Bir necha yil burun kech kuz Samarqandga borish uchun avtobusga chiqdim. Avtobus top-toza, shinam, har tomonlama qulay. Bir nechta (tadbirkor) ayollar avtobus saloniga chiqib, qo‘llarida turli narsalarni ko‘tarib, yo‘lovchilarga o‘tkazish uchun mollarini maqtay ketdi. Ayollardan biri qo‘lida mandarin ko‘tarib olgandi. O‘zi kelishgan, chiroyli, juda shirinso‘z ekan. Hamma qatori u ham mandarinini maqtay boshladi. U shunday muomala qilardiki, har qanday odamni o‘ziga mahliyo aylardi. Yo‘lovchilardan bir nechtasi mandarin xarid qildi. Ulardan biri:
– Opajon, ishqilib mandarinlaringiz chirimaganmi, yaxshimi? – dedi.
– Aylanay, ukajon! Sotganlarim ortidan bola-chaqa boqaman-a, buyurmasin-a! – deb qasam ichdi. Ayolning qasam ichishi va shirin gapi, qosh qoqishlariga uchgan yana bir necha xaridorlar mandarin oldi. Ayol sotganicha sotib, avtobusdan tushib, eshik oldida turib boshqa xaridorlarga molini maqtardi. Bir vaqt yo‘lovchilar ichida g‘ala-g‘ovur boshlandi. “Qasamxo‘r, yolg‘onchi”, kabi gaplar quloqqa chalina boshladi. Boyagi yigit qo‘liga mandarinni olib, eshik oldida turgan sotuvchi ayolni chaqirdi. Ayol yana mandarin olsa kerak, degan ilinjda avtobusga ko‘tarildi.
– Opa, siz mandarinlarim chirimagan, hozir keltirilgan, deb qasam ichganingizga ishonib olgandim. Ammo mandarinlaringiz chirib ketgan ekan. Ustiga bir-ikkita yaxshisini qo‘yib, ichiga chiriganlarini solib sotibsiz, deb gapini tugatmasdan ayolning chiroyli yuzlari tundlashdi, qaldirg‘och qoshlari chimirilib, ohu ko‘zlari chaqnadi, shirin so‘zlar o‘rniga zaharli va haqoratli so‘zlar o‘qdek yog‘ila boshladi. Nozik qo‘llar yigitning yoqasiga yopishdi. Hay-haylab, bir amallab ajdarho changalidan yigitni qutqarib, “zaharli ilon”ni pastga tushirdik. Yigit qo‘lidagi mandarin solingan xaltachani ayolning orqasidan “topganlaring bolalaringning azasiga buyursin!” deb otib yubordi. Boshqa mandarin xaridorlari ham birin-ketin zaqqumli qarg‘ishlarini yog‘dira ketishdi. U beparvo boshqa avtobusga mandarinlarini ko‘targancha chiqib ketdi. “Ey, Xudo! Bu qarg‘ish o‘qlaridan ayolning begunoh bolalarini asragin”, deb duo qildim.
Azizlar! Biz bolalarimizni harom luqma berib ulg‘aytirsak, halol-haromni o‘rgatmasak, o‘zimizning badkirdor amalimiz bilan ularni qarg‘ishlar o‘qiga duchor qilsak, farzandlarimizdan buyuklik va olimlik kutsak to‘g‘ri bo‘larmikin? Biz halol rizq topib, el-yurt, keksalar va olimlarning duosini olish o‘rniga o‘zimiz, bolalarimiz, o‘tganlarimizga la’natlar yog‘dirsak, oqibatimiz xor-zor bo‘lmaydimi?
“Qasamini buzgan qiz”
kitobidan olindi
Joriy yil 11 aprel kuni poytaxtimizdagi «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» majmuasida u kishi tavalludining 74 yilligiga bag‘ishlangan «Yoshlarga sof Islom ma’rifatini tanitish va ularni yot g‘oyalar ta’siridan asrashda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf asarlarining o‘rni» mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda yurtimizning taniqli ulamolari, fan doktorlari, islomshunos tadqiqodchilar, Shayx hazratning yaqinlari, shogirdlari va keng jamoatchilik ishtirok etdi.
So‘zga chiqqan notiqlar Shayx hazratlarining yurtimizda diniy-ma’rifiy bilimlarni yuksaltirish, ummatni birlik va hamjihatlikka chorlash hamda tafriqaga barham berish yo‘lidagi ulkan xizmatlarini alohida e’tirof etdi.
Ta’kidlanganidek, Shayx hazrat qoldirgan boy ilmiy maktab va bebaho asarlar bugungi kunda yosh avlodni sog‘lom e’tiqod, vatanparvarlik va mo‘tadillik ruhida tarbiyalashda asosiy manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ma’rifiy tadbir doirasida ekstremizmga qarshi ma’rifat bilan kurashish va tinchlikni asrashga doir dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Anjuman ishtirokchilari tomonidan o‘zbek, turk, ingliz, arab va rus tillarida taqdim etilgan maqolalar jamlangan maxsus ilmiy to‘plam nashr etilishi rejalashtirilgan.
Bu kabi anjumanlar Shayx hazratlarining merosini zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitgan holda xalqimizga yetkazish va jamiyatda ma’naviy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati