Bir tanishim u bilan kasalxonaga borib kelishimni iltimos qildi. Ochig‘i, bu taklif menga unchalik yoqmadi. Bugun ulfatlar bilan o‘tiradigan joyimiz bor edi. Maza qilib, bir otamlashmoqchi edik. Ammo yo‘q deyish noqulay bo‘ldi. Chunki uning oilaviy ahvolidan yaxshi xabardor edim.”Ulgurarman, ziyofatga ham” deya rozi bo‘ldim!
Ha, unga qiyin edi: bir tomondan kasal onasi...bir tomonda yosh bolalari....va kasal yotgan ayoli.
Biz uning shifoxonadagi ayolidan xabarlashgani yo‘lga chiqdik.
Shifoxona atrofida odam ko‘p. Hamma o‘z yaqinidan xabar olish uchun kelgan.
Xullas, palata eshigi oldiga yetganimizda meni ichkariga kiritishmadi. Nailoj tashqarida kutib turadigan bo‘ldim.
Kasalxona biqinidagi o‘rindiqda o‘tiribman. Shu tob boshiga do‘ppi kiygan, mahzun bir otaxon yonimga kelib o‘tirdi. Unga salom berdim. U bosh silkigancha alik oldi. Tushundim: boshiga musibat tushgan.
Vaqt o‘tib borardi. Men esa ziyofatga ulgurishim kerak. Meni bu yerga sudragan tanishimdan shu qadar jahlim chiqdiki!....
Yonimda o‘tirgan otaxon birdan yig‘lab yuborsa bo‘ladimi?! Men uni yupatishni niyat qilib:
– Otaxon,nima bo‘ldi? Nega yig‘layapsiz? – deb so‘radim.
U indamadi. Ammo keyin ko‘z yoshini artib asta javob qildi:
– O‘g‘limning ziyoratiga kelgandim bolam! Shunga ko‘zimga sal yosh keldi! O‘tib ketadi...
Ana endi masala bir oz oydinlashdi. Demak, anavi yerda, shundoq yo‘lning narigi tomonida qabriston bor ekan-da! Men bu yerda tug‘ruqxona borligini bilardim-u, ammo qabriston borligini endi ko‘rdim!
Shu tob bir xayol miyamga urildi:
“Tavba! Bir tomonda tug‘ruqxona, Bir tomonda qabriston! Astag‘firulloh! O‘rtada esa men. Inson umri buncha qisqa yo‘l bo‘lmasa! Tug‘ruqxonadan chiqib to‘g‘ri qabristonga yo‘l olamiz! Umr ham aslida shu bir qisqa yo‘l! Biz yesa shu qisqa yo‘lga ham chidamay, ulkan gunohlar qilib qo‘yamiz! Tavba! Yo alhazar!..”
Ziyofatga esa bormadim.
Sherzod HAYDARBЕKOV
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi