Hadisi shariflar Qur’oni Karimdan keyingi muqaddas manba sifatida e’tirof etiladi. Shu nuqtayi nazardan ularda keltirilgan ko‘rsatmalarni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan musulmonlarga xolis nasihat deb tushunish mumkin. Ularda bir qator masalalar singari isrofgarchilik, uning zararlari, oqibatlari haqida ham xabar berilgan. Tamim ad-Dorimiydan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam “Din nasihatdir” -dedilar. “ Kim uchun?” -dedik. U zot “Alloh uchun, uning kitobi uchun, u zotning Rasuli uchun, musulmonlarning imomlari hamda ommalari uchun” dedilar.
Abu Dovud va Nasoiy rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Yenglar ichinglar, kiyinglar va sadaqa qilinglar, isrof va mutakabbirlik bo‘lmasa bas” dedilar. Yeb-ichish, kiyinish, boshqa insonlarga yordam qo‘lini cho‘zish insonlarning kundalik turmush tarzi hisoblanadi. Ushbu hadisga e’tibor berilsa, unda doimiy qiladigan ishlarida isrofga yo‘l qo‘maslikka chaqirilayotganini ko‘rish mumkin.
Boshqa ba’zi dinlar, tuzumlar va xalqlarning bu boradagi qarashlariga nazar solsak, islomdagi kabi mo‘tadillikni ko‘rmaymiz. Ba’zilar yeb-ichish, kiyish va sadaqa qilishda tarkidunyochilik yo‘lini tutib, imkoni bor narsani qilmay o‘zini o‘zi qiynaydi. Boshqasi hayotni yeb-ichish va o‘yin kulgiga sarflaydi. Yana bir hadisda “Modomiki senda ikki narsa, isrof va manmanlik bo‘lmasa, xohlaganingni ye, xohlaganingni kiy” deyiladi. Bugungi kunda ham mavjud resurslarning qadriga yetmay moddiy va ma’naviy ne’matlarni behuda sarflanishi kamayish o‘rniga kundan kunga ortib bormoqda. Sayyoramizda ekologik muvozanatni saqlovchi suvning hayotiy zarurat ekanligi barchamizga ma’lum. Suv borasidagi isrof haddan oshganligi oqibatini bugun barcha ko‘rib turibdi. Obi-hayot muammosi BMT darajasida 1977-yildan beri muhokama qilib kelinadi.
Ushbu tashkilot xabariga ko‘ra, ayni paytda 31ta davlat suv inqirozi bilan to‘qnash kelgan. Agar neft taqchilligi mutaxassislarning bashoratlaridangina ma’lum bo‘lsa, suv taqchilligini insoniyatning uchdan bir qismi o‘z boshidan kechirmoqda. Ayni damda 2,3 milliard odamni suv bilan ta’minlash muammo bo‘lib turibdi. 1,5 milliard aholi toza ichimlik suviga ehtiyoj sezmoqda.
Afrika mamlakatlari suv masalasini hal etish sa’y-harakatlari hozirgi darajada davom ettiriladigan bo‘lsa, mavjud muammo yuz yildan keyin o‘z yechimini topishi mumkinligi aytib o‘tiladi. Neftga boy mintaqalarda suv allaqachon muammoga aylanib qolganligi, xalqaro munosabatlarda bu masala dolzarb mavzuga aylanib qolayotganligi isrofgarchilikning zararli oqibatlarining bugungi kundagi amaliy ifodasidir.
So‘nggi 100 yilda sug‘oriladigan yerlar 40 milliondan 400 million gektarga kengaygani hisobga olinadigan bo‘lsa, muammoning dolzarbligi yanada oydinlashadi. Shuningdek, rivojlanayotgan shaharlar ehtiyoji va sanoat uchun ham ancha-muncha suv ketishini inobatga olish kerak. Shahar va sanoat nafaqat suv iste’mol qiladi, balki obi-hayotni ifloslantiradi ham. Suv resursining yetishmovchiligi mavjud bo‘lgan hududlar hisobiga bugungi kunda suv biznesi shakllanayotgani hech kimga sir emas. Bu boradagi tadbirkorlik Yevropaga katta daromad olib kelmoqda. Suvga ehtiyoj kuchaygani sari, uning narxi ham oshmoqda. Ushbu ma’lumotlarda suv ne’matining inson hayotidagi ahamiyati yuqori ekanligi yana bir bor o‘z isbotini topadi. Bu ne’matning isrofi haqida ham islom dinida alohida taqiqlar mavjudki, bugungi kunda kelib chiqayotgan suv taqchilligi ham ushbu ko‘rsatmalarga amal qilmaslikning oqibati hisoblanadi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam suvni isrof qilmaslik haqida alohida hadis aytganlar. Imom Ahmad Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam tahorat qilayotgan Sa’dning yonidan o‘tayotib: “Bu qanday isrofgarchilik, ey Sa’d?” dedilar. “Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?” – “Ha, hatto oqib turgan daryoda bo‘lsang ham”, dedilar”. Ushbu hadisning mazmunida biz yuqorida keltirgan suvning isrofidan ogohlantirish ketmoqda. Ma’lumki, g‘usl va tahorat musulmon bandalarga farz ibodatlardir. Inson oqib turgan daryo ustida tahorat qilsa, tahoratidan tushgan suv yana daryoga tushib, quyilib birga oqib ketadi. Lekin shunda ham isrof qilmaslikka chaqirilmoqda.
Shunday narsalarda isrof bo‘lmagandan keyin, ibodat hisoblanmagan boshqa ishlarda albatta mumkin emas. Yuqoridagi ma’lumotlardan kelib chiqib, bugungi kunda ma’lum bir hududlarda bu ne’matga e’tiborsizlarcha qarab, isrof qilish kundan kun avj olayotganini, yer kurrasining boshqa bir joyida esa unga muhtojlik ketayotganini ko‘ramiz. Isrofgarchilikdan qochish, iqtisod qilishning fazilati haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam quyidagi hadislarida ham aytib o‘tganlar.
Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” to‘plamlarida keltirilgan, Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Solih hidoyat, go‘zal ko‘rinish va iqtisodli bo‘lish nabiylikning yetmishdan bir juzidir”. Nabiylik maqomi hammaga ham berilmaydigan eng ulug‘ maqomlardan ekanligi barchamizga ma’lum. Ushbu hadisda iqtisodli, tadbirli bo‘lish inson uchun fazilatli ekanligi ta’kidlanib, nabiylikning yetmishdan bir juz ekanligi aytilmoqda. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan rivoyatda aytilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir sodan besh muddgacha bo‘lgan suv bilan g‘usl qilar va bir mudd suv bilan tahorat olar edilar. (Muttafaqun alayh). Ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taxminan 0,688 litr suv bilan tahorat olar edilar.
Imom Ahmad ibn Hanbal va Imom Termiziylar Miqdom ibn Ma’diykarab Kindiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Odam bolasi to‘ldiradigan idishlarning eng yomoni qorindir. Odam bolasiga qaddini turg‘izadigan yemaklar yetadi. Agar juda lozim bo‘lsa, taomi uchun uchdan bir, sharobi uchun uchdan bir va havosi uchun uchdan bir”, deganlar. Ushbu hadisdan oziq-ovqatlarning yemasdan tashlab yuborishdagigina emas balki, inson o‘zi uchun zarur bo‘lgan miqdordan ortiqcha yeyish ham isrof ekanligi to‘g‘risidagi ma’lumotni olamiz. Shu bilan birga ushbu hadisda inson sog‘ligi haqida qayg‘urish ham mavjuddir. Rivoyatlarga ko‘ra, hukmdor Xorun ar-Rashidning mohir tabibi bo‘lgan ekan. Bu tabib nasroniy bo‘lib, bir kuni Xorun ar-Rashidga “Payg‘ambariningizdan tibga oid biron narsa naql qilinmagan”, debdi. Shunda Ali ibn Husayn shunday javob beribdi: “U zot tib ilmini bir necha so‘zga jo qilganlar”. “Ular qaysilar?” so‘rabdi, tabib. “Oshqozon-kasalliklar o‘chog‘i. Parhez barcha davoning boshi. Har bir badanga o‘rgangan narsasini bering” debdi Ali ibn Husayn. Shunda nasroniy tabib iqror bo‘lib: “Payg‘ambariningiz Jolinus (Galen) ga tibbiyotda hech narsa qoldirmabdi” degan ekan. Isrofgarchilik bilan iste’mol qilish inson sog‘ligi uchun zarar ekanligi shunga o‘xshash boshqa hadislarda ham keltirib o‘tilgandir.
Abu Barza Aslamiydan rivoyat qilingan hadisda: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Qiyomat kuni bandaning ikki qadami to undan umridan – uni nimada o‘tkazgani, ilmidan –u bilan nima qilgani, molidan –uni qayerdan kasb qilgani va nimaga sarf qilgani, jismidan –uni nimada qaritgani haqida so‘ralmaguncha joyidan jilmaydi”. Mazkur hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har bir inson alohida ahamiyat berishi lozim bo‘lgan, agar e’tiborni qo‘ldan boy bersa isrofga aylanib ketishi mumkin bo‘lgan holatlar haqida xabar bermoqda. Umr, vaqtning isrofi, ilm isrofi, mol dunyo isrofi, sog‘lik, yoshlik kabi ne’matlarda isrof qilmaslik haqida so‘z ketar ekan unda jumladan: “Umridan uni nimada o‘tkazgani…” inson uchun umr eng aziz ne’matdir. Umrning har bir lahzasi hisob-kitobli bo‘lishi lozim. Olimlarning bu borada o‘tkazgan tadqiqotlariga ko‘ra, o‘rtacha 75 yil umr ko‘rgan insonning umri davomida turli ishlarga qancha vaqt sarflashi aniqlangan. Unga ko‘ra: 15 yil atrofidagi vaqt bolalik va o‘smirlik bilan o‘tadi. Agar bir sutkada 8 soatdan uxlasa, 25 yil umri uyqu bilan o‘tadi. Agar bir sutkada 8 soat kasb kor bilan mashg‘ul bo‘lsa, 25 yil umri ishlashga sarflanadi. Agar bir sutkada 3 mahal ovqatlansa, har ovqatlanishga yarim soatdan vaqt sarflansa, 4 yarim yildan ortiqroq umr ovqatlanishga sarflanar ekan. Qolgan 5 yildan ortiqroq umrni inson o‘zi yoqtirgan mashg‘ulotlari uchun ishlatar ekan. “Banda undan ilmdan-uni nima qilgani haqida so‘ralmaguncha…”. Ilm hammaga ham berilavermaydigan katta yutuqdir. Bu yutuqqa erishgan insonlar uni egallab olgach, insonlarga o‘rgatib, jamiyatga foyda keltirmasa uni zoye qilgan bo‘ladi. Ilm o‘rganish va uni odamlarga o‘rgatish sadaqaning afzali ekanligi hadislarda keltirilgan. “Banda undan molidan-uni qayerdan kasb qilgani va nimaga sarflagani…”. Mol-mulk insonni yaxshilikka ham yomonlikka ham targ‘ib qila oladigan kuchdir. Shunga ko‘ra donishmandlar “mol–mulkning halolining hisobi, xaromining javobi bor” deganlar. Ali (r.a) dan rivoyat qilingan yana bir hadisga ko‘ra: “O‘zingga va ahli baytingga isrof qilmasdan va sovurmasdan qilgan harajating va sadaqa qilgan narsang sen uchundir. Riyo va shuhrat uchun bo‘lgani shaytonning nasibasidir”.
Shu bilan bir qatorda islom dinida o‘zi va ahli oilasi uchun zarur bo‘lgan narsani berib, sadaqa qilib yubormaslik kerakligi, bu ham isrof bo‘lib qolishi yuqoridagi Qur’oni karimdagi oyatlarga allomalar tomonidan berilgan sharhlarda, tafsirlarda ko‘rib chiqdik. Bu o‘rinda hadislarda ushbu masala yuzasidan nima deyilganini tahlil qilinadi. Maymuna binti Horis roziyallohu anho shunday xabar beradi: “U bir cho‘rini Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan so‘ramay ozod qilib yubordi va u zotga: “Bildingizmi, ey Allohning Rasuli men cho‘rimni ozod qildim?”. – “Shunday qildingmi?” – “Ha”. Shunda u zot “Uni tog‘alaringga berganingda edi, ajring yanada ulug‘ bo‘lar edi”, debdilar.
Ushbu hadislardan olinadigan foydalardan biri o‘z oilasi, yaqinlari uchun zarur bo‘lib turgan holida ularga berish savobliroq ekanligidir. Islomda shaxsiy mulkchilikka keng yo‘l ochib qo‘yilgan. Shu bilan birga, kishilar shaxsiy mulkini havoyi nafsiga binoan tasarruf qilishiga ham yo‘l qo‘yilmaydi. Eng avvalo bu mulkni harom ishlarga sarf qilish taqiqlangan. Shuningdek, mol-mulkni behuda, haddan ortiq sarflashga ham isrof nomini berib, insonlarni undan qaytargan. Mol mulkni isrof qilmasdan, joyiga sarflashda ham insonning o‘ziga, infoq qilgan kishisiga, shu bilan bir qatorda jamiyatning taraqqiyotiga ham ma’lum darajada hissa qo‘shilishini ko‘rishimiz mumkin. Unga haqli kishiga va vaqtida berilgan ehson insonni hayotga nisbatan ishonchini ortirib, jamiyatda ma’lum mudhish voqealarning kelib chiqishini olishi ham mumkindir. Mug‘iyra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh sizlarga qiylu qolni, ko‘p savolni va molni zoye qilishni yomon ko‘rdi”, dedilar. Bu hadisda isrofgarchilikka oid ishlar qoralanmoqda. Man qilinayotgan narsalardan biri –molni zoye qilish, ikkinchisi vaqtni turli gap so‘zlar bilan behuda sarflashdir, uchunchisi esa odamlarga ko‘p savol beraverib ularning ham vaqtlarini, sog‘liklarini, o‘zining ham so‘zlarini isrof qilish haqida so‘z ketmoqda. Lekin bu isrofga biz inson bundan oldin o‘zi qilib o‘tgan savobli ishlarini zoye qilishi mumkinligini ham kiritishimiz mumkin. Behuda gaplarga ketgan vaqt davomida foydali ishlar qilish mumkinligi e’tiborga olinsa, ba’zi hollarda ushbu kabi suhbatlar davomida g‘iybat ham ishtirok etishi insonlarning qilib o‘tgan savobli ishlaridan mosuvo qilishi deb tushunishimiz mumkin. Keyingi man etilgan narsa bu ko‘p savol berish. Bu o‘rinda savol asosan olimga, o‘rgatuvchiga, berilishini ta’kidlab o‘tsak, ko‘p savol berish orqali o‘zining ham boshqalarning ham vaqtini o‘g‘irlashi, sog‘ligiga zarar yetkazishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, yuqorida keltirilgan hadislar mazmuni islomda isrofgarchilik masalasiga katta e’tibor qaratilganidan darak beradi. Isrofgarchilik illati insonga berilgan har bir ne’matda mavjud bo‘lishi mumkinligi ham ayon bo‘ldi. Demak, har bir ne’matni g‘animat bilib, har bir daqiqaning qadriga yetish zarur ekan.
Umida ZUHRIDDINOVA
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Sharq tillari” kafedrasi kabinet mudiri
Bugunning gapi
“Uch xonali xonadonimni ta’mirlatish uchun ikki oy muddatga kelishib usta tushirgandim, olti oyda zo‘rg‘a chala-chulpa qilib ishini tugatdi...”
“Ustalar nega bunaqa-a? Uyini ta’mirlatib, ustalardan roziman, degan odamni uchratmadim...”
“Ko‘pchiligi odamga firib beradi: ishni vaqtida bajarmaydi, ta’mir ishlari tugagach, boshida kelishilgan narxdan ikki barobar ko‘p mablag‘ so‘raydi...”
Yuqoridagi gaplar – uyini, xonadonini ta’mirlatib, ustalardan kuygan kishilarning dod-faryodlari.
Bugungi kunda jamiyatda ayrim ustalarning o‘z ishini vijdonan bajarmasligi, sifatsiz materiallar ishlatishi, vaqtni cho‘zishi yoki turli nayranglar bilan buyurtmachini aldashi, afsuski, ko‘pchilikni tashvishga solish barobarida shu kasb egalariga nisbatan ishonchning susayishiga yoki butunlay yo‘qolishiga olib kelyapti.
Yaxshi niyatda uyini, xonadonini ta’mirlatmoqchi bo‘lgan kishi usta ishlatgan tanishlaridan so‘rab-surishtirishi tayin. Yaqinda men ham xonadonimni ta’mirlatmoqchi bo‘lib usta izladim. Tanish-bilishlardan, do‘stlarimdan so‘rasam, yarmidan ko‘pi ustalardan nolidi. Bu holat nafaqat moliyaviy zarar, ayni paytda insonlar o‘rtasidagi ishonchning yo‘qolishiga ham sabab bo‘lmyaptimi?!
Islom ta’limotida halol mehnat, omonatdorlik va rostgo‘ylik yuksak fazilat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).
Ustalik – yaxshi kasb. Usta omonatdor bo‘lsa, odamlarning hojatini ravo qiladi, ko‘pga foydasi tegadi. Buyurtmachi o‘z molini, mablag‘ini ustaga ishonib topshiradi. Usta shu ishonchni oqlashi, ishni puxta va vijdonan bajarishi shart.
Uy – insonning boshpanasi. Uning har bir g‘ishti ezgu niyat bilan qo‘yiladi, har bir devori umid bilan ko‘tariladi. Ammo, afsuski, ba’zan ayrim ustalar imorat qurish yoki ta’mirlashda nayrang qiladilar. Usta tashqi tomondan devorni silliq suvaydi, ammo ichidagi yoriqlarni berkitadi. Bo‘yoqning yaltirog‘i ko‘zni quvnatadi, lekin ortidagi nuqson vaqt o‘tishi bilan ko‘zga tashlanadi.
Yangi ta’mirlangan xonadondan hali bo‘yoq hidi ketmay turib shiftda yoriqlar paydo bo‘ladi, eshiklar qiyshayib qoladi, pol esa g‘ichirlab imorat egasining asabini buzadi. Buyurtmachi ustaga bergan mablag‘iga ichi achiydi.
Ba’zi ustalar sifatli qurilish materiali olish uchun berilgan pulga arzon mahsulot sotib oladi. Qolgan mablag‘ni esa “mehnat haqim” deb o‘maradi. Sementga qumni ortiqcha qo‘shadi, temir yoki armaturani ingichkarog‘iga almashtiradi, mis simlar o‘rniga alyuminini tortadi.
Yana shunday ustalar ham borki, bir haftada tugatishga kelishilgan ishni bir oygacha cho‘zadi. Bahona ham tayyor: “Material kelmadi”, “Yordamchim betob bo‘lib qoldi”, “Ertaga tugatib beramiz” va hokazo.
Eng yomoni, ustaning qo‘lidan chiqqan uy bir yil o‘tar-o‘tmas yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Bu hunar emas, hiyladir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizni aldasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadis har qanday sohadagi firibgarlikni qamrab oladi. Agar usta arzon yoki sifatsiz materialni qimmatbaho deb ko‘rsatsa, ishni ataylab chala bajarsa yoki keyin yana ta’mirga muhtoj bo‘ladigan qilib ishlasa, bu aldamchilikdan, firibgarlikdan boshqa narsa emas. Afsuski, bugun ko‘pchilik ustalar hiyla va nayrangni kasb qilib olganlar. Buning oqibatida na o‘zlari baraka topadilar, na buyurtmachi ularga bergan mablag‘iga rozi bo‘ladi.
Haqiqiy usta, o‘z ishini vijdonan qiladigan kishi boshqacha bo‘ladi. U har bir ishini bekamu ko‘st bajaradi. Chunki u odamlardan yashirgan nuqsonni, albatta, Alloh taolo ko‘rib, bilib turishini yaxshi anglaydi. Unday ustalar o‘zlariga Alloh taoloning: “Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 195) oyatini hamda Nabiy alayhissalomning: “Alloh taolo o‘z ishini chiroyli, puxta qiladigan kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati), degan muborak hadislarini o‘zlariga shior qilib olgan bo‘ladilar. Lekin, afsuski, hozir bunday ustalarni topish amrimahol. Borlari ham “qo‘lma-qo‘l”.
Omonatdor ustalar qurgan uylar, yillar o‘tsa ham, yaxshilik bilan eslanadi. Ularning haqlariga xayrli duolar qilinadi. Birgina misol, bizning Sangijumon qishlog‘imizdagi ko‘p uylarni pachirlik usta Turdimurod bobo (Alloh makonini jannat qilsin!) qurgan. O‘sha paytlarda (1960–1990 yillar) vassajuft qilingan shiftlarga ustaning imoratni qurib bitirgan sanasini bitish an’ana bo‘lgan. Har safar qishloqqa borib uyga kirsam, usta boboning “imzosi”ga ko‘zib tushadi va Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, u kishining ruhlariga bag‘ishlayman.
Bugun ba’zi ustalarning ishni kelishilgan muddatda tugatmasligi; sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanishi; narxni asossiz oshirishi; kamchiliklarni yashirishi; bir necha oy o‘tib yana ta’mir qilishga majbur bo‘ladigan darajada ish tutishi katta gunohdir. Bunday xatti-harakatlar oqibatida buyurtmachi moddiy zarar ko‘radi, asabiylashadi, vaqt yo‘qotadi va eng achinarlisi, odamlar o‘rtasidagi ishonch susayadi.
Halol rizqning barakasi uning ko‘pligida emas, balki pokligidadir. Aldamchilik bilan, hiyla-nayrang ishlatib topilgan mablag‘ foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, unda baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir usta o‘z qo‘li bilan topayotgan rizqining halolligi haqida o‘ylashi, har bir mix, har bir g‘isht, har bir sim yoki har bir ta’mir uchun qiyomat kuni hisob berilishini unutmasligi kerak.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh:
O‘ttiz foiz haqiqiy ustalar bor. Ular o‘z kasbi bilan faxrlanadi. Guruhlari bor, shogirdlari, ustozlari bor. Hammasini qoyillatib, asbob-anjomlarini chiroyli qilib qo‘yishgan. Shartnopmani tuzadi, vaqtida ishga keladi, belgilangan muddatda qurilishni yoki ta’mir ishlarini tugatadi, ish haqini olib ketadi. Buyurtmachi ham rozi, usta ham rozi. Bunday kishilarning ishida unum, baraka bo‘ladi. Topgan pullari barakali bo‘ladi.
Haqiqiy usta faqat qurilish yoki ta’mirlashni emas, balki odamlarning ishonchini ham qozonadi. Vijdon bilan qilingan har bir ish ibodatga aylanadi. Aldamchilik va nayrang bilan bajarilgan ish esa vaqtinchalik foyda keltirsa ham, dunyoda obro‘ni to‘kadi, rizq qiyilishiga sabab bo‘ladi, oxiratda esa javobgarlikni keltiradi.
Tolibjon NIZOM