Bir kuni Hotami Toy ulug‘ va davlatmand insonlarni mehmonga chaqirdi. Ziyofat boshlangan, mehmonlar suhbatlashib xursand bo‘lib o‘tirishgan mahal boshida eski salla, egnida yupun kiyim, kambag‘alligi shundoq ko‘rinib turgan bir kishi kirib keldi. Uni ko‘rgan mehmonlar hayron bo‘lib qolishdi. Ba’zilar unga nopisandlik nazari bilan qaradi. Ammo Hotam bu faqir odamga o‘zgacha lutf va karam ko‘rsatib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, ehtirom ila davraning eng to‘riga o‘tkazdi. Hotamning ko‘rsatgan ehtiromidan hamma hayron bo‘lib:
– Bu inson kim, buncha ehtirom qilursiz? – deb so‘radilar. Ularga nim tabassum bilan boqqan Hotam:
– Sizlarni qadru qimmatingiz, mansabu hurmatingiz va maqomingizga qarab joy berdim. Bu jandapo‘sh, kamtar, tavozeli insonni mening saxovatim va karamim to‘rga o‘tkazdi.
Ey aziz farzand! Oliy mukofot mansab, martaba, boylikka qarab o‘lchanmaydi, balki u mo‘minning tavozesh, kamtarligi va Haqqa bo‘lgan qattiq ishonchi va muhabbati balandligi bilan o‘lchanadi. Barcha avliyolar Alloh taoloning visoliga oshiq bo‘lganlar. Uning visoliga yetish uchun dunyo rohatini mehnat va mashaqqatlarga almashtirganlar. Natija esa, albatta, Yorning vasliga yetishi aniq. O‘sha Yor muhabbati va ixlosi oshiqning qiyomat kunida ulug‘ maqomga sazovor bo‘lishiga bosh omil bo‘ladi. Inson Haqning muhabbati bilan yashab, umrini halol mehnat, ixlosli toat-ibodat qilib, riyo va shuhratparastlikdan kechib, nafsini jilovlab o‘tsa, albatta, mahbubning visoliga yetmog‘i muqarrardir.
Shermurod Tog‘ayning “Qasamini buzgan qiz” kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qur’oni karimda savol va javob ko‘rinishida bir nechta oyatlar zikr qilingan:
“Sizdan harom oy haqida so‘raydilar” (Baqara surasi, 217-oyat);
“Sizdan nimani infoq qilishlarini so‘raydilar” (Baqara surasi, 219-oyat);
“Sizdan xamr va qimor haqida so‘raydilar” (Baqara surasi, 219-oyat);
“Sizdan yetimlar haqida so‘raydilar” (Baqara surasi, 220-oyat);
“Sizdan hayz haqida so‘raydilar” (Baqara surasi, 222-oyat);
“Sizdan fatvo so‘raydilar” (Niso surasi, 176-oyat);
“Sizdan o‘ljalar haqida so‘raydilar” (Anfol surasi, 1-oyat);
«Sizdan: “Bu haqmi?” deb so‘raydilar» (Yunus surasi, 53-oyat);
“Sizdan ruh haqida so‘raydilar” (Isro surasi, 85-oyat);
“Sizdan Zulqarnayn haqida so‘raydilar” (Kahf surasi, 83-oyat);
“Sizdan tog‘lar haqida so‘raydilar” (Toha surasi, 105-oyat);
“Sizdan qiyomat qachon bo‘lur, deb so‘raydilar” (Nazi’aat surasi, 42-oyat).
Ushbu savollarga javob berish uslubi uch xil ko‘rinishda keladi. Eng ko‘p uchraydigan ko‘rinish shuki, Alloh taolo savolni zikr qilgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga “Qul” (ayt) deb amr qiladi. Ba’zi o‘rinlarda esa javob “fa” harfi bilan boshlanadi: “Fa qul”.
Qolgan savollar esa yordamchi masalalar bo‘lgani uchun ularda “fa” harfi zikr qilinmagan.
Uchinchi ko‘rinishga kelsak, Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Agar bandalarim sizdan Meni so‘rasalar, Men, albatta, yaqinman. Duo qilguvchi duo qilganda, ijobat qilurman” (Baqara surasi, 186-oyat).
Bu yerda “Ayt: Men yaqinman” deyilmagan. Bu esa duo maqomining ulug‘ligini ko‘rsatadi. Buning bir necha nozik jihatlari bor.
Birinchisi: Alloh taolo go‘yoki: “Ey bandalarim! Boshqa ishlaringizda vositachiga muhtoj bo‘lasiz. Ammo duo paytida Men bilan sizning orangizda hech qanday vositachi yo‘q”, demoqda.
Ikkinchisi: “Bandalarim sizdan Men haqimda so‘rasalar” degan oyatda Alloh taoloning bandaga mehribonligi va unga yaqinligi ifoda etilgan.
Uchinchisi: Alloh taolo “Bandam Menga yaqin” demadi, balki “Men unga yaqinman” dedi. Banda o‘z kuchi bilan Haq taologa yaqin bo‘la olmaydi. Ammo Haq subhanahu va taolo O‘z fazli va rahmati bilan bandasiga yaqinlashadi. Shuning uchun Alloh taolo: “Albatta, Men yaqinman”, deb marhamat qilgan.
To‘rtinchisi: duo qiluvchining qalbi Allohdan boshqa narsalar bilan mashg‘ul ekan, u haqiqiy ma’noda Robbiga yuzlana olmaydi. Banda o‘z havoyi nafsi va shaxsiy maqsadlaridan voz kechishi bilan Allohga yaqin bo‘ladi. Duo insonni Allohga yaqinlashtiradi. Shu bois duo ibodatlarning eng afzallaridan biri hisoblanadi.
Davron NURMUHAMMAD