Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Avgust, 2026   |   26 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:55
Quyosh
05:26
Peshin
12:34
Asr
17:26
Shom
19:35
Xufton
21:04
Bismillah
09 Avgust, 2026, 26 Safar, 1448

Evoh… esiz… ulgurmadim…

11.07.2018   6995   1 min.
Evoh… esiz… ulgurmadim…

EVOH… ESIZ… ULGURMADIM…

Odatda bu so‘zlar yaqin insonlarimizni yo‘qotgan, undan “kutilmaganda” judo bo‘lgan onimizda talaffuz qilinadi…

Ha, odatimiz shunday, go‘yo…

Kimdir birinchi farzandini dunyoga keltirayotgan SЕVIMLI YORIDAN, kimdir endigiga emaklab, qiqir-qiqir kulishni boshlagan beg‘ubor GO‘DAK DILBANDIDAN, yana kimdir uni o‘qitib, kechagina odamlar safiga qo‘shgan va bugun birinchi oylik maoshini olganini eshitib farzandini intizor kutayotgan yolg‘iz ONAI MЕHRIBONIDANkutilmaganda…” ayrilgan onida ayrilganining ruhsiz, harakatsiz va javobsiz yotgan vujudiga qarab ushbu so‘zlarni ming bir iztirob ila takror va takror aytadi…

U shu qadar iztirob chekadiki, huddi undagi iztiroblarning cheki yo‘qdek, go‘yo…

E, voh… Essiz… ULGURMADIM… Senga aytar SO‘ZLARIM qalbimda armon bo‘lib qoldi-ya… (va hokazo…)

Vijdonimizdan rost javobni so‘rasak, aslida o‘sha biz aytishga ulgurmagan so‘zlar uchun SOATLAR kerak emasdi… Ular BIR OLAM GAP yoki MЕHNAT ham emasdi…

U atigi bir necha soniyali samimiy E’TIBOR edi, xolos…

U atigi bir necha soniyali samimiy KULGU yoki TABASSUM edi, xolos…

U atigi bir necha soniyali samimiy TINGLASH edi, xolos…

U atigi Uni yaxshi ko‘rishimizni aytishga yetarli bor yo‘g‘i UCHTA SO‘Z edi, xolos…

Shu soniyalar uchun ular bizni yana NЕCHA YILLAR kutishlari kerak edi… Ayting…

Shu so‘zlar uchun bizga yana NЕCHA YILLAR kerak edi… Ayting…

Nimani qizg‘andik yoki qizg‘anib yashaymiz… Ayting…

Hammasiga shu dunyo ishlari aybdormi?!

Aslida, dunyo ishlari aslo TUGAMAYDI… Aksincha, ular INSONLARNI TUGATIB YUBORADI

 

Nurali MAVLANOV

 Toshkent viloyat bosh imom-xatibi
o‘rinbosari

 

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Majlislar omonatdir

06.08.2026   9430   4 min.
Majlislar omonatdir

بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ

عن جابر بن عبد الله رضي الله عنهما قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم:

« المجالس بالأمانة إلا ثلاثة مجالس: سفك دم حرام، أو فرج حرام، أو اقتطاع مال بغير حق »

 

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Majlislar omonatdir. Faqat uch majlis bundan mustasno: nohaq qon to‘kish, harom shahvoniy aloqa (zino) va nohaq molni tortib olish haqidagi majlislar” (Imom Abu Dovud rivoyati).

 

“Majlislar omonatdir”, ya’ni odamlar yig‘ilgan har qanday majlisda aytiladigan gaplar omonat hisoblanadi. Agar suhbatdoshlar ma’lum bir gapning sir saqlanishini istasalar yoki vaziyat shuni taqozo etsa, u holda u gapni boshqalarga tarqatish joiz emas.

 

Bunga quyidagilar kiradi: shaxsiy sirlar; oilaviy maslahatlar; ishxona yoki tashkilot yig‘ilishlari; davlat ishlariga oid maxfiy suhbatlar; faqat ishtirokchilarga tegishli bo‘lgan ma’lumotlar.

 

“Omonat” degani faqat mol-mulkni saqlash emas, balki sirni, ma’lumotlarni va eshitilgan gapni ham saqlashni o‘z ichiga oladi.

 

Nima uchun majlis omonat deb atalgan? Chunki odamlar bir-biriga ishonib, erkin maslahatlashishi va dardini aytishi uchun ularning gaplari tashqariga chiqmasligi zarur. Agar majlisda yoki biror yig‘inda qatnashgan kishi eshitganlarini boshqalarga tarqataversa, odamlar bir-biriga ishonmay qo‘yadi, g‘iybat va chaqimchilik ko‘payadi, munosabatlar buziladi, jamiyatda o‘zaro ishonch yo‘qoladi. Shu bois solih salaflar majlis sirini oshkor qilishni omonatga xiyonat deb hisoblashgan.

 

“Faqat uch majlis bundan mustasno...” ya’ni ba’zi hollarda sir saqlash mumkin emas. Agar bir kishi: “Men falonchini o‘ldirmoqchiman yoki unga zarar yetkazmoqchiman” desa va uning bu ishi jiddiy ekani ma’lum bo‘lsa, uni yashirish joiz emas. Balki qotillikning oldini olish uchun tegishli mas’ullarni yoki huquqni muzofaza qiluvchi tashkilotlar vakillarini ogohlantirish shart.

 

“Harom shahvoniy aloqa (zino)”. Agar bir kishi zino qilish yoki birovning nomusiga tajovuz qilish niyati borligini bildirsa, bu haqda ham sukut qilish mumkin emas. Bunday holda jabrlanuvchini yoki buning oldini oladigan mas’ul shaxslarni ogohlantirish lozim bo‘ladi.

 

“Nohaq molni tortib olish”. Agar kimdir o‘g‘rilik, firibgarlik qilishni, birovning haqini tortib olishni rejalashtirayotganini aytsa, bu sirni ham saqlab turish joiz emas. Chunki bu boshqalarning haqiga tajovuzdir.

 

Xo‘sh, shunday vaziyatga duch kelgan kishi qanday yo‘l tutishi lozim?

 

Avvalo, o‘sha odamga nasihat qilinadi va Allohdan qo‘rqishi eslatiladi. Agar u fikridan qaytmasa va xavf haqiqiy bo‘lsa, zararning oldini olish uchun tegishli shaxslarga xabar beriladi. Bu xabar berish faqat jinoyatni to‘xtatish bo‘lishi kerak, odamni sharmanda qilish yoki obro‘sini to‘kish emas.

 

Xulosa qilib aytganda, barcha hadislar kabi mazkur hadis ham mo‘min-musulmonlarga juda muhim axloqiy qoidani o‘rgatadi: majlisda eshitilgan gaplar omonat hisoblanadi va ularni egasining roziligisiz tarqatish aslo mumkin emas. Biroq agar bu sirni saqlash oqibatida insonning joniga, nomusiga yoki mol-mulkiga katta xavf tug‘ilsa, zararning oldini olish uchun shu haqda xabar berish ba’zi hollarda vojib bo‘ladi. Shu tariqa Islom ham omonatni saqlashni, ham odamlarning hayoti, nomusi va mol-mulkini muhofaza qilishni ta’minlaydi.

 

Manbalar asosida

T.NIZOM tayyorladi.

Maqolalar