sobiq sho‘ro davridagi 1985-86 yillardagi qurg‘oqchilik, 2000-2001 yil yurtimizda  sodir bo‘lgan qurg‘oqchiliklardir.

Hazrati Umar roziyallohu anhu, Amir Temur rahmatullohi alayh, Islom Karimov rahmatli davrida qurg‘oqchilik sababli aholi unchalik zarar ko‘rmadi. Bu sinovdan davlat rahbarining omilkorligi sababli mamlakat va xalq betalofat  chiqdi. Biroq sobiq sho‘ro davridagi qurg‘oqchiliklar sababli xalqning boshiga ko‘p ofatlar yog‘ildi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu yil ob-havoning unchalik o‘ng‘ay kelmaganiga vegetatsiya davrining boshidanoq e’tibor qaratib, suvning boridan samarali foydalanish, dehqonlarimizning behuda mehnat sarf-xarajatlar qilib qo‘yishining oldini olishga alohida ahamiyat berdi. Xususan, 28 may kuni  Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistonda suv tanqisligi sababli sholi ekiladigan maydonlar 162 mingdan 94 ming gektargacha qisqartirilishi aytildi. Guruch savdosi bilan shug‘ullanuvchi, bozorning avzoyini tez anglaydigan uchar savdogarlarimiz o‘sha kuniyoq guruchning narxini ikki barobarga oshirdi. Bozordagi guruchning narxi kechagina olganidan naqd ikki barobar oshib qolganini ko‘rib sodda xaridorlar hayronu lol bo‘lib, o‘zi hamishagi bozorimizdamanmi, deya atrofni ko‘zdan kechirib yoqa ushlab qoldi.

Shuningdek, o‘sha kungi videoselektorda suv tanqisligi kutilayotgan Qashqadaryo viloyatida takroriy ekin maydonlari 30 ming gektarga, Samarqand viloyatida 42 ming gektarga, Buxoro viloyatida 20 ming gektarga, Navoiy viloyatida 14 ming gektarga va Qoraqalpog‘istonda 10 ming gektarga kamaytirilishi ma’lum qilindi. Buning hisobiga dukkakli o‘simliklar narxi ham yuqori sapchidi.

Ha, mayli, boshlari omon bo‘lsin, har qanday imkoniyatdan odamlar o‘zlarining fe’l-atvoridan chiqib fodalanadi-da, buning uchun birovni malomat qilish – nega hamma har tarafga qarab yuradi, hamma bir tarafga qarab tartib bilan yursin deya ko‘chaga kaltak ko‘tarib chiqqan darveshning ishiga o‘xshab qoladi... 

So‘lim Farg‘ona viloyatida Beshterak degan mahalla fuqarolar yig‘ini, o‘sha yerda O‘rtaqishloq degan qishloq borligini ko‘pchilik yurtdoshlarimiz bilmas edi. Ana shu qishloqda yashovchi piri badavlat otaxonu onaxon  Mamarasul aka va uning turmush o‘rtog‘i Munavvara opa muborak haj safariga borish uchun yillar davomida misqollab  44 million so‘m yiqqan edilar. Ular ana shu mablag‘ini O‘rtaqishloq aholisi uchun quduq qazib, minorasini o‘rnatishga sarfladilar.

Alloh taolo Qur’oni karimda suvni hayot manbai qilib qo‘yganini ta’kidlab ko‘plab oyatlar keltirgan. Jumladan, «Biz  osmondan barakotli suv — yomg‘ir yog‘dirib, uning yordamida bog‘-rog‘larni va o‘rib olinuvchi don-dunlarni hamda tizilgan (mevali) novdalari bo‘lgan baland xurmolarni undirib-o‘stirdik. Bandalarga rizq bo‘lsin uchun (mana shunday qildik). Yana u (suv) yordamida o‘lik shaharni − yerni tiriltirdik (O‘liklarning o‘z qabrlaridan qayta tirilib) chiqishlari ham mana shunday bo‘lur» (Qof surasi, 9-11-oyatlar).

Darhaqiqiat, suv ekinlarimizni, chorvamizni sug‘oradigan, o‘zimizning chanqog‘imizni bosib, tanimizni poklaydigan, turli kasalliklardan himoya qiladigan ne’mat bo‘lish barobarida uning yana bir go‘zal fazilati bor ekan: Michigan universiteti olimlari yetarlicha suv ichmaslik ortiqcha vazn yig‘ishga sabab bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatuvchi yangi ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Bu esa ichimlik suvi semizlik bilan kurashishda yordam berishi mumkinligi to‘g‘risidagi fikrni qo‘llab-quvvatlaydi.

Rabbimiz Mo‘minun surasida suvni aniq o‘lchov bilan qor-yomg‘ir qilib yerga joylab qo‘yganini aytgan. Demak, bu yilgi o‘lchovda yurtimizga odatdagidan kamroq suv taqsim qilinganki, buning hikmati – suv ne’matining qadrini yanada teranroq his etib, aqlimizni ko‘proq ishlatib, odatdagidan-da omilkor bo‘laylik, suvdan tejab-tergab foydalanaylik.  Ana shunda Parvardigorimiz bu bebaho ne’matni yana mo‘l-ko‘l qilib beradi, inshoalloh.

 

Damin JUMAQUL,

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Matbuot – jamiyat ko‘zgusi

26.06.2025   6750   2 min.
Matbuot – jamiyat ko‘zgusi

Ommaviy axborot vositasi – jamiyat ko‘zgusi, millatning yuzi. Uning zimmasida keng jamoatchilikni fikrlashga chorlash, tarbiyalash, dunyoqarashni boyitishdek mas’uliyat turadi.


Keyingi yillarda mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishning muhim sharti bo‘lgan ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, ularning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash, soha vakillarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 
 

Shu munosabat bilan bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida "Matbuot – jamiyat ko‘zgusi" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.


Mazkur tadbir 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etildi. Unda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, OAV vakillari, Akademiya o‘qituvchi va xodimlari ishtirok etdi.
 

So‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda yurtimizda so‘z erkinligiga bo‘lgan e’tibor yangi darajaga ko‘tarilganini qayd etishdi. OAV demokratik qadriyatlarni qaror toptirish, dunyoda va mamlakatimizda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, voqea-hodisalar haqida tezkor va haqqoniy ma’lumotlar yetkazish, Yangi O‘zbekistonning demokratik qiyofasini shakllantirishda muhim rol o‘ynayotganini ta’kidlashdi. 
 

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari soha vakillarining mehnatini doimo e’tirof etar ekanlar, shunday fikrlarni bildirgan edilar: 
 

"Biz bugun huquqiy demokratik davlat qurayotgan ekanmiz, jurnalistikaning butun dunyoda e’tirof etilgan, o‘zgarmas talab va mezonlariga amal qilishimiz zarur. Bu mezonlarning eng asosiysi – xolislik va haqqoniylikdir. Binobarin, matbuot maydoniga kirgan inson – u jurnalist bo‘ladimi, bloger bo‘ladimi, bundan qat’i nazar – ana shu qoidalarga amal qilishi shart". 
 

Uchrashuv davomida "Yangi O‘zbekiston" va "Pravda Vostoka" gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov, "Jadid" gazetasi bosh muharriri Iqboljon Mirzaaliyev, Adliya vaziri maslahatchisi, bloger Shahnoza Soatova hamda "Ziyo" media markazi direktori Abduhamid Muxtorov so‘zga chiqib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.


Shundan so‘ng yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda yosh avlodning barkamol voyaga yetishi, xalqaro standartlar asosida ta’lim olishi, ilm-fan, kasb-hunar cho‘qqilarini egallashi hamda xalqimiz ma’naviy-ma’rifiy yuksalishi borasidagi yangilanishlarni keng jamoatchilikka samarali yetkazishda Akademiya bilan faol hamkorlik qilib kelgan bir guruh OAV xodimlarni bayram munosabati bilan taqdirlash marosimi o‘tkazildi. 

 

Bir guruh jurnalistlarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

 

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Matbuot – jamiyat ko‘zgusi Matbuot – jamiyat ko‘zgusi Matbuot – jamiyat ko‘zgusi Matbuot – jamiyat ko‘zgusi Matbuot – jamiyat ko‘zgusi Matbuot – jamiyat ko‘zgusi Matbuot – jamiyat ko‘zgusi Matbuot – jamiyat ko‘zgusi Matbuot – jamiyat ko‘zgusi Matbuot – jamiyat ko‘zgusi
O'zbekiston yangiliklari