She’r nega yoziladi? Qalb dardga to‘lsa. Dardsiz yozilgan she’r qanchalik mahorat bilan yozilmasin tinglovchining qalbiga yetib bormaydi. Chunki qalbdan chiqqan so‘z qalbga yetadi.
Azim poytaxtimizning Qushqo‘rg‘