Kechasi bedor bo‘lib namoz o‘qishning, Qur’on tilovat qilishning gashti bo‘lakcha, fazilati ulug‘. Odamlar ayni shirin uyqudalik paytida ibodat qilgan inson yuksak maqomga erishadi. Tunda ibodatda qoim bo‘lib, Kalomullohni o‘qiydigan bandalar haqida Qur’onda shunday deyilgan: «Ahli Kitob orasida sajda qilgan hollarida tunlari Allohning oyatlarini tilovat qiladigan to‘g‘ri (yo‘ldagi) jamoat ham bor. (O‘sha zotlar) Allohga, oxirat kuniga imon keltiradilar, yaxshi amalga buyurib, isyon-gunohdan qaytaradilar, yaxshiliklar qilishga shoshiladilar. Ana o‘shalar solih bandalardir» (Oli Imron surasi, 113-114-oyatlar).
Ibn Kasir oyat tafsirida shunday degan: «Ular tunni ibodat bilan o‘tkazadilar, tahajjud namozini o‘qiydilar, Qur’on tilovat qiladilar».
Ibn Burayda otasidan rivoyat qilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Qur’on qiyomat kuni sillasi qurigan kishi suratida kelib: «Seni tunlari bedor qilgan, kugduzlari chanqatgan menman», deydi».
Qur’on oxirat kuni sohibiga uning dunyodagi horg‘in suratida ko‘rinadi. Qori tunlari shirin uyqusidan kechib Qur’on o‘qiydi, Alloh yo‘lida charchaydi. Banda dunyoda Alloh yo‘lida xizmat qilgan, Qur’on o‘qigan bo‘lsa, Qur’on oxiratda bandaning yuqori martabalarga ko‘tarilishiga hissa qo‘shadi.
Rivoyat qilinishicha, qiyomat kuni banda qabrdan chiqqanidan Qur’on uni holdan toygan kishi qiyofasida kutib olib:
— Meni tanidingmi? — deydi.
Banda aytadi:
— Seni tanimayman.
— Meni tanimaysanmi?
— Ha.
— Seni issiq kunlarda chanqatgan, tunlari bedor qilgan do‘sting Qur’onman. Har bir savdogar tijorati orqasidan foyda ko‘radi. Sen ham bugun tijorating ortidan manfaat olasan.
Shunda qorining o‘ng qo‘liga mulk, chap qo‘liga mangulik beriladi. Boshiga viqor toji kiydiriladi. (Qur’on o‘qigan insonning) ota-onasiga ikkita libos kiydiriladi. Unga dunyo ahli teng kelolmaydi. Shu payt (ikkisi):
— Bu libos bizga nima uchun kiydirildi?! — deb (ajablanib) so‘rashadi.
— Farzandingiz Qur’on o‘rgangani uchun, — deyiladi.
Keyin (Qur’on sohibiga):
— O‘qi, jannat pog‘onasi va xonalari tomon ko‘taril, — deyiladi.
U — tez o‘qisa ham, sekin o‘qisa ham — yuqorilab boraveradi.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadi: «Kim tunda «Baqara» surasini o‘qisa, ko‘p va xo‘p qilibdi».
Ibrohim Naxaiy: «Kechasi ozroq bo‘lsa ham Qur’on tilovat qilinglar!» deb tayinlardi.
Avzoiy: «Kim tunlari bedor bo‘lib, ko‘p Qur’on o‘qisa, qiyomat kuni hisob berishi oson kechadi», degan.
Dilmurod MAMATOV
Baxmal tumani «Molguzar» jome masjidi
imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga yurish ham g‘animat edi. Bunaqangi imkoniyat bo‘lib qolsa, sahobalar darrov undan foydalanib qolishar, imkoniyatni qo‘ldan chiqarishmas edi. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuning saodatiga qarang!
Bir kuni u Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga ketayotib so‘radi:
- Yo Rasulalloh! Shunday amalni aytingki, u meni jannatga kiritib, do‘zaxdan uzoqlashtirsin! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:
- Juda ham katta ishni so‘rading. Bu ish Alloh oson qilgan kishiga osondir: Allohga ibodat qilib, Unga hech narsani sherik qilmaysan; namozni qoim qilasan; zakotni berasan; ramazon ro‘zasini tutasan, Baytullohni haj qilasan! So‘ng yana dedilar:
- Ey Muoz! Senga yaxshiliklar eshigini ko‘rsataymi? Ro‘za qalqondir, sadaqa suv olovni o‘chirgani kabi xatolarni o‘chiradi, kishining kecha qorong‘usida o‘qigan namozi... - deb ushbu oyatni o‘qidilar: «Ularning yonboshlari yotar joydan yiroq bo‘lur. Ular Robblariga qo‘rquv va umidvorlik ila duo qilurlar va o‘zlariga rizq qilib berganimiz narsalardan infoq qilurlar» (Sajda surasi, 16- oyat).
So‘ngra yana dedilar:
- Ey Muoz! Senga barcha ishlarning boshi, ustuni va eng yuqori cho‘qqisi nimaligini aytaymi? Ishlarning boshi Islom. Uning ustuni namoz. Yuqori cho‘qqisi esa, Alloh yo‘lidagi jihoddir!
So‘ngra yana dedilar:
- Ey Muoz! Bularning barchasining asosini aytaymi?
- Ayting, ey Allohning Rasuli!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tillarini ushlab:
- Mana buni tiy! - dedilar.
Muoz roziyallohu anhu dedi:
- Ey Allohning Nabiysi! Biz aytayotgan gapimiz tufayli ham tutilamizmi?
Nabiy alayhissalom dedilar:
- Onang seni yo‘qotsin, Muoz!
Insonlarni yomon tillari do‘zaxga yuztuban qulatmasa, boshqa nima qulatadi?!
Tilning suyagi yo‘q, ammo har qanday suyakni sindirishi mumkin. Qancha-qancha kishilar kimningdir hazil tariqasida aytgan qo‘pol gapi uchun kechasi bilan uxlay olmasdan, to‘lg‘anib chiqadi. Majlis tarqalib ketishi mumkin, ammo aytilgan gap pichoq singari uning qalbida sanchilgan holatda qoladi!
Qancha-qancha qizlarga kelgan sovchilar qo‘shnilar aytgan birgina yomon ta’rifni eshitib, jim qaytib ketadi. Aslida, u qizlar hasadgo‘y qo‘shnilarning bo‘htonidan pokiza edi!
Chaqimchilarning, «bo‘lsa, ko‘rolmaydigan, bo‘lmasa, berolmaydigan» kishilarning dastidan qancha-qancha insonlar ishidan, bola-chaqasining rizqidan ajraladi!
Yolg‘on guvohlik beruvchi birgina so‘z bilan qancha-qancha meroslar tortib olinadi, odamlar haqqidan mahrum qilinadi. Haqlar nohaq o‘zlashtiriladi!
Hasad, kin-adovat tufayli aytilib olov yoqilgan birgina chaqimchilik bilan qancha-qancha do‘stlar ajralib ketishadi. Do‘stlik dushmanlikka aylanadi. Muhabbatga to‘la qalblar oqibatda adovatga to‘ladi!
Gapimizga, qalamimizga va ijtimoiy tarmoqlardagi yozuvlarimizga, kishilarga raddiyalar berishimizga nazar solaylik. Avvalo o‘z sahifamizni to‘ldirayotganimizni unutmaylik.
Axir insonlarni do‘zaxga yomon gaplar kiritmasa, nima kiritadi?!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi