Xadicha (roziyallohu anho) onamiz Rasulullohdan qattiq xavotir ola boshladi. To u kishi hamnafas ekan, tinim bilmadi. Nima qilib bo‘lsa ham, Payg‘ambarimizga ko‘mak bersam derdi. Bu paytda u kishi 65 yoshga to‘lgan edi. Yuragi iymon va sadoqat bilan urardi. Yoshlardek g‘ayrati taniga sig‘masdan harakat qilardi. Rasululloh sallallohu alayhi vassallam doimo uning uzun hayot kechirishini, Alloh dini yo‘lida ko‘proq xizmat qilishini tilardilar. Tabiiyki, Xadicha onamiz ham Allohning nusratini ko‘rishni orzu qilardi. Ulkan Quyoshning dunyoga nur taratib, insoniyatni zulmatdan yorug‘likka olib chiqishiga guvoh bo‘lishni xohlardi. Mushriklar Rasululloh sallallohu alayhi vassallamga ozor bergan paytlarda ul zotga nisbatan mehribonchiliklari yanada oshar, taskin-tasalli berar edi. Hali Alloh xuzuriga qaytishga vaqt bor deb bilardi. Mushriklarning aziyatidan qochib, qurash maydonini tark etishni hayoliga keltirmagan edi. “Xadichani o‘ldiramiz”, degan mushriklar niyatiga yeta olishmaydi, degan ishonchda edi. Negaki, Abu Tolibdan keyin” Rasulullohga Xadicha onamizdan boshqa yordam beruvchi kishi qolmagan edi. Bir kecha Qur’on tilovat qilib o‘tirarkan, Xadicha onamizning badanida qattiq og‘riq turdi. Asta-sekin holsizlandi. Rasulullohga qarab: “Ey Allohning rasuli! Alloh sizga yaqinda yordam berajak. Allohning nuri hech qachon o‘chmaydi! Parvardigor o‘z nurini sira tark etmaydi. Aksincha, tez orada uni komil etgay”, dedi.
Rasululloh sallallohu alayhi vassallam bu holsizlikning oqibatini his qildilar. Qo‘llarini kaftlarining ustiga qo‘yib, vujudlarida qattiq bezovtalik borligini sezdilar. “Xadicha, (roziyallohu anho) bemor bo‘libsan. Yengilgina isitmang bor. Alloh xohlasa, tezda o‘tib ketadi”, deb ko‘nglini ko‘tardilar. So‘ng qo‘llarini uzatib, onamizning turishiga yordam berdilar. Yotoqqa yetgunlaricha suyab bordilar. Yonida utirib, muborak qo‘llari bilan ko‘ksilarini siladilar, peshonalariga sochiq bosdilar. Allohdan shifo so‘radilar. Onamiz yordam berganlari uchun Rasulullohga minnatdorlik bildirdi va borib dam olishini aytdi. “Ey Xadicha, — dedilar Payg‘ambarimiz, — sening haqqingni qanday ado qilaman? Kambag‘al edim, Alloh meni sen tufayli boy qildi. Ximoyasiz edim, uyingda yordam va ximoya topdim. Sen biz uchun mehribon ona, opa, xotin eding… Eng yaqin suyanchig‘imiz eding…” Xadicha onamizning og‘riqlari kuchayib, ko‘zlari yoshga to‘ldi. “Senga nima bo‘ldi? Allohning fazl-rahmati kengdir”, dedilar Rasuli akram. U kishidagi g‘amginlikni ko‘rib, onamiz: “Ey Rasululloh Alloh sizga nusrat beradi, — dedi jilmayib, —ulkan Quyosh Makka va uning atrofidagi zulmatni yoritganini ko‘rishni naqadar orzu qilardim!” Payg‘ambarimiz unga taskin berib dedilar: “Yaqinda, albatta, ko‘rasan. Bu zulmat yengiladi. Hali sog‘ayib ketasan”. Onamizga ma’yus tikilarkan: “Senga Alloh shifo beradi. Xadicha, (roziyallohu anho) meni hargiz yolg‘iz qoldirib ketma”, dedilar. Dard g‘olib kela boshladi. “Rasululloh — dedi onamiz, — Alloh siz bilan birgadir. Ularning ozor-aziyatlarini, yomonliklarini Alloh tezda o‘zlariga qaytarajak. Hargiz sizni yenga olmaslar. Siz Alloh tomonidasiz. Faqat, aytingchi… Rabbim menga nima va’da qilmoqda? Amallarimni dargohida qabul qilib, mendan rozi bo‘lganmikan?”
Ko‘z yoshlarini ko‘rsatmaslik uchun Rasululloh sallallohu alayhi vassallam yuzlarini chetga burdilar. So‘ngra: “Alloh sendan rozi bo‘ldi va senga raxmat aytdi. Haq yo‘lida yordam qilding, mol-dunyoingni ayamading, Rasululloh bilan birga bo‘lding… Kimki Alloh va rasuliga yordam qilsa, Alloh ham unga munosib tarzda ajr beradi. Ey Xadicha, (roziyallohu anho) senga Adn jannati ichida marjondan qurilgan, ostidan zilol suvlar oqib turuvchi qasr berilajak”, dedilar. So‘ng sovuq suvni peshonasiga bosdilar, harorat bir oz tushib, onamiz tetiklashdi.
“Dushmanlarimiz bizni mag‘lub eta olishmaydi, — dedi Xadicha onamiz — Quraysh ahli bugun nima bilan mashg‘ul?” Atrofida turgan qizlaridan biri: “Onajon, ular kutib turibdilar”, deb yig‘lay boshladi. Rasulullohning ko‘zlari ham yoshga to‘ldi. Qizlarini tinchlantirishga harakat qildilar. Lekin kasallik soat sayin zo‘rayib borardi. Rasululloh sallallohu alayhi vassallam bilan qizlari qattiq havotirga tushishdi. Xovlini to‘ldirib turgan musulmonlarni og‘ir g‘am bosgan edi. Allohdan shifo tilab, duo qildilar. Ularning deyarli barchasi Xadichaning(roziyallohu anho) yaxshiligidan, hayru sahovatidan bahramand bo‘lgan edilar.
Abu Lahab bilan uning xotini darvoza oldida turib, xovliga kim kirib-chiqsa, gapga tutishardi. Biroq qisqagina javobdan boshqa hech narsa eshitolmasdilar. O‘ta yaxshi ko‘rganlar ham, nihoyatda yomon ko‘ruvchilar ham Xadicha (roziyallohu anho)ning hol-ahvolini surishtirardi. Rasululloh va qizlari onamizning oldidan jilmay, qarab turishardi. Afsuski, u kishining hayoti so‘ngiga yetib borayotgan edi. Onamiz so‘nggi lahzalarda ham o‘zidan keyin Rasulullohga qurayshliklarning ozor-aziyat berishini o‘ylab, tashvish chekardilar. Tun uzun edi. Sahar bo‘zarib kela boshladi. Rasululloh sallallohu alayhi vassallam u kishining yonida edilar. Xadicha onamiz ko‘zlarini bir ochib, qizlariga va Rasulullohga qaradi. So‘ng rozi-rizolik tilab ko‘zlarini yumdi. Omonatini Parvardigorga topshirdi.
Rasulullohning ko‘zlari yoshga to‘ldi, yuragi iztirob alangasida yondi. Islomni payg‘ambardan so‘ng birinchi bo‘lib qabul qilgan mo‘tabar va mard-jasur ayol dunyodan ko‘z yumgan edi. U Alloh va Uning dini yo‘lida ko‘p ish qildi. Rasulullohning ko‘zlaridan yosh to‘xtamasdi, qizlari ham yig‘lardi. Butun hovli motamga to‘ldi. Xadicha onamizning tobutlari musulmonlar yelkasida Quraysh qabristoniga olib kelindi. Qabrning ustida matoh tortdilar. Rasululloh qabrga tushib, muborak qo‘llari bilan lahadni tekisladilar. Pokiza jasadlarini qabrga qo‘ydilar. Go‘zal yuzlariga so‘nggi marta qarab vidolashdilar. Ko‘zlari yoshga to‘lib, boshlarini eggan holda qabristondan chiqdilar. Keyin uylariga qaytdilar.
Rasululloh Xadichadan (roziyallohu anho) judo bo‘lgach, o‘zlarini o‘ta yolg‘iz his eta boshladilar. Qilgan yaxshiliklarini, sahiyliklarini, shijoatini eslab, ko‘ngillari to‘lar edi. G‘am-qayg‘usi kuchayib, yuz-ko‘zida buning ta’siri sezila boshladi. Mushriklar esa, tabiiyki, Xadicha onamizning vafot etganidan xursand edilar. Bir-birlarini qutlab, “Abu Tolib ham, Xadicha ham yo‘limizdan bartaraf bo‘ldi. Endi musulmonlar zaiflashadi”, derdilar.
Rasululloh sallallohu alayhi vassallam azadan keyin yana ko‘chaga chiqdilar. U kishiga jinni, esi pastlarni ro‘baro‘ etishib, masxara qilishdi. Ular Payg‘ambarimizning muborak boshlariga tuproqlar sochib, aziyat berishdi. Rasululloh sallallohu alayhi vassalam g‘amgin holda uyga qaytib keldilar. Bunday paytlarda Xadicha (roziyallohu anho) tabassum bilan kutib olar, u zotning g‘am-qayg‘usini yozishga urinar edi. Hozir ham shuni qumsadilar. Qizlari Fotima u kishini g‘amgin holda ko‘rib, shoshib oldlariga keldi. Boshlaridagi tuproqni tozalab yuvdi. Onasining mehribonchiliklarini eslab yig‘ladi. Rasululloh sallallohu alayhi vassallam ham ta’sirlanib ko‘zlariga yosh oldilar. So‘ng Xadichani duo qildilar. Yetkazgan ozorlari uchun mushriklarni badduo qilib, Allohdan panoh so‘radilar.
Payg‘ambarimiz Xadicha onamizni hech qachon unutmadilar. Doimo yaxshilik va mehribonchiliklarini eslab gapirardilar. Musulmonlar ham Rasululloh sallallohu alayhi vassallamning g‘am-qayg‘ularini aritishga harakat qildilar. Oxiri u zotni uylantirib qo‘yishga ahd qildilar. Munosib ayol topilsa, Paygambarimizning ko‘nglidagi kemtiklik to‘lib, g‘am-alamlari arirmidi, degan hayolga borishdi. Va bu haqda so‘z ochish uchun u kishining xuzuriga bir ayolni yuborishdi. Ayol: “Ey Rasululloh Xadicha onamizga nisbatan sadoqatingiz ziyoda bo‘ldi. Hatto bu jismingiz va yuzingizga ham ta’sir qila boshladi. Bu g‘amginlikni sizdan aritadigan biror kishi bormi?” deb so‘radi. Rasulullohning ko‘zlari yoshlanib: “Xadicha (roziyallohu anho)ga bo‘lgan sog‘inchimni kim ham ketkaza olardi?! U Allohning rasuliga yordam qildi. Alloh uchun yashadi va Alloh yo‘lida vafot etdi. Xonadonimizning tarbiyachisi va bolalarimning onasi edi”, dedilar.
Robiya SAIDXONBALOVA
«Xadichai Kubro» ayol-qizlar o‘rta maxsus
islom bilim yurti talabasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Fitna – bu jamiyatda ixtilof, nizo va buzg‘unchilikka olib keladigan omillar majmuasidir. Tarix davomida fitna turli ko‘rinishlarda – siyosiy qarama-qarshilik, diniy ziddiyat yoki ijtimoiy beqarorlik sifatida namoyon bo‘lgan.
Fitna jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, munosabatlarning buzilishiga sabab bo‘ladi. Ijtimoiy nizolar odamlar o‘rtasida ishonchni yo‘qotadi, bu esa hamkorlik va birdamlikka putur yetkazadi. Masalan, siyosiy fitnalar davlat institutiga bo‘lgan ishonchni kamaytirib, qonun ustuvorligiga xalaqit beradi. Iqtisodiy jihatdan, fitna savdo-sotiq, investitsiyalar va ishlab chiqarishning pasayishiga olib keladi. Tarixdagi ko‘plab misollar mavjud bo‘lib, fuqarolik urushlari, ommaviy tartibsizliklar fitnaning iqtisodiy va ijtimoiy zararlarini ko‘rsatadi.
Diniy yoki mafkuraviy fitnalar esa jamiyatdagi ma’naviy qadriyatlarga tahdid soladi. Bunday nizolar odamlarni guruhlarga bo‘lib, bir-biriga qarshi qo‘yadi, bu esa uzoq muddatli parokandalikka sabab bo‘ladi. Fitna ko‘pincha yoshlarning radikallashuvi, axloqiy buzilish va ma’naviy yo‘qotishlar bilan bog‘lanadi.
Baqara surasi 217-oyatida “Fitna qotillikdan ham og‘ir gunohdir”, 191-oyatda “Fitna qotillikdan ham yomondir” deyilgan.
“Tafsiri Irfon”da, zolim va qonxo‘r kimsalar hamisha insonlar, butun-butun qabilalar o‘rtasida fitna, nifoq solib, jamiyatning tinch hayotini parokanda qilishi, fitna esa odamlarni qatl qilishdan ham og‘ir jinoyat ekani aytilgan.
Fitna konstruktiv yo‘naltirilib, oldi olinmasa, buzg‘unchilik va beqarorlikka sabab bo‘ladi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan hadisda, “Yaqin orada fitnalar bo‘ladi. O‘sha chog‘da o‘tirib olgan odam tik turgandan yaxshiroqdir. O‘rnida jim tik turgan esa yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Yayov yurgan esa tez-tez yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Kim o‘sha fitnalarga e’tibor bersa uni fitna o‘ziga tortib ketadi. Kimki qutulishga joy topa olsa, o‘sha joyda fitnadan himoyalansin!”, deyilgan.
Bu hadisda Rasul alayhissalom fitnaga aralashib qolishdan qaytarib, undan chetda bo‘lish yo‘llarini bayon qilgan. Fitnaga qiziqmaslik, e’tibor qilmaslik, qo‘shilmaslik bilan himoyalanishni tavsiya qilganlar.
Fitnaning zararli ta’sirini kamaytirish uchun jamiyatda ma’rifat va muloqotni kuchaytirish zarur. Ta’lim va axborot vositalari orqali odamlarning tanqidiy fikrlash qobiliyatini oshirish, ularni fitna unsurlaridan himoya qiladi. Davlat va jamoat tashkilotlari esa adolatli qonunlar va ochiq muloqot orqali ishonch muhitini shakllantiradi.
Bundan tashqari, fitnaning oldini olishda ma’naviy-axloqiy tarbiya muhim o‘rin tutadi. Dini va milliy qadriyatlarga asoslangan tarbiya odamlarda birdamlik va o‘zaro hurmat tuyg‘usini mustahkamlaydi. Nihoyat, fitnaga qarshi kurashishda har bir fuqaroning mas’uliyatli va faol ishtiroki muhimdir.
Alloh taolo Hujurot surasi 6-oyatda “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmasdan bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekib qolmanglar” deb fitnaga sabab bo‘luvchi gap-so‘zlarga ko‘r-ko‘rona ergashib ketmasdan tekshirib ko‘rish lozimligini ta’lim bergan.
Shunday ekan, fitnani oldini olish, fitna keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish, unga qarshi kurashish jamiyatning barcha a’zolari uchun umumiy vazifadir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo jome masjidi imom-xatibi.