Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Iyul, 2025   |   7 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:10
Quyosh
04:54
Peshin
12:32
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:40
Bismillah
02 Iyul, 2025, 7 Muharram, 1447

Tunda Qur’on o‘qish xosiyatidan xabardormisiz?

11.07.2018   13365   3 min.
Tunda Qur’on o‘qish xosiyatidan xabardormisiz?

Kechasi bedor bo‘lib namoz o‘qishning, Qur’on tilovat qilishning gashti bo‘lakcha, fazilati ulug‘. Odamlar ayni shirin uyqudalik paytida ibodat qilgan inson yuksak maqomga erishadi. Tunda ibodatda qoim bo‘lib, Kalomullohni o‘qiydigan bandalar haqida Qur’onda shunday deyilgan: «Ahli Kitob orasida sajda qilgan hollarida tunlari Allohning oyatlarini tilovat qiladigan to‘g‘ri (yo‘ldagi) jamoat ham bor. (O‘sha zotlar) Allohga, oxirat kuniga imon keltiradilar, yaxshi amalga buyurib, isyon-gunohdan qaytaradilar, yaxshiliklar qilishga shoshiladilar. Ana o‘shalar  solih bandalardir» (Oli Imron surasi, 113-114-oyatlar).

 Ibn Kasir oyat tafsirida shunday degan: «Ular tunni ibodat bilan o‘tkazadilar, tahajjud namozini o‘qiydilar, Qur’on tilovat qiladilar».

 Ibn Burayda otasidan rivoyat qilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Qur’on qiyomat kuni sillasi qurigan kishi suratida kelib: «Seni  tunlari bedor qilgan, kugduzlari chanqatgan menman», deydi».

 Qur’on oxirat kuni sohibiga uning dunyodagi horg‘in suratida ko‘rinadi. Qori tunlari shirin uyqusidan kechib Qur’on o‘qiydi, Alloh yo‘lida charchaydi. Banda dunyoda Alloh yo‘lida xizmat qilgan, Qur’on o‘qigan bo‘lsa, Qur’on oxiratda bandaning yuqori martabalarga ko‘tarilishiga hissa qo‘shadi.

 Rivoyat qilinishicha, qiyomat kuni banda qabrdan chiqqanidan Qur’on uni holdan toygan kishi qiyofasida kutib olib:

— Meni tanidingmi? — deydi.

Banda aytadi:

— Seni tanimayman.

— Meni tanimaysanmi?

— Ha.

— Seni issiq kunlarda chanqatgan, tunlari bedor qilgan do‘sting Qur’onman. Har bir savdogar tijorati orqasidan foyda ko‘radi. Sen ham bugun tijorating ortidan manfaat olasan.

Shunda qorining o‘ng qo‘liga mulk, chap qo‘liga mangulik beriladi. Boshiga viqor toji kiydiriladi. (Qur’on o‘qigan insonning) ota-onasiga ikkita libos kiydiriladi.  Unga dunyo ahli teng kelolmaydi. Shu payt (ikkisi):

— Bu libos bizga nima uchun kiydirildi?! — deb (ajablanib) so‘rashadi.

— Farzandingiz Qur’on o‘rgangani uchun, — deyiladi.

Keyin (Qur’on sohibiga):

— O‘qi, jannat pog‘onasi va xonalari tomon ko‘taril, — deyiladi.

 U — tez o‘qisa ham, sekin o‘qisa ham — yuqorilab boraveradi.

 Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadi: «Kim tunda «Baqara» surasini o‘qisa, ko‘p va xo‘p qilibdi».

 Ibrohim Naxaiy: «Kechasi ozroq bo‘lsa ham Qur’on tilovat qilinglar!» deb tayinlardi.

 Avzoiy: «Kim tunlari bedor bo‘lib, ko‘p Qur’on o‘qisa, qiyomat kuni hisob berishi oson kechadi», degan.

 

Dilmurod MAMATOV

Baxmal tumani «Molguzar» jome masjidi

imom-xatibi

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar

Birovning telefoniga nazar solish mumkinmi?

30.06.2025   2774   1 min.
Birovning telefoniga nazar solish mumkinmi?

Savol: Birovning telefoni va undagi ma’lumotlarni ruxsatsiz ko‘rish mumkinmi? Chunki ba’zan avtobus, metro kabi ommaviy transport vositalarida ayrim shaxslarning shunday ishlar qilayotganiga guvoh bo‘lib qolamiz?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, birovning telefonidan uning ruxsatisiz foydalanish yoki undagi ma’lumotlarni o‘qish shar’an to‘g‘ri emas. Bu birovning uyiga ruxsatsiz mo‘ralash, xatiga ruxsatsiz qarash kabidir. Zero, bu ishlar Qur’on va hadislarda man etilgan.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam: “Kim birodarining maktubiga uning iznisiz nazar solsa, xuddi do‘zax otashiga nazar solgandek bo‘ladi”, deganlar (Abu Dovud rivoyati).

Ammo agar murabbiy (ota, ustoz va hokazo) qo‘l ostida tarbiyalanayotgan shaxsning to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishidan shubha qilsa, u holda tarbiya maqsadida o‘z qo‘l ostidagi shaxsning telefonini tekshirishiga ruxsat beriladi. Balki ular vaqti-vaqti bilan bolalar va ularga tegishli narsalarni nazorat qilib turishlari kerak, toki ular to‘g‘ri yo‘ldan og‘masinlar. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi