Xitoyda hokimlardan biri asosiy yo‘l ustiga katta tosh qo‘yib yo‘lni to‘sib qo‘ydi. Tosh yaqinidagi daraxt ortiga bir poyloqchi qo‘yib odamlarning gaplarini yetkazishni buyurdi. Birinchi o‘tgan kishi shaharning eng katta savdogari bo‘ldi. Toshni ko‘rib, qovog‘ini chimirdi. Toshni kim qo‘ydirganini bilmagan holda ovozini baland qilib tanqid qila ketdi. Toshni aylanib o‘tib, bu ishni qilganni jazolash kerak, shikoyat qilaman, deb yo‘lida davom etib ketdi.
Ikkinchi odam o‘tdi. U muhandis edi. Savdogar kabi baqir-chaqir qildi. Lekin uning ovozi biroz pastroq edi.
So‘ngra o‘zlari haqida gaplashib kelayotgan uchta do‘st tosh oldida to‘xtadi. Yo‘l ustiga tosh qo‘ygan odamni tentak, ahmoq, esipast, deb haqorat qilishdi… So‘ng uylariga qaytdilar. Oradan ikki kun o‘tdi. Ittifoqo, shu yo‘ldan bir oddiy dehqon o‘tib qoldi. Toshni ko‘rdi-yu, biror og‘iz gap aytmadi. Yengini shimarib, atrofdagi odamlarni yordamga chaqirib toshni bir chekkaga surib qo‘yishdi. Qarasalar, tosh tagida kovlangan chuqurda sandiq turibdi. Sandiq ichida bir bo‘lak oltin turardi. Uning yonida parcha qog‘ozga ushbu satrlar yozib qo‘yilgandi: «Hokimdan ushbu toshni chetga olgan kishiga! Bu mukofot mushkul ishni shikoyat qilmay, ijobiy yondashgan kishi uchundir.
Ibrat:
Dinimizda odamlarga xalal beradigan narsalarni yo‘ldan olgan kishilarga tillodan ham qimmat narsa va’da qilingan. Yo‘ldan aziyatni ketkazish imon belgilaridandir. Lekin bu boylikdan shikoyat qiluvchilar undan mahrumdir.
Muhammadquddus ABDUHALIMOV,
«Yetti Chinor» jome masjidi noibi imomi
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyati filialining fidoyi xodimlari va volontyorlari tomonidan saxovatpesha xalqimiz tomonidan qilingan xayr-ehsonlar ezgu maqsadlar yo‘lida sarflanmoqda.
Navbatdagi xayriya tadbiri doirasida Uchko‘prik tumanida yashovchi, jigar sirrozi kasalligiga chalingan og‘ir bemor Kazakov Ilyosjon Yoqubovichning holidan xabar olinib, unga jarrohlik amaliyoti xarajatlari uchun 132 million 500 ming so‘m miqdorida xayriya mablag‘i, oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi, Mus'haf va boshqa ehsonlar topshirildi.
Bugun bemorlar va ehtiyojmand insonlarga ko‘rsatilayotgan bunday ko‘mak — xalqimizning mehr-oqibati, saxovati va hamjihatligining yorqin ifodasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati