O‘zimiz yaxshi ko‘rganni o‘zgalarga ravo ko‘raylik. Imonimiz va nafsimiz xohlamagan narsalarni boshqalarga ravo ko‘rmaylik. Nafsimiz jilovini tortib turaylik, uni hay-haylab yo‘limizga solmasak, qamchilab turmasak, toatu ibodat, savob ishlarga burmasak, bizni o‘ziga qo‘shib jahannamga tortib ketadi.
Valiylardan biri baliqpazning do‘koni oldidan o‘tib qolibdi. Nafsi g‘alayon qilib baliq yegisi kelibdi, borib baliqpazdan baliqning narxini so‘rabdi. Unga javoban baliqpaz narxi ikki tanga ekanini aytibdi. Buni eshitgan Valiy, pul topish niyatida yo‘lida davom etayotganda quduqdan charx aylantirib suv chiqaradigan joyga borib qolibdi. Charx egasi mirobdan:
– Bir kunlik ish haqi qancha bo‘ladi? – deb so‘rabdi.
– Ikki tanga, – debdi mirob va ikkalasi kelishibdi. Ertadan kechgacha tinmay gir aylanib suv chiqargan avliyo qattiq charchab, holdan toyibdi. Xizmat haqiga kelishilgan ikki tangani olib, baliq xarid qilib, yer ekan:
– Ey nafsim, agar yana baliq yeging kelsa, bundan ham qattiqroq ishlataman, – debdi.
Ey aziz farzand! Yomon nafs doimo yomonlikka undar, qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha kam deydi.
Badnafslik xorlikka undagay har dam,
Otashga tusharsan gar bo‘lsang hamdam.
Nafsingni doimo tarbiyat ayla,
Jilovin mahkam tut, yaxshilab boyla.
Shermurod Tog‘ayning “Qasamini buzgan qiz” kitobidan
Alloh taolo ushbu ezgu ishga hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlarning ehsonlarini dargohida qabul qilsin, mol-u jonlariga baraka, oilalariga tinchlik va xotirjamlik ato etsin. Yurtimizda bunday xayrli amallar bardavom bo‘lib, yetim bolalarning yuzidagi quvonch va tabassum hech qachon arimasin.
Vaqf.uz sayti orqali o‘zingiz xohlagan yo‘nalishga ehson qilishingiz mumkin!