Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyun, 2025   |   26 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
22 Iyun, 2025, 26 Zulhijja, 1446

Tunda Qur’on o‘qish fazilati

13.07.2018   2357   3 min.
Tunda Qur’on o‘qish fazilati

Kechasi bedor bo‘lib namoz o‘qishning, Qur’on tilovat qilishning gashti bo‘lakcha, fazilati ulug‘. Odamlar ayni shirin uyqudalik chog‘ida ibodat qilgan inson yuksak maqomga erishadi. Tunda ibodatda qoim bo‘lib, Kalomullohni o‘qiydigan bandalar haqida Qur’onda shunday deyilgan: «Ahli Kitob orasida sajda qilgan hollarida tunlari Allohning oyatlarini tilovat qiladigan to‘g‘ri (yo‘ldagi) jamoat ham bor. (O‘sha zotlar) Allohga, oxirat kuniga imon keltiradilar, yaxshi amalga buyurib, isyon-gunohdan qaytaradilar, yaxshiliklar qilishga shoshiladilar. Ana o‘shalar  solih bandalardir» (Oli Imron surasi, 113-114-oyatlar).

Ibn Kasir oyat tafsirida shunday degan: «Ular tunni ibodat bilan o‘tkazadilar, tahajjud namozini o‘qiydilar, Qur’on tilovat qiladilar».

Ibn Burayda otasidan rivoyat qilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Qur’on qiyomat kuni sillasi qurigan kishi suratida kelib: «Seni  tunlari bedor qilgan, kugduzlari chanqatgan menman», deydi».

 Qur’on oxirat kuni sohibiga uning dunyodagi horg‘in suratida ko‘rinadi. Qori tunlari shirin uyqusidan kechib Qur’on o‘qiydi, Alloh yo‘lida charchaydi. Banda dunyoda Alloh yo‘lida xizmat qilgan, Qur’on o‘qigan bo‘lsa, Qur’on oxiratda bandaning yuqori martabalarga ko‘tarilishiga hissa qo‘shadi.

 Rivoyat qilinishicha, qiyomat kuni banda qabrdan chiqqanidan Qur’on uni holdan toygan kishi qiyofasida kutib olib:

— Meni tanidingmi? — deydi.

Banda aytadi:

— Seni tanimayman.

— Meni tanimaysanmi?

— Ha.

— Seni issiq kunlarda chanqatgan, tunlari bedor qilgan do‘sting Qur’onman. Har bir savdogar tijorati orqasidan foyda ko‘radi. Sen ham bugun tijorating ortidan manfaat olasan.

Shunda qorining o‘ng qo‘liga mulk, chap qo‘liga mangulik beriladi. Boshiga viqor toji kiydiriladi. (Qur’on o‘qigan insonning) ota-onasiga ikkita libos kiydiriladi.  Unga dunyo ahli teng kelolmaydi. Shu payt (ikkisi):

— Bu libos bizga nima uchun kiydirildi?! — deb (ajablanib) so‘rashadi.

— Farzandingiz Qur’on o‘rgangani uchun, — deyiladi.

Keyin (Qur’on sohibiga):

— O‘qi, jannat pog‘onasi va xonalari tomon ko‘taril, — deyiladi.

 U — tez o‘qisa ham, sekin o‘qisa ham — yuqorilab boraveradi.

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadi: «Kim tunda «Baqara» surasini o‘qisa, ko‘p va xo‘b qilibdi».

Ibrohim Naxaiy: «Kechasi ozroq bo‘lsa ham Qur’on tilovat qilinglar!» deb tayinlardi.

Avzoiy: «Kim tunlari bedor bo‘lib, ko‘p Qur’on o‘qisa, qiyomat kuni hisob berishi oson kechadi», degan.

Dilmurod MAMATOV,

Baxmal tumani «Molguzar» jome masjidi imom-xatibi

 

Manba: http://vakillik.uz

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar

Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!

20.06.2025   13547   3 min.
Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!
2025 yilning 26 iyun kuni – yangi 1447 hijriy yil – Muharram oyi boshlanishining 1 kunidir. Ashuro kuni 2025 yilning 5 iyul, shanba kuniga to‘g‘ri keladi.

Muharram oyi qanday oy?
Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.


Ashuro qanday kun?
Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).


Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).


Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”, deganlar.


Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).


Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).

Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu niyatlariga e’tiboran, Ashuro kuniga qo‘shib bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutmoq afzal deydilar.

Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.

Davron NURMUHAMMAD