O‘zbekistonda bir odam soqol olishga o‘rtacha 20 litr suv sarflaydi. Bu haqda 2000 yil Oliy Majlisda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda aytilgan edi. O‘tgan o‘n sakkiz yil mobaynida qanchadan qancha yigitlarimizning soqoli chiqdi-yu, ammo o‘sha sarflanayotgan 20 litr suv 21 litrga chiqsa chiqqandir, ammo 19 litrga tushgani yo‘q.
Yevropaliklar esa soqol olishga 200 gramm suv sarflaydi. Buning sababi bizning soqolimiz yevropaliklarning soqolidan 100 barobar ko‘pligida emas, biz shunchaki suv jo‘mragini ochib qo‘yib 100 barobar ko‘p suvni oqizib yuborishimizda, xolos.
Lekin buning aksi o‘laroq Yevropa chuchuk suv zaxiralariga quruq iqlimli bizning mintaqadan ko‘ra, 100 barobar bo‘lmasa ham anchagina boy.
Alloh taoloning irodasi ila bu yil nafaqat bizning mintaqada, balki quruq iqlimli barcha hududlarda suv tanqisligi kuzatildi. Hatto ba’zi o‘lkalarda shiddatli qurg‘oqchilik kuzatilmoqda. Shukrlar bo‘lsinki, Rabbimiz bizning yurtimizda ham suv ne’matini bir oz tortib qo‘ydi-yu, qattiq qurg‘oqchilik bilan sinamadi. Bunda Vatanimiz bo‘ylab o‘tkazilgan Qur’on musobaqasida qilingan tilovatlar, duolarning hissasi katta bo‘ldi, albatta...
Aslida namchil o‘lkalarda vaqti-vaqti bilan suv toshqinlari bo‘lib turishi – AQSH, Britaniya, Yaponiya... quruq iqlimli hududlarda qurg‘oqchiliklar, suv tanqisliklari bo‘lib turishi tabiiy hodisa. Ularning mashhurlari hazrati Umar roziyallohu anhu davrida Arabiston yarim orolida yuz bergan dahshatli qurg‘oqchilik, Amir Temur hazratlari davrida Movarounnahrda bo‘lgan shiddatli qurg‘oqchilik, 1932-33 yillardagi millionlab odamning yostig‘ini quritgan ocharchilik, sobiq sho‘ro davridagi 1985-86 yillardagi qurg‘oqchilik, 2000-2001 yil yurtimizda sodir bo‘lgan qurg‘oqchiliklardir.
Hazrati Umar roziyallohu anhu, Amir Temur rahmatullohi alayh, Islom Karimov rahmatli davrida qurg‘oqchilik sababli aholi unchalik zarar ko‘rmadi. Bu sinovdan davlat rahbarining omilkorligi sababli mamlakat va xalq betalofat chiqdi. Biroq sobiq sho‘ro davridagi qurg‘oqchiliklar sababli xalqning boshiga ko‘p ofatlar yog‘ildi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu yil ob-havoning unchalik o‘ng‘ay kelmaganiga vegetatsiya davrining boshidanoq e’tibor qaratib, suvning boridan samarali foydalanish, dehqonlarimizning behuda mehnat sarf-xarajatlar qilib qo‘yishining oldini olishga alohida ahamiyat berdi. Xususan, 28 may kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistonda suv tanqisligi sababli sholi ekiladigan maydonlar 162 mingdan 94 ming gektargacha qisqartirilishi aytildi. Guruch savdosi bilan shug‘ullanuvchi, bozorning avzoyini tez anglaydigan uchar savdogarlarimiz o‘sha kuniyoq guruchning narxini ikki barobarga oshirdi. Bozordagi guruchning narxi kechagina olganidan naqd ikki barobar oshib qolganini ko‘rib sodda xaridorlar hayronu lol bo‘lib, o‘zi hamishagi bozorimizdamanmi, deya atrofni ko‘zdan kechirib yoqa ushlab qoldi.
Shuningdek, o‘sha kungi videoselektorda suv tanqisligi kutilayotgan Qashqadaryo viloyatida takroriy ekin maydonlari 30 ming gektarga, Samarqand viloyatida 42 ming gektarga, Buxoro viloyatida 20 ming gektarga, Navoiy viloyatida 14 ming gektarga va Qoraqalpog‘istonda 10 ming gektarga kamaytirilishi ma’lum qilindi. Buning hisobiga dukkakli o‘simliklar narxi ham yuqori sapchidi.
Ha, mayli, boshlari omon bo‘lsin, har qanday imkoniyatdan odamlar o‘zlarining fe’l-atvoridan chiqib fodalanadi-da, buning uchun birovni malomat qilish – nega hamma har tarafga qarab yuradi, hamma bir tarafga qarab tartib bilan yursin deya ko‘chaga kaltak ko‘tarib chiqqan darveshning ishiga o‘xshab qoladi...
So‘lim Farg‘ona viloyatida Beshterak degan mahalla fuqarolar yig‘ini, o‘sha yerda O‘rtaqishloq degan qishloq borligini ko‘pchilik yurtdoshlarimiz bilmas edi. Ana shu qishloqda yashovchi piri badavlat otaxonu onaxon Mamarasul aka va uning turmush o‘rtog‘i Munavvara opa muborak haj safariga borish uchun yillar davomida misqollab 44 million so‘m yiqqan edilar. Ular ana shu mablag‘ini O‘rtaqishloq aholisi uchun quduq qazib, minorasini o‘rnatishga sarfladilar.
Alloh taolo Qur’oni karimda suvni hayot manbai qilib qo‘yganini ta’kidlab ko‘plab oyatlar keltirgan. Jumladan, «Biz osmondan barakotli suv — yomg‘ir yog‘dirib, uning yordamida bog‘-rog‘larni va o‘rib olinuvchi don-dunlarni hamda tizilgan (mevali) novdalari bo‘lgan baland xurmolarni undirib-o‘stirdik. Bandalarga rizq bo‘lsin uchun (mana shunday qildik). Yana u (suv) yordamida o‘lik shaharni − yerni tiriltirdik (O‘liklarning o‘z qabrlaridan qayta tirilib) chiqishlari ham mana shunday bo‘lur» (Qof surasi, 9-11-oyatlar).
Darhaqiqiat, suv ekinlarimizni, chorvamizni sug‘oradigan, o‘zimizning chanqog‘imizni bosib, tanimizni poklaydigan, turli kasalliklardan himoya qiladigan ne’mat bo‘lish barobarida uning yana bir go‘zal fazilati bor ekan: Michigan universiteti olimlari yetarlicha suv ichmaslik ortiqcha vazn yig‘ishga sabab bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatuvchi yangi ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Bu esa ichimlik suvi semizlik bilan kurashishda yordam berishi mumkinligi to‘g‘risidagi fikrni qo‘llab-quvvatlaydi.
Rabbimiz Mo‘minun surasida suvni aniq o‘lchov bilan qor-yomg‘ir qilib yerga joylab qo‘yganini aytgan. Demak, bu yilgi o‘lchovda yurtimizga odatdagidan kamroq suv taqsim qilinganki, buning hikmati – suv ne’matining qadrini yanada teranroq his etib, aqlimizni ko‘proq ishlatib, odatdagidan-da omilkor bo‘laylik, suvdan tejab-tergab foydalanaylik. Ana shunda Parvardigorimiz bu bebaho ne’matni yana mo‘l-ko‘l qilib beradi, inshoalloh.
Damin JUMAQUL,
O‘MI Matbuot xizmati
Sabrsizlik musulmonlar orasida turli ixtiloflar, urush-janjallar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Alloh Taolo sabr qiluvchilar bilan bo‘ladi. Ularni turli yomonliklardan asraydi. Sabr qilmay, chidamsiz bo‘lganlar esa, ixtilof girdobiga duchor bo‘ladilar.
Oyati karimaning oxirida Alloh taolo: “Va sabr qiling. Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilandir”, deb marhamat qilgan.
Shuningdek, Alloh taolo “Rum” surasi 31-32 oyatlarda mo‘min-musulmonlarga quyidagi xitobni qiladi: “...Va mushriklardan bo‘lmang. Dinlarida tafriqaga tushgan, guruh-guruh bo‘lib olib, har bir jamoa o‘z oldidagi narsadan shod bo‘lganlardan bo‘lmang”.
Demak, dinda tafriqaga tushish mushriklarning ishi bo‘lib tanilgan ekan. Guruh-guruh bo‘lib olib, ixtilof chiqarish, talashib-tortishish ham mushriklarning ishi ekan. Har bir jamoa o‘z oldidagi narsadan shod bo‘lib, boshqalarni past sanashi ham mushriklarning ishi ekan.
Alloh taolo “An’om” surasi 109-oyatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib: “Dinlarini tafriqa qilib, o‘zlari guruhbozlik qilganlar bilan hech bir aloqang yo‘q. Albatta, ularning ishi Allohning O‘ziga havola. So‘ngra qilgan ishlarining xabarini berur”, degan.
Ushbu oyati karimada Alloh taolo tafriqa va guruhbozlikka olib boradigan nizo hamda ixtiloflarni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yo‘llaridan boshqa, ul hidoyat yo‘liga teskari yo‘l hisoblamoqda. Alloh taolo bu oyatda tafriqa va guruhbozlik Payg‘ambarimizning ummatlariga munosib emasligini qattiq ta’kidlamoqda.
Alloh taolo “Oli Imron” surasida siz bilan biz musulmonlarga xitob qilib: “O‘zlariga ochiq bayonotlar kelganidan keyin bo‘linib, tafriqaga tushganlarga o‘xshash bo‘lmanglar! Ana o‘shalarga ulug‘ azob bordir”, degan.
Tafriqaga tushib bir-birimiz ila tortishish nizolar urchib, fayzu baraka ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi.
Yangiqo‘rg‘on tumani "Sayid bobo Termiziy" jome masjidi
imom-xatibi Abduvali Mahmudxonov
@SOFTALIMOTLAR