EVOH… ESIZ… ULGURMADIM…
Odatda bu so‘zlar yaqin insonlarimizni yo‘qotgan, undan “kutilmaganda” judo bo‘lgan onimizda talaffuz qilinadi…
Ha, odatimiz shunday, go‘yo…
Kimdir birinchi farzandini dunyoga keltirayotgan SЕVIMLI YORIDAN, kimdir endigiga emaklab, qiqir-qiqir kulishni boshlagan beg‘ubor GO‘DAK DILBANDIDAN, yana kimdir uni o‘qitib, kechagina odamlar safiga qo‘shgan va bugun birinchi oylik maoshini olganini eshitib farzandini intizor kutayotgan yolg‘iz ONAI MЕHRIBONIDAN “kutilmaganda…” ayrilgan onida ayrilganining ruhsiz, harakatsiz va javobsiz yotgan vujudiga qarab ushbu so‘zlarni ming bir iztirob ila takror va takror aytadi…
U shu qadar iztirob chekadiki, huddi undagi iztiroblarning cheki yo‘qdek, go‘yo…
E, voh… Essiz… ULGURMADIM… Senga aytar SO‘ZLARIM qalbimda armon bo‘lib qoldi-ya… (va hokazo…)
Vijdonimizdan rost javobni so‘rasak, aslida o‘sha biz aytishga ulgurmagan so‘zlar uchun SOATLAR kerak emasdi… Ular BIR OLAM GAP yoki MЕHNAT ham emasdi…
U atigi bir necha soniyali samimiy E’TIBOR edi, xolos…
U atigi bir necha soniyali samimiy KULGU yoki TABASSUM edi, xolos…
U atigi bir necha soniyali samimiy TINGLASH edi, xolos…
U atigi Uni yaxshi ko‘rishimizni aytishga yetarli bor yo‘g‘i UCHTA SO‘Z edi, xolos…
Shu soniyalar uchun ular bizni yana NЕCHA YILLAR kutishlari kerak edi… Ayting…
Shu so‘zlar uchun bizga yana NЕCHA YILLAR kerak edi… Ayting…
Nimani qizg‘andik yoki qizg‘anib yashaymiz… Ayting…
Hammasiga shu dunyo ishlari aybdormi?!
Aslida, dunyo ishlari aslo TUGAMAYDI… Aksincha, ular INSONLARNI TUGATIB YUBORADI…
Nurali MAVLANOV
Toshkent viloyat bosh imom-xatibi
o‘rinbosari
Joriy yilning 16 sentyabr kuni Qashqadaryo viloyatida «Inson qadri ulug‘langan yurtda mehr va e’tibor har bir xonadonga kirib boradi» shiori ostida xayrli tadbir o‘tkazildi.
Mazkur tashabbusga Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Farhod Kushakov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili, bosh imom-xatib Rahmatillo domla Usmonov boshchilik qildi.
Tadbir doirasida shahar va tuman bosh imom-xatiblari hududlardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan va bemor fuqarolarning xonadonlariga tashrif buyurdilar.
Samimiy muloqotlar davomida fuqarolarning hol-ahvoli va ehtiyojlari o‘rganilib, ularga ma’naviy dalda berildi. Xonadon egalariga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari, ehson va sovg‘a-salomlar topshirildi.
Shuningdek, imom-xatiblar yurtdoshlarimiz bilan oila mustahkamligi, o‘zaro mehr-oqibat, sabr-qanoat hamda saxovatning fazilatlari haqida diniy-ma’rifiy suhbatlar olib bordilar. Bu kabi xayriya tadbirlari jamiyatda hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga, odamlar qalbida ertangi kunga ishonch uyg‘otishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati