Sayt test holatida ishlamoqda!
19 May, 2025   |   21 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
05:01
Peshin
12:25
Asr
17:27
Shom
19:42
Xufton
21:12
Bismillah
19 May, 2025, 21 Zulqa`da, 1446

Tasavvufning dindagi o‘rni, mohiyati va tizim o‘laroq paydo bo‘lishi

16.07.2018   6586   12 min.
Tasavvufning dindagi o‘rni, mohiyati va tizim o‘laroq paydo bo‘lishi

Din bandalarning zohiriga ham botiniga ham xitob qiladigan, ularni ikki jahon saodatiga erishtiradigan ilohiy odob va hukmlardan tashkil topgan tarbiya tizimidir. Bu tarbiya asosan uch sohada amalga oshadi. Birinchisi ishonch, ikkinchisi ibodat, uchinchisi esa ahloqdir. Din qalbdan ishonish bilan boshlanadi; ibodat toat bilan yashatiladi. Odob, go‘zal ahloq, qalb pokligi, nafs tarbiyasi bilan Allohga bo‘lgan do‘stlik isbot etiladi. Shu holda komil bir mo‘'min bo‘lish dinga mukammal amal qilib yashashga bog‘liqdir.
Dinimizning bu uch asosga tayanganini ushbu mashhur hadisdan bilish mumkin.
Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam masjidda sahobai kiromlar bilan o‘tirgan edilar. O‘sha paytda bir kishi paydo bo‘ldi. Kelgan shaxs, oppoq ko‘ylakli, qora sochli, xushbo‘y hid taratgan, ustida safar izi ko‘rinmagan, hech kim tanimagan bir kishi edi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga keldi, oldiga o‘tirdi, qo‘llarini tizzasining ustiga qo‘ydi va so‘ray boshladi.
“Ey Muhammad! Menga Islomning nima ekanligidan xabar bering”.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
“Islom, Allohdan boshqa iloh yo‘qligiga, Muhammad Uning payg‘ambari ekanligiga shahodat keltirishingdur. Bundan tashqari, namoz o‘qishing, zakot berishing, ro‘za tutishing va kuching etsa, Allohning uyi Ka’bani ziyorat qilishingdur”,- deya javob berdilar.
U kishi to‘g‘ri aytding, dedi. Biz ajablanib qoldik, o‘zi so‘rab, o‘zi tasdiqlayapti.
Yana U: “Menga iymonning nima ekanligidan xabar bering”, - deya so‘radi; Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
“Iymon, Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga, oxirat kuniga, barcha yaxshilik va yomonlik Allohning taqdiri bilan bo‘lganiga ishonishingdur”, - deya javob berdilar.
U kishi to‘g‘ri aytding, dedi va “ehson nedur?” - deya so‘radi; Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
“Ehson, Allohni ko‘rib turgandek Unga ibodat qilishingdur. Agarchi sen Uni ko‘rmasang ham, U seni ko‘rmoqdadur”, -dedilar.
Kishi: “Menga qiyomat qachon bo‘lishini xabar bering”, - deya so‘radi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Bu borada savol so‘ralgan kimsa, so‘raguvchidan bilguvchiroq emas”, – dedilar.
Lekin bu kishining savoliga binoan Rosululloh sollallohu alayhi va sallam qiyomatning ba’zi alomatlaridan xabar berdilar. 
Bu savollarni so‘ragan kishi o‘sha paytda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Birozdan keyin Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Savol bergan kishini tanidingmi, ey Umar!”, dedilar. “Alloh va uning Rasuli bilguvchiroq”, deb javob berdi Umar roziyallohu anhu. “U Jibril edi, sizlarga diningizni o‘rgatgani keldi”, dedilar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam.
Demakki, Jabroil alayhis-salom, o‘zi bir narsa o‘rgangani emas, 
bu yo‘l bilan insonlarga dinni o‘rgatgani kelgan edi. Uni, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga Alloh yuborgan, u bilan dinning aslini bizga o‘rgatib, ayniqsa, sahobai kiromlarga uni bu shaklda ko‘rish sharafini baxsh etgan.
Bu hadisda belgilanganidek, din uch asos uzra qurilgan: Bular iymon, ibodat va axloqdir.
Iymon - ishonch asosidir, buni kalom ilmi olimlari tadqiq etadi. Ibodatlarni fiqh olimlari tadqiq etadi. Axloq esa insonning ichki tarbiyasidir. Bu qalbdan salbiy sifatlarni tozalab, o‘rniga yaxshi sifatlarni qo‘yishdir. Bunday bir tarbiya, eng go‘zal shakli bilan, bu sohada rahbar bo‘lgan komil insonlarning nazar va nazoratida paydo bo‘ladi. 
Bu komil insonlar, Qur’on va Sunnat uzra qurilgan tasavvuf maktablarida etishganlar.
Bu hadisda belgilangan ehson, asl g‘oyasi ma’naviy poklik va go‘zallik bo‘lgan tasavvuf tarbiyasining asosini tashkil etadi va bu tarbiyaning mohiyatini o‘rtaga qo‘yadi.
Har mo‘'minga sog‘lom iymon va to‘g‘ri ibodat farz bo‘lgani kabi qalb pokligi, nafs tarbiyasi va go‘zal axloq ham farzdir. Bu farzlarni bajarishga vosita bo‘lgan narsalar ham ular kabi alohida ahamiyat kasb etadi.
Hech bir mo‘'min “Men iymon keltirdim, ibodat qilaman, lekin menga ixlos kerakmas, ilohiy sevgi kerakmas, mening ma’rifatullohga ehtiyojim yo‘q, men qalb pokligini xohlamayman, nafs tarbiyasi bilan shug‘ullanmayman”, deya olmaydi. Bunday fikr qilgan inson xato qiladi, dinini haqqi bilan tanimagan va yashamagan bo‘ladi. Qalbi ulug‘ Alloh bilan huzur-halovat topmagan har bir inson zarardadir. Ilohiy sevgi 
va zikrullox bitmas huzur-halovat deganidir. Hech qachon o‘zgarmaydigan bu qat’iy hukm borasida Qur’oni karimda shunday buyurilgan:
“Iymon keltirganlar va Allohning zikri ila qalblari orom topganlar: Ayo Allohning zikri ila qalblari orom topmasmi? (Ha, iymon keltirganlarning qalblari Allohning zikri ila orom topadi. Chunki, u qalblar o‘zlarining Allohga doimiy bog‘liq ekanliklarini va dunyodagi hamma narsa Allohdan ekanligini yaxshi his etadilar)”. (Ra’d surasi, 
28-oyat).
Tasavvuf – qalbni Alloh bilan tanishtirib, huzur-halovatga etishtirish yo‘llarini o‘rgatgan va uni bevosita o‘zi tatbiq etgan bir tarbiyaviy tizim. Tasavvuf go‘zal ahloq maktabidir. Qalb pokligi va go‘zal ahloq dinning botiniy fiqhidir. Bunga Qur’oni karimda taqvo deyiladi. Taqvoga etishish uchun qilingan kurashga tazkiya deyiladi. Tazkiya qalbni inkor, shirk, isyon va g‘aflat kirlaridan tozalab, ruhni poklash, nafsni salbiy xulq-atvorlardan qutqazib, go‘zal sifatlar bilan bezamoqdir. Bularning barchasidan maqsad ulug‘ Allohning roziligiga va do‘stligiga etishmoqdir. Maqsadi Alloh roziligi bo‘lgan tarbiyaning barcha usul 
va odobi ham Alloh roziligiga mos kelishi kerak.
Alloh taolo ilohiy tarbiyaning va do‘stlikning markaziga Rasuli Akram sollallohu alayhi va sallamni qo‘ygandir. Unga bosh egmagan kimsa buyuk Allohning rizoligini tomolmaydi va Unga do‘st bo‘lolmaydi.
Alloh taolo bu masalada barcha insoniyatning oldiga shu ilohiy o‘lchovni qo‘ygan:
“Ayting (ey, Muhammad): Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag‘firat etadi. Alloh kechiruvchi va rahmlidir (“Oli-Imron” surasi, 31-oyat).
Olimlar belgilanganidek, bu oyatdagi “tobe’ bo‘lish” oddiygina tobe’ bo‘lish emas. Bu erdagi tobe’lik Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga haqiqiy ma’nodagi bir sevgini o‘z qamroviga oladi. Bu sevgi Faxri Koinat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga qalb, til, hol va axloq ila tom ma’noda taslimiyat bilan tobe’likdir. Mo‘'min ichi 
va tashi bilan, ishonch va yashash tarzi bilan sunnatni mahkam ushlagan taqdirdagina Allohga sevilgan bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam as'hobi kirom roziyallohu anhumlarga Islom dini, iymon, ibodat va ehsonni o‘rgatgan, ko‘rsatgan, yashatgan va undan keyin oxiratni sharaflantirgan.
Sahobai kirom roziyallohu anhumlar ham o‘zlaridan keyin kelganlarga din, iymon, ibodat va ehsonni bir butun holda o‘rgatganlar. Din avvalgi ikki asrda bir butun holda tatbiq etilib, zohiriy va botiniy taraflari ayni hassos(nozik)lik bilan ko‘rinadi va yashaladi. Keyinchalik esa ahvol o‘zgaradi.
