Shu yilning oxirigacha Koreya Respublikasining Gvangchju, Rossiya Federatsiyasidagi Moskva hamda Sankt-Peterburg shaharlarida Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari Agentligining vakolatxonalari ochiladi. Bu haqda Kun.uz muxbiri agentlik boshlig‘i Ravshan Ibragimov so‘zlariga tayanib xabar bermoqda.
«Keyingi yillarda esa ushbu tarmoqlar soni 8 tagacha yetkaziladi», deb qo‘shimcha qilgan agentlik boshlig‘i.
13 iyul kuni tashkil etilgan matbuot anjumanida agentlik tomonidan taklif etilayotgan imkoniyatlar haqida ham so‘z bordi.
Xususan, kam ta’minlangan fuqarolarga tashkil qilingan maxsus jamg‘arma hisobidan imtiyozli stipendiyalar ajratilishi yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi. Shuningdek,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 martdagi PQ-3584-sonli qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Agentlik filiallari huzurida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ishga chiqayotgan fuqarolarga temir yo‘l va aviachiptalarni 20 foizlik chegirma asosida sotishga ixtisoslashtirilgan maxsus kassalar (har bir viloyatda bittadan, butun respublika bo‘ylab jami 14 ta) tashkil etildi.
Anjumanda ma’lum qilinishicha, shu kungacha qariyb 12,5 mingta fuqaroga Rossiya Federatsiyasida mehnat faoliyatini olib borishlariga yordam berildi.
«2018 yilning 6 oyi mobaynida Janubiy Koreyaga 1243, Rossiya Federatsiyasiga 513, Turkiyaga 241, Polshaga dastlabki 5 nafar fuqarolar ishga yuborildi», deyiladi rasmiy bayonotda.
manba: Kun.uz
"16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni" munosabati bilan joriy yilning 14 noyabr kuni bir guruh diniy soha xodimlari "Diniy bag‘rikenglik" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar.
Tadbirda turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari va diniy konfessiya vakillari, milliy madaniy markazlar faollari, yurtimizda millatlararo do‘stlik va diniy bag‘rikenglik rishtalarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan hamyurtlarimiz hamda OAV vakillari qatnashdi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev yuksak mukofotga sazovor bo‘lganlarni samimiy muborakbod etib, bugun yurtimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan hamyurtlarimizga katta muvaffaqiyatlar tiladi va yuksak mukofotlarni o‘z egalariga topshirdi.
Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va tizimda samarali faoliyat yuritayotgan xodimlardan Islomiddin Zuhriddinov, Salohiddin Sherxonov, Muzaffar Kamolov, Ibrohimjon Inomov, Dilfuza Egamova, Ergashali Rustamov, Jahongir Ne’matov, Ergashvoy Hamidov, Sanobar Muhammadxodjayeva, Shoira Umarova, mehnat faxriylari Jaloliddin Nuriddinov, Mahmudjon Ibodullayev, xattot Habibulloh Solih ana shunday e’tibor va ehtiromga sazovor bo‘lishdi.
Tantanali tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan yurtimizda davlatimiz rahbari tomonidan diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar natijasida fuqarolarning vijdon erkinligi, din va millatlararo totuvlik ta’minlanayotgani, mazkur ko‘krak nishonining ta’sis etilgani diniy sohaga bo‘lgan yuksak e’tiborning yaqqol namunasi ekani ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 25-sentabrdagi "Diniy bag‘rikenglik" ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, ushbu ko‘krak-nishoni bilan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni targ‘ib etish, fuqarolar e’tiqod erkinligini ta’minlash, dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash va ma’naviy muhit barqarorligini saqlashdagi ibratli ishlari uchun yetuk ulamolar, atoqli arboblar, diniy soha rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda xorijiy olimlar taqdirlanishi belgilangan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati