Cavol: Masjidimiz imomining aytishicha, mahrning eng ozi o‘n dirham ekan. Uning pulimizdagi qiymati necha so‘m bo‘ladi?
Javob: Bizning mazhabimizda mahrning eng oz miqdori o‘n dirham kumush deb belgilangan. Ko‘pining esa cheki yo‘q, ammo hadisi shariflarda mahrning ham oziga qanoat qilgan ayollar maqtalgan.
Bir dirham zamonaviy o‘lchovda 3,12 grammdir, uni o‘nga ko‘paytirsak 31,2 gramm bo‘ladi. Nikoh shartnomasi tuzilayotganida 31,2 gramm kumushning qiymati so‘mda qancha bo‘lsa, o‘sha mahrning eng kam miqdori bo‘ladi. Bundan mahrga ana shu miqdordan ortiq berib bo‘lmas ekan, degan xulosa chiqmaydi. Dinimiz jamiyatning barcha qatlami manfaatini teng himoya qilgani uchun ularning eng kambag‘aliga ham malol kelmaydigan miqdorni belgilagan. Kimning sharoiti ko‘tarsa, bundan ko‘prog‘iga qodir bo‘lsa, ko‘proq ham beraveradi.
Savol: Hadisda “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, deyilganini o‘qidim. Hadisdagi ushbu kenglikdan murod nima?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Haqiqatda, hadisi shariflarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kimki Ashuro kunida ahli ayoliga kenglik qilsa, Alloh unga yil davomida kenglik qiladi", deb marhamat qilganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ulamolar mazkur hadislardagi kenglikni yeb ichish, kiyim-kechak va boshqa narsalarda kenglik qilishni iroda qilingan deganlar. Ya’ni odamlar shu kuni oila a’zolariga xuddi bayramlardagi kabi, balki undan ham yaxshiroq mo‘l-ko‘lchilik qilib bersalar, Alloh taolo ularga yil davomida kengchilik qiladi, deb tushunish mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi