«Biz osmonu yerni va ularning orasidagi narsalarni behuda yaratganimiz yo‘q» (Sod surasi 27-oyat).
O‘tgan kuni nashriyot muharriri Bobomurod Erali somsasini yeyishni unutib qo‘yibdi. Kecha mening oldimga o‘sha somsani yesam bo‘ladimi deb maslahat so‘ragani chiqibdi. Men unga: “Yesangiz-yengu, keyin darhol garajning tahoratxonasiga qulayroq joyga borib oling-da”, deb maslahat berdim. “U holda sizga bera qolay somsani”, dedi. “Menga bersangiz, mushugimga olib borib beraman, haqqingizga duo qilib qo‘yadi”, dedim. “Duosi o‘ziga siylov, menga pulini berib yuborsin”, dedi shoir. “Mushukda pul nima qiladi, sichqon-pichqon tutib olsa, berib yuborar”, dedim. “Sichqonmi, kaltakesakmi – nima bo‘lsa ham ushlab bersin”, dedi somsasi uchun joni o‘rtanib borayotgan Bobomurod domla. “Xo‘p”, deya mabodo hidi chiqib ketsa noqulaychilik bo‘lmasin deb Yusufxon akam yelim paketga mahkam o‘rab tutqazgan somsani olib ketdim.
Somsani uyga olib borib mushukning oldiga qo‘ygan edim, uzoqdan turib bir hidladi-da, burnini jiyirib: “Buni qayerdan olib keldingiz?” deb so‘radi. Achigan somsaning badbo‘y hidi unga yoqmaganini sezib o‘ng‘aysizlanib: “Bobomurod domla berdi”, dedim. So‘ng domlaning shu somsa evaziga narsa ham so‘raganini aytolmay kalovlanib qoldim. Mushuk esa: “Somsasi boshidan qolsin!” deb mo‘ylovini buradi-da, gerdayib ortiga qayrilib ketdi.
Buni ko‘rib bizning xonimning jag‘i ochilib ketsa bo‘ladimi, “Mushuk bechorani o‘ldirgani olib keldingizmi buni, bu somsani it yesa ham o‘lib qoladi. Abdulbosit, anovini qo‘shnining itiga chiqarib tashla! A, o‘lmaydi, kuchukka hech balo qilmaydi...”
Hosili kalom, bir maza qilib go‘shtli somsa yesin degan niyatda uyimizni sichqonu kalamushlardan himoya qilib yurgan mushugimizning joniga xavf solib qo‘yibman, astag‘firulloh – uvolginasi yomon-a.
Zero, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam mushuklar haqida «U sizlarning atrofingizda aylanib yuradigan hayvonlardan», deganlar. Sahobalardan Abdurahmon ibn Sahl mushuklarni yaxshi ko‘rib, boqib yurganlari uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallam uni «Abu Hurayra» – «mushukchaning otasi» deb kunyalaganlar.
Yana ulug‘larimizdan birining etagida mushukcha uxlab qolgan ekan, namoz vaqti kirib tahoratga turmoqchi bo‘lsa, shiringina uxlab yotgan mushukcha uyg‘ona qolmas emish. U muhtaram zot shugina jonivorning uyqusini buzmaslik uchun shartta etagini kesib turib ketgan ekanlar.
Mushukni Payg‘ambarimiz alayhissalom yaxshi sifat bilan sifatlaganlari, sahobalar, valiylar, mehribon insonlar yaxshi ko‘rgani evaziga bu jonivor insonlarga ko‘p foyda yetkazishga harakat qiladi. Tasavvur qiling, oyog‘ingizning tagidan sichqonmi, kalamushmi o‘tib qolsa, nima qilasiz? Joyingizda sakrab, o‘ynab qolasiz, to‘g‘rimi? Muloyimgina bo‘lib yotgan mushukcha esa darhol katta avlodi yo‘lbarsga aylanadi. Shu vaqtda uning qanday chiroyli bo‘lib ketganini chaqqonligini, kuchliligini bir ko‘rsangiz edi...
Ammo Alloh taolo oyati karimada har bir narsaning hikmat bilan yaratilganining xabarini berib qo‘yganini bilmagan kimsalar ularni nobud qilib, johilliklarining jabrini o‘zlari tortganlar. Jumladan, 1484 yil Papa Innokentiy VIII mushuklarni shaytonga sig‘inish vositasi deb hisoblagani bois ularni qirib tashlashga buyruq berdi. Butun Yevropa mushuklardan tozalandi. Natijada sichqonlar ko‘payib vabo tarqaldi. Bu o‘lat 100 mingdan ortiq insonning yostig‘ini quritdi.
O‘tgan yuzyillikda donlarni tashib ketyapti degan da’vo bilan Xitoy qushlarga qirg‘in keltirdi. Qanday qilib deysizmi? Bir milliarddan ortiq xitoyliklar qo‘liga tovoqmi, tog‘orami nima to‘g‘ri kelsa olib, dangir-dungir qilib qushlarni hurkitib turgan. Yerga, daraxtga simyog‘ochga, uylarning tomiga, bir martagina qo‘nib nafas rostlab ololmagan qush bechoralar tappa-tappa tashlab o‘lib qolavergan. Buning natijasida o‘sha yili xitoyliklar yerdan mutlaqo hosil ololmagan, hamma ekinlarni qurt-qumursqalar nobud qilgan.
Ko‘hna tarix sahifalarini titkilayversangiz, shunga o‘xshash aqlbovar qilmas hodisalarni ko‘p uchratasiz. Ba’zida bizning o‘zimizning ham ko‘nglimizga ayrim jonzotlar xush kelmaydi. Ana shunday kezlarda “Biz osmonu yerni va ularning orasidagi narsalarni behuda yaratganimiz yo‘q” oyatini eslab qo‘ysak, ko‘nglimiz taskin topib, yengil tortamiz va Rabbimizdan ularning barchasini bandalari uchun manfaatli qilishini so‘rab duo qilib qo‘yamiz.
Damin JUMAQUL
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi