Doimo donishmand va olimlarni mehmonga chaqirib, duolarini olib turadigan bir saxovatli kishi doimiy odatiga ko‘ra yana olimlarni uyiga taklif qildi. Mehmonlar ichida keksa, taniqli olim ham bor edi. Ziyofat oxirida o‘sha olim:
– Azizlar! Biz ham keksaydik, umrimiz o‘tib bormoqda. Bizda bo‘lgan ilmlardan manfaatdor bo‘lib qoling, bilmaganlaringizni so‘rang, qo‘limdan kelganicha javob beray, – dedi yig‘ilganlarga qarab. Hamma jim, savol berishga hech kim botina olmay turgan bir mahalda, dahlizda o‘tirganlar ichidan yoshi o‘nlarni qoralab qolgan bir bola qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib go‘zal odob bilan:
– Hazrat! Aybga buyurmangizu kaminaning kichik bir savoli bor, – dedi.
– Barakalla bolam, savolingizni tortinmasdan so‘rayvering, – dedi olim bolaning aqlu odobidan xursand bo‘lib.
– Keksalikka yetib, azizu mukarram bo‘lishim uchun nima qilishim kerak? – dedi boshini xiyol egib.
– Ofarin, eng ulug‘ savolni berdingiz. Bu savolingizga tonggacha javob bersam ham vaqt yetmaydi. Shunday bo‘lsa-da, qisqacha javob beraman. Keksayganda aziz bo‘lish uchun ota-onangizni xizmatini qilib, duosini oling, yaqinlaringiz bilan qarindoshlik rishtalarini mustahkamlang, olim va yaxshi insonlar davrasida bo‘lib, hurmat qozoning! Shunda umringiz uzun, keksayganda, albatta, hurmatu izzatda bo‘lasiz, deb bola haqiga xayrli duo qildi.
Ey aziz farzand! Bu hikoyadan olimlar suhbatida o‘tirganlar ma’nisiz lag‘v so‘zlar aytishdan tiyilib, o‘zlariga foydali savollar bersinlar. Olimning ilmidan foydalanib qolishsin. Yoshlar olimdan savol so‘raganda odob qoidalariga rioya qilib, olimning ko‘nglini qoldirmaydigan, ranjitmaydigan qilib, tavoze bilan savol bersin! Albatta, duo va mehr inson umrini uzaytirib, rizqni barakali qiladi, baxtiyor umrning omili bo‘ladi.
Umri, yoshi ortar olqish olganni,
Qarg‘ish tegmay qolmas, yoshni sindirar.
Demak, yaxshi duo umrni uzaytirsa, qarg‘ish yosh umrlarni zavolga uchratib, yosh g‘unchani ochilmasdan xazon qiladi.
“Qasamini buzgan qiz” kitobidan olindi