Bir kuni Hotami Toy ulug‘ va davlatmand insonlarni mehmonga chaqirdi. Ziyofat boshlangan, mehmonlar suhbatlashib xursand bo‘lib o‘tirishgan mahal boshida eski salla, egnida yupun kiyim, kambag‘alligi shundoq ko‘rinib turgan bir kishi kirib keldi. Uni ko‘rgan mehmonlar hayron bo‘lib qolishdi. Ba’zilar unga nopisandlik nazari bilan qaradi. Ammo Hotam bu faqir odamga o‘zgacha lutf va karam ko‘rsatib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, ehtirom ila davraning eng to‘riga o‘tkazdi. Hotamning ko‘rsatgan ehtiromidan hamma hayron bo‘lib:
– Bu inson kim, buncha ehtirom qilursiz? – deb so‘radilar. Ularga nim tabassum bilan boqqan Hotam:
– Sizlarni qadru qimmatingiz, mansabu hurmatingiz va maqomingizga qarab joy berdim. Bu jandapo‘sh, kamtar, tavozeli insonni mening saxovatim va karamim to‘rga o‘tkazdi.
Ey aziz farzand! Oliy mukofot mansab, martaba, boylikka qarab o‘lchanmaydi, balki u mo‘minning tavozesh, kamtarligi va Haqqa bo‘lgan qattiq ishonchi va muhabbati balandligi bilan o‘lchanadi. Barcha avliyolar Alloh taoloning visoliga oshiq bo‘lganlar. Uning visoliga yetish uchun dunyo rohatini mehnat va mashaqqatlarga almashtirganlar. Natija esa, albatta, Yorning vasliga yetishi aniq. O‘sha Yor muhabbati va ixlosi oshiqning qiyomat kunida ulug‘ maqomga sazovor bo‘lishiga bosh omil bo‘ladi. Inson Haqning muhabbati bilan yashab, umrini halol mehnat, ixlosli toat-ibodat qilib, riyo va shuhratparastlikdan kechib, nafsini jilovlab o‘tsa, albatta, mahbubning visoliga yetmog‘i muqarrardir.
Shermurod Tog‘ayning “Qasamini buzgan qiz” kitobidan
Yomonlikdan qaytarish
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Raslulloh sollallohu alayhi vasallamning shaklu shamoyillarini, suratlariyu siyratlarini ta’riflab: «Birinchi bor ko‘rgan kishi u zotdan haybatlanar edi. U zot bilan aralashib, tanigan kishi esa yaxshi ko‘rib qolardi. U zotni sifatlagan kishi: “Undan oldin ham, keyin ham u zotdek biror kishini ko‘rmadim”, deydi, degan» (Imom Termiziy, “Shamoili Muhammadiya”).
Haqiqatan, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamda salobat ham, viqor, marhamatu shafqat ham – xullas, hamma go‘zal sifatlar, fazilatlar jamlangan edi. U zotni ilk marta ko‘rgan har qanday kishi sergak tortar, viqorlaridan, salobatlaridan haybatlanar edi. Lekin Nabiy alayhissalom bilan gaplashgan, suhbatda bo‘lgan odam u zotning halimliklari, go‘zal so‘zlari, mukammal odob va axloqlariga mahliyo bo‘lib qolardi...
Bugun o‘zini Payg‘ambarimiz alayhissalomning ummatiman deb hisoblab, u zotning sunnatlariga mos tarzda do‘ppi kiygan, soqol qo‘ygan ayrim kishilarning, ayniqsa, yoshlarning oldiga borib, ular bilan tanishsangiz, dastlab xursand bo‘lasiz. Biroq biroz o‘tib ularning xatti-haraktalaridan yoqa ushlaysiz.
“Albatta, jasading (tanang)ning ham senda haqqi bor” (Imom Buxoriy rivoyati) hadisiga muvofiq har chorshanba sport bilan shug‘ullanamiz. Maydonga borsak, bizlar bilan bir vaqtda yonimizdagi maydonga ham yigitlar yig‘ilishdi. Soqol qo‘ygan, ayrimlarining boshida do‘ppi ham bor. Salom berishdi, alik oldik.
Chamasi yarim soatlar o‘tib, ulardan biri so‘kina ketdi. Yigitlarga qilgan havasimiz nafratga aylandi. Og‘zidan bodi kirib-shodi chiqavergach, oxiri ularga tanbeh berishga majbur bo‘ldim. Bir-ikki nafari tamaki ham tutata ketdi.
“Yoshlar qiziqqon bo‘ladi-da”, deya ularni oqlashga shoshmasligimiz kerak. Milliy va diniy qadriyatlarimizga putur yetkazadigan, butun bir avlodga salbiy ta’sir qilayotgan illat – yoshlarning soqol qo‘yib, do‘ppi kiyib, tamaki tutatgancha so‘kinayotganini hech ham tushunib bo‘lmaydi.
Yana bir holat. Ertalab ishga shoshib ketayotsam, chamasi 55-60 yoshni qoralab qolgan bir otaxonning ulovini bir yigit mashinasi bilan biroz siqib qo‘ydi. Shunda soqolli, boshida do‘ppisi yarashib turgan kishi ulovining oynasidan haligi yigitni bo‘ralatib so‘kib ketdi.
Shu voqeani ko‘rib, soqol qo‘yib, do‘ppi kiyib olgan, biroq og‘zidan bodi kirib-shodi chiqayotgan yoshlar osmondan tushmaganiga, ular ham bizning oramizda, o‘zbek oilalarida yashab ulg‘ayayotganiga amin bo‘ldim.
Yoshlarning aynib ketayotganiga internet va ijtimoiy tarmoqlarga soqolli blogerlar, do‘ppi kiyib olgan vaynerlar va yana allakimlar joylayotgan bema’ni, tuturuqsiz lavhalar ham sabab bo‘layapti. Yoshlar taqlidga o‘ch bo‘ladi. Shu bois ular oilada, ko‘cha-ko‘yda ko‘rgan narsalarini amalda qo‘llashni istaydilar.
Ko‘chada do‘ppi kiyib, soqol qo‘yib yurgan yoshni ko‘rgan odam uni odobli, tarbiyali yoki taqvodor deb o‘ylashi mumkin. Ammo tashqi ko‘rinish insonning ichki dunyosiga kafil bo‘la olmaydi. Insonni kiyimi bilan emas, xulqi bilan tanish kerak. Do‘ppi kiyish yaxshi fazilatlarning o‘rnini bosmaydi, soqol qo‘yish odobning kafolati emas. Agar inson tashqi qiyofasidagi ma’naviy da’voni ichki tarbiyasi bilan uyg‘unlashtirsa, shunda uning ko‘rinishi ham, so‘zi ham, amali ham bir-biriga mos keladi.
Imom Shofe’iy rahimahulloh: “Ikki yil ilm oldim. Odob-axloqni o‘n sakkiz yil o‘rgandim. Qaniydi, yigirma yil ham odob-axloqni o‘rganganimda edi”, deb bejiz aytmagan.
Abdulloh ibn Muborak rahimahulloh: “Odobni o‘ttiz yil o‘rgandim, ilmni yigirma yil o‘rgandim”, degan.
Biz yuqorida tasvirlagan yoshlarda aynan odob-axloq yetishmayapti, deya olamiz. Bunday kimsalarga kiygan do‘ppisi aqlini ishlatishga monelik qilyapti, iyagida soqol o‘sibdi-yu, ammo ongi o‘smabdi, deyish mumkin.
Yoshlik – jo‘shqin davr. Shu bilan birga, bu davrda yoshlar kattalarga taqlid qilib ulg‘ayadilar. Shunday ekan, kattalar ham odob-axloqda barchaga namuna bo‘lsalar, yoshlar ulardan ibrat olib, milliy qa diniy qadriyatlarimizga putur yetkazadigan har xil holatlardan yiroq bo‘ladilar.
Sodiqul masduq zot – Muhammal sollallohu alayhi vasallam Alloh taolo O‘z soyasiga oladigan yetti toifaning ikkinchisi “...Alloh taoloning ibodatida unib-o‘sgan yigit...”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Xo‘sh, Alloh taoloning ibodatida unib-o‘sgan yigit kim, u qanday bo‘ladi?
Avvalo, u so‘zi va amali uyg‘un bo‘lgan, Rasulullohning suratlariyu siyratlarini o‘zida mujassam etgan navqiron avlod vakili bo‘ladi. U har bir ishini Alloh uchun qiladi, xatti-harakatlari, muomala-munosabatlari Islomnng zilol chashmasidan sug‘orilgan, milliy qadriyatlarimizda belgilangan mezonlarga asoslanadi.
U o‘ziga Nabiy alayhisalomning: “Qiyomat kuni mo‘minning mezonida husni xulqdan og‘irroq narsa bo‘lmaydi. Alloh fahsh va iflos so‘z aytuvchini yomon ko‘radi” (Imom Termiziy rivoyati), degan muborak hadislarini mezon qilib oladi.
U, hadisi sharifda aytilganidek, dunyosini deb oxiratini, oxiratini deb dunyosini tashlab qo‘ymaydi (Imom Ibn Abu Dunyo rivoyati).
“Alloh taoloning ibodatida unib-o‘sgan yigit” maktabu madrasada Imom Buxoriy, Xorazmiydek “a’lochi”, oliy ta’lim muasssasida Abu Hafs Kabir Buxoriydek tirishqoq, peshqadam, Vatan sarhadlarini qo‘riqlashda Xolid ibn Validdek, Najmiddin Kubrodek mohir askar, tijoratda Abdurahmon ibn Avfdek uddaburon, ziroatda Sa’d ibn Abu Vaqqosdek mirishkor dehqon, tibbiyotda Abu Ali ibn Sinodek hoziq tabib, handasada Ahmad al-Farg‘oniydek kuchli muhandis, xullas, hayotning har jabhasida barchaga ibrat bo‘lishi kerak. Ana shunda unga aytgan gaplari, kiygan kiyimlari, shaklu shamoyili yarashib tushadi. Hamma unga va ota-onasisiga rahmat aytadi.
Tolibjon NIZOM