Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Aprel, 2026   |   6 Zulqa`da, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:04
Quyosh
05:31
Peshin
12:26
Asr
17:12
Shom
19:17
Xufton
20:36
Bismillah
24 Aprel, 2026, 6 Zulqa`da, 1447

Aqlli bola

16.07.2018   6402   2 min.
Aqlli bola

Doimo donishmand va olimlarni mehmonga chaqirib, duolarini olib turadigan bir saxovatli kishi doimiy odatiga ko‘ra yana olimlarni uyiga taklif qildi. Mehmonlar ichida keksa, taniqli olim ham bor edi. Ziyofat oxirida o‘sha olim:

– Azizlar! Biz ham keksaydik, umrimiz o‘tib bormoqda. Bizda bo‘lgan ilmlardan manfaat­dor bo‘lib qoling, bilmaganlaringizni so‘­rang, qo‘­limdan kelganicha javob beray, – dedi yi­g‘il­ganlarga qarab. Hamma jim, savol berishga hech kim botina olmay turgan bir mahalda, dah­liz­da o‘tirganlar ichidan yoshi o‘nlarni qoralab qolgan bir bola qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib go‘zal odob bilan:

– Hazrat! Aybga buyurmangizu kaminaning kichik bir savoli bor, – dedi.

– Barakalla bolam, savolingizni tortinmasdan so‘rayvering, – dedi olim bolaning aqlu odobidan xursand bo‘lib.

– Keksalikka yetib, azizu mukarram bo‘lishim uchun nima qilishim kerak? – dedi boshini xiyol egib.

– Ofarin, eng ulug‘ savolni berdingiz. Bu savolingizga tonggacha javob bersam ham vaqt yet­maydi. Shunday bo‘lsa-da, qisqacha javob bera­man. Keksayganda aziz bo‘lish uchun ota-onangizni xizmatini qilib, duosini oling, yaqinlaringiz bilan qarindoshlik rishtalarini mustah­kam­lang, olim va yaxshi insonlar davrasida bo‘­lib, hur­mat qozoning! Shunda umringiz uzun, kek­sayganda, albatta, hurmatu izzatda bo‘lasiz, deb bola haqiga xayrli duo qildi.

Ey aziz farzand! Bu hikoyadan olimlar suh­batida o‘tirganlar ma’nisiz lag‘v so‘zlar aytishdan tiyilib, o‘zlariga foydali savollar ber­sinlar. Olimning ilmidan foydalanib qo­lish­sin. Yoshlar olimdan savol so‘raganda odob qoi­dalariga rioya qilib, olimning ko‘nglini qoldirmaydigan, ranjitmaydigan qilib, tavoze bilan savol bersin! Albatta, duo va mehr inson umrini uzaytirib, rizqni barakali qiladi, baxtiyor umrning omili bo‘ladi.

Umri, yoshi ortar olqish olganni,

Qarg‘ish tegmay qolmas, yoshni sindirar.

Demak, yaxshi duo umrni uzaytirsa, qarg‘ish yosh umrlarni zavolga uchratib, yosh g‘unchani ochil­masdan xazon qiladi.

 

“Qasamini buzgan qiz” kitobidan olindi

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Zuhd mevasi

23.04.2026   2954   1 min.
Zuhd mevasi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Dunyoning mol-mulkiga e’tibor qilmagan zohidning qalbini Allohning o‘zi boy qilib qo‘yadi. Unga garchi xohlamasada dunyo boyligidan berib qo‘yadi. Shu ma’noda  ulug‘ zohidlardan birlarini Allohga qilgan go‘zal munojotini tinglang:

“Allohim, Seni yo‘qotgan nimani topdi?! Seni topgan esa nimasini  yo‘qotdi?! Sendan o‘zga joyda oromu halovat izlagan, uni topmadi. Seni qo‘yib boshqa tomonga yugurgan, ziyonu zahmatda qoldi”.


Bir odam Ibrohim Adham quddisa sirruhudan ko‘ylaklarini o‘zlari tikayotganlarini ko‘rib so‘radi:

“Ey Ibrohim, Alloh sizga Balx podsholigi o‘rniga nima berdi?”

Ibrohim quddisa sirruhu javob berdilar:

“Allohning menga bergan narsalarini anglab yetish uchun seni aqling ojizlik qiladi, lekin shunga qaramasdan, Allohning menga ato etganlaridan seni fahming oladigan bir narsani ko‘rsataman, o‘zing tushinib olasan”.


Ibrohim qo‘llaridagi ignani dengizga tashlab, so‘ng  uni qaytarib berishligini so‘rab Allohga duo qildilar. Shu onni o‘zida og‘izlarida oltin ignalar tutgan, sanoqsiz baliqlar birin ketin daryodan boshlarini chiqara boshladilar.

Ibrohim Adham quddisa sirruhu:

“Yo Xudoyim, o‘zimni ignamni qaytarib berishingni xohlayman,” dedilarda, yonlaridagi  odamga qarata:

“Bu  Allohning menga bergan va seni fahming olishi mumkin bo‘lgan ne’matlaridan birginasi edi xolos”, deb javob berdilar.

 

“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.

Maqolalar