Hijriy II asrlardan e’tiboran diniy hayotda bir zaiflik ko‘rina boshlaydi. Yangi fathlar va Islomga yangi kirganlar bilan Islomiyat juda keng yoyildi. Bu ahvol turli xil muammolarni ham keltirdi. Dinga yangi kirganlarga uni tushuntirmov va yashatish uchun olimlar va solih kishilar juda katta g‘ayrat sarf etishdi.
Kalom olimlari e’tiqod sohasiga, faqixlar ibodat mavzulariga, muhaddislar hadislarni aniqlashga, mufassirlar Qur’onning tafsiriga, til olimlari arab tiliga yo‘nalib, Islomning asosiy ilmlarini jonlantirishga va insonlarga etkazishga harakat qildilar hamda Allohning izni bilan bu ishlarda muvaffaqiyatga erishdilar. Bu orada orif, solih, avliyo, so‘fiy ismi bilan Alloh do‘stlari ham dinning odob, axloq, qalb pokligi va ilohiy ishqga yo‘naldilar; himmat va g‘ayratlarini bu sohada sarf qildilar. Bu vaqt mobaynida insonlarning tabiatiga mos tarbiya 
va isloh usullarini rivojlantirdilar. Bu ishda Qur’on va Sunnatga tayandilar. Sahobai kiromning tatbiqi va ularga ergashgan tobeinlardan o‘rnak oldilar. Din tarbiyasini o‘zlarining nafslarida yashatdilar 
va insonlarga ko‘rsatdilar. Insonlarning ko‘ngliga xitob qildilar. Suhbat, muhabbat, va’z, nasihat, tavba, ishq, go‘zal axloq, zarofat, soddalik, mardlik kabi go‘zalliklar bilan ko‘ngillarni qozondilar.
Mana shu ma’naviyat yo‘lboshchilari hijriy V asrdan boshlab Islom olamidagi tarbiya markazlarini va maktablarini qurdilar. Zohiriy olimlar shariat ilmini suhbat va kitob yozish yo‘li bilan avloddan avlodga qanday etkazib bergan bo‘lsalar, hol, ma’naviyat va qalb ilmi deyilgan ixlos, fayz, sevgi, ilohiy ishq, ko‘z yoshi, odob va go‘zal axloqlar ham qalbdan qalbga, ko‘ngildan ko‘ngilga ko‘chirilib, hozirgi kunimizga qadar etib keldi. Alloh taolo har davrda bu dinning ham zohiriy va ham ma’naviy ilmlarini o‘rganuvchi, anglaguvchi va boshqalarga o‘rgatuvchi shaxslarni yaratgan. Ma’naviyat va axloq ilmini komil murshidlar, Rabboniy olimlar yuritadi va ular nasibasi bo‘lganlarga etkazadilar. Bu ne’mat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning olamlarga rahmat bo‘lish mo‘jizasining bir davomidir.
Bu rahmat axloqi asosida yashab, insoniyatning yorug‘ yuzi bo‘lgan komil insonlar tarixning har davrida bo‘lganlar. Yo‘lini va sevgisini yo‘qotgan insonlar ular bilan yo‘lini topgan, huzur-halovatga ega bo‘lib, o‘zligini anglagan, haqiqiy insoniylik va odob bilan tanishgan.
Sayyid Abdulqodir Jiyloniy, Yunus Emro, Mavlono Jaloliddin Rumiy, Xoji Bektoshiy Valiy, Shoh Naqshband, Imom Rabboniy, Mavlono Xolid Bog‘dodiy, Ahmad Rifoiy va boshqa buyuk zotlar (qoddasalllohu asrorohul aliya) barcha insoniyatga ilohiy ishq va odobni hayoti davomida yashagan holda ko‘rsatganlar.
Haq yo‘lining rahbari bo‘lgan Alloh do‘stlari barcha insoniyatga rahmat bo‘lgan bir paytda kishilar ichida tasavvufdan yovuz amallari uchun foydalanishni xohlagan ahlsiz va yomon niyatli insonlar ham chiqqanlar. 
Bu yo‘l ulug‘ Allohning yo‘lidir. Bu yo‘lning o‘lchovi, asosi, usuli, odobi, amali qiyomatgacha o‘zgarmaydi. Yo‘l ochiq, usuli ma’lum, odob va axloq maxfiy emas. Hol va yo‘nalishi Qur’on va Sunnatga mos kelmagan insonlarni tark etish kerak.
Buyuk valiylar va ulug‘ oriflar odob va taqvo yo‘lida qanday rahbarlik qilinishini hammaga ko‘rsatganlar. Ularga munkir bo‘lganlar xato qiladi, zarar ko‘radi va zarar etkazadi.
Ma’naviy silsila bu yo‘lning omonligidir. Buyuk zotlar bu silsila bilan ilohiy ishqni, fayzni, ilmni, odobni, axloqni va omonatni 
bir-birlaridan olib yashaganlar va o‘zlaridan keyingilarga etkazganlar.
Alloh bu buyuk omonatni shu kunga qadar etkazganlarni rahmat aylasin, ularning darajalarini oliy, maqomlarini yuksak qilsin. Bizlarni ulardan ajratmasin! Omin!


SAIDOV IBROHIMJON
Mir Arab oliy madrasasining
Tasavvuf ilmi maktabi o‘qituvchisi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Umayma binti Xalaf - sabr va iymon timsoli

16.05.2025   4702   3 min.
Umayma binti Xalaf - sabr va iymon timsoli

Islom da’vati Makkada boshlangan davrlarda, Umayma binti Xalaf ibn As’ad ibn O’mir ibn Bayoza’ al-Xuzoiyya — iymon nurini qalbida tuygan ilk ayollardan biri edi. Uning qalbi iymonga ochiq, haqiqatni e’tirof qilishga tayyor edi. Turmush o‘rtog‘i – Xolid ibn Said ibn Os bir kecha ajib tush ko‘radi: o‘zini ulkan va dahshatli olov chetida turganini, otasi uni o‘sha olovga tashlayotganini ko‘radi, lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa uni ushlab, olovdan qutqarayotgan ekan.

Uyg‘onib, bu tushni Abu Bakr roziyallohu anhuga aytdi. U kishi unga: “Bu yaxshilikning alomati. Sen Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ergash, u seni jahannamdan qutqaradi”, dedilar. Xolid shunda Islomni qabul qildi va bu haqda rafiqasi Umaymaga aytdi. U ham, hech ikkillanmasdan, Islomni qabul qildi. Shu tariqa ular birinchi musulmon juftliklardan biriga aylandi.

Xolidning otasi uning musulmon bo‘lganini eshitgach, jahl qilib, uni chaqirtirdi. Uni haqoratladi, kaltakladi va uydan haydadi. “Men seni taom bilan ta’minlamayman!” dedi. Xolid esa qat’iyat bilan: “Agar siz bermasangiz, Robbim menga rizq beradi” – deb javob berdi. Shu zahoti uydan haydaldi va borib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonida bo‘ldi.

Umayma turmush o‘rtog‘iga sodiqlik bilan yordamchi bo‘ldi. U zulm, qiyinchilik va kambag‘allikka sabr qildi. Sabr va imon uning qalbida mustahkam ildiz otgan edi.

Nihoyat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga Habashistonga hijrat qilishni buyurganlarida, Xolid va Umayma ilk hijrat qilganlardan bo‘lishdi. Ular Habashistonda farzandli ham bo‘lishdi: o‘g‘illari – Said ibn Xolid va qizlari – Umma binti Xolid. Qizi keyinchalik “Ummu Xolid” nomi bilan mashhur bo‘ldi.

Ular Habashistonda o‘n yildan ziyod vaqt musofirlikda yashashdi. Keyinchalik Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Amr ibn Umayyani yuborib, ularni ikki kema bilan qaytardilar. Ular Madinaga qaytib kelganida, Payg‘ambarimiz alayhissalom Xaybarni fath qilgan edilar. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va musulmonlar bilan uchrashib, ajib shodlik va taskinga erishdilar.

Xolid ibn Said Umar ibn Xattob xalifaligi davrida hayot kechirdi va u “Marj as-Safar” jangida, hijriy 14 sanada shahid bo‘ldi. Bu xabarni eshitgan Umayma onamiz bu musibatiga sabr qildi, yuragi og‘riqda bo‘lsa ham, imoni bilan tasalli topdi. Chunki, Xolidni o‘ldirgan odam keyin Islomni qabul qilib: “Bu kim edi?. Undan osmonga chiqayotgan nurni ko‘rdim!” - degan edi.

Umayma binti Xalaf – sabrli, muhojir, mo‘min ayolning yuksak namunasidir. U umr yo‘ldoshini islom dinida qo‘llab-quvvatladi, hayotining quvonch va tashvishli lahzalarini birga o‘tkazdi va islom tarixida buyuk iz qoldirdi.

 

Ilyosxon AHMЕDOV
tayyorladi.

Mazkur maqola Abu Malik Muhammad bin Homid bin Abdulvahhobning
“Soliha ayollar haqida 150 qissa” nomli asaridan tarjima qilindi.