Kechasi bedor bo‘lib namoz o‘qishning, Qur’on tilovat qilishning gashti bo‘lakcha, fazilati ulug‘. Odamlar ayni shirin uyqudalik chog‘ida ibodat qilgan inson yuksak maqomga erishadi. Tunda ibodatda qoim bo‘lib, Kalomullohni o‘qiydigan bandalar haqida Qur’onda shunday deyilgan: «Ahli Kitob orasida sajda qilgan hollarida tunlari Allohning oyatlarini tilovat qiladigan to‘g‘ri (yo‘ldagi) jamoat ham bor. (O‘sha zotlar) Allohga, oxirat kuniga imon keltiradilar, yaxshi amalga buyurib, isyon-gunohdan qaytaradilar, yaxshiliklar qilishga shoshiladilar. Ana o‘shalar solih bandalardir» (Oli Imron surasi, 113-114-oyatlar).
Ibn Kasir oyat tafsirida shunday degan: «Ular tunni ibodat bilan o‘tkazadilar, tahajjud namozini o‘qiydilar, Qur’on tilovat qiladilar».
Ibn Burayda otasidan rivoyat qilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Qur’on qiyomat kuni sillasi qurigan kishi suratida kelib: «Seni tunlari bedor qilgan, kugduzlari chanqatgan menman», deydi».
Qur’on oxirat kuni sohibiga uning dunyodagi horg‘in suratida ko‘rinadi. Qori tunlari shirin uyqusidan kechib Qur’on o‘qiydi, Alloh yo‘lida charchaydi. Banda dunyoda Alloh yo‘lida xizmat qilgan, Qur’on o‘qigan bo‘lsa, Qur’on oxiratda bandaning yuqori martabalarga ko‘tarilishiga hissa qo‘shadi.
Rivoyat qilinishicha, qiyomat kuni banda qabrdan chiqqanidan Qur’on uni holdan toygan kishi qiyofasida kutib olib:
— Meni tanidingmi? — deydi.
Banda aytadi:
— Seni tanimayman.
— Meni tanimaysanmi?
— Ha.
— Seni issiq kunlarda chanqatgan, tunlari bedor qilgan do‘sting Qur’onman. Har bir savdogar tijorati orqasidan foyda ko‘radi. Sen ham bugun tijorating ortidan manfaat olasan.
Shunda qorining o‘ng qo‘liga mulk, chap qo‘liga mangulik beriladi. Boshiga viqor toji kiydiriladi. (Qur’on o‘qigan insonning) ota-onasiga ikkita libos kiydiriladi. Unga dunyo ahli teng kelolmaydi. Shu payt (ikkisi):
— Bu libos bizga nima uchun kiydirildi?! — deb (ajablanib) so‘rashadi.
— Farzandingiz Qur’on o‘rgangani uchun, — deyiladi.
Keyin (Qur’on sohibiga):
— O‘qi, jannat pog‘onasi va xonalari tomon ko‘taril, — deyiladi.
U — tez o‘qisa ham, sekin o‘qisa ham — yuqorilab boraveradi.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadi: «Kim tunda «Baqara» surasini o‘qisa, ko‘p va xo‘b qilibdi».
Ibrohim Naxaiy: «Kechasi ozroq bo‘lsa ham Qur’on tilovat qilinglar!» deb tayinlardi.
Avzoiy: «Kim tunlari bedor bo‘lib, ko‘p Qur’on o‘qisa, qiyomat kuni hisob berishi oson kechadi», degan.
Dilmurod MAMATOV,
Baxmal tumani «Molguzar» jome masjidi imom-xatibi
Manba: http://vakillik.uz
Sayyor yig‘ilish
Ikki hoji suhbatidan:
– Assalomu alaykum, salomatmisiz?
– Vaalaykum assalom, rahmat, alhamdullilah.
– Yo‘l bo‘lsin!
– Bugun «Hilol» masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazilarkan. Zayniddin domla kelarkanlar.
– Shoshmang, men bexabar qolibman.
– Yuravering....
* * *
Bugun Olmaliq shahridagi «Hilol» jome masjidida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiliklarida sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov, shahar bosh imom-xatibi, imomlar, otinoyilar, «Haj 2025» hojilari, mahalla faollari ishtirok etdi.
Tadbirdan so‘ng shahardagi mahallalarga chiqilib, oilalar o‘rganildi. Ajrim yoqasida turgan yoshlar yarashtirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan kishilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi, tavsiyalar berildi.
Shahardagi masjidlar imom-xatiblari ham tadbirda faol qatnashdilar.
Shundan so‘ng yana «Hilol» masjidiga qaytilib, amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqilib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Xayrli duolar bilan sayyor yig‘ilish nihoyasiga yetdi.
* * *
– Yig‘ilish juda samarali bo‘ldi. Ko‘plab oilalarga kirilib, hol so‘ralgani ko‘ngildagidek ish bo‘ldi-da.
– Shunday xayrli ishlar boshida turgan aziz insonlar baraka topishsin...
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati