Shayx Ibrohim Haqqiy yoshligida avliyoullohlardan bo‘lgan Ismoil Faqirulloh hazratlarining qo‘llarida tahsil va tarbiya ko‘rgan edi. Bir kuni ustozi uni chaqirtirdi. Ibrohim yugurib keldi:
- Labbay, ustoz?
- Shu ko‘zada buloqdan suv olib kelgin. Ibrohim ko‘zani olib uloqqa bordi. Ko‘zani to‘ldirayotganida bir otliq keldi va:
- Qani, nari tur, deb Ibrohimni itarib yubordi. Ibrohimning ko‘zasi yerga tushib, sindi. U yig‘lab ustozining huzuriga keldi.
Nima bo‘ldi, o‘g‘lim? deb so‘radi ustozi.
Buloqdan suv olayotuvdim, bir otliq kelib, itarib yuborganida, ko‘za qo‘limdan tushib, sindi.
Ko‘zani sindirgan odamga biron nima dedingmi?
Yo‘q, hech nima demadim.
Bir og‘iz ham gapirmadingmi?
Yo‘q.
Tezda u yerga borib, otliqqa biror narsa degin. Yana tezda ortga qayt.
Ismoil faqirullohning bunday buyruq berishlaridan hamma hayron qoldi. Ibrohim yugurib buloq boshiga keldi. Haligi kishi otini yuvar edi. Ibrohim anchagacha talmovsirandi, lekin hech narsa deyolmay, qaytib keldi.
Ustozi:
Gapirdingmi? deb so‘radi.
Yo‘q.
Vaqt o‘tkazmay yugur. Unga biror yomon gap aytib kel!
Ibrohim yana yugurib buloq boshiga keldi. Qarasa, uni itargan otliq yerda yotibdi. Unga yaqin keldi. Otliq boshi yorilgan holda behush yotardi.
Bu holatdan yuragi
yorilayozgan Ibrohim ustozining yoniga keldi. Ustozi yana suradi:
Biror narsa dedingmi, Ibrohim?
Yo‘q, ustoz. Bu safar borganimda uning boshi yorilgan, qonga belanib yotgan ekan. Peshonasida ot tuyog‘ining izi ko‘rindi.
Ismoil hazratlari:
Ey o‘g‘lim, birgina ko‘za uchun bir odamni o‘ldirtirding!
Bu endi qandoq bo‘ldi?! Unga bir og‘iz so‘z, bir og‘io‘ yomon so‘z aytganingda, bu hodisa ro‘y bermasmidi... dedilar.
Ismoil Faqirulloh hazratlarining atrofidagilar: Ustoz, aytgan gapingizga uncha yaxshi tushunmadik, deyishdi.
Ha, dedi Ismoil Faqirulloh hazratlari, bir zolim biror kishini hafa qilsa, yig‘latsa-yu, mazlum u zolimga qarshi hech narsa qilolmasa, mazlumning ko‘ngli ozor topgani uchun Haq taolo zolimdan uning haqini oladi. Ibrohim ham ko‘zasi singach, u otliqqa hech bo‘lmasa:
Nima qilib qo‘yding? deganida otining tepkisidan omon qolarmidi...
"G‘am-qayg‘usiz yashay desangiz o‘ksinma" kitobidan.
Savol: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ota jannatning o‘rta eshigidir. Xohla, bu eshikni saqla, xohla zoye qil”, degan ekanlar. Shuni izohlab bersangiz. O‘rta eshik deganda nima tushuniladi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym. Ha, haqiqatan ham shunday hadis bor, uni imom Termiziy rahimahulloh Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilgan.
Abu Dardo roziyallohu anhu aytadilar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Ota jannat eshiklarining o‘rtasidir. Xohlasang, o‘sha eshikni muhofaza qil yoki zoye qil”, deganlarini eshitganman”.
Muhaddis ulamolar mazkur hadisni sharhlab, mazmunini tushuntirib berganlar. “O‘rta” deb tarjima qilingan so‘z hadisda “avsat” deb kelgan. Avsat so‘zining bir emas, bir necha ma’nolari bor. O‘rta degan ma’nodan tashqari eng yaxshi, eng to‘g‘ri, mo‘tadil degan ma’nolarda ham keladi.
Boshqa ulamolar bunday deyishgan: “Albatta, jannatning bir necha eshiklari bor va ularning ichida kirish uchun eng go‘zali o‘rtadagisidir. O‘sha o‘rta eshikdan kirishga sabab bo‘ladigan amal esa ota-onaning haqlarini ado etishdir”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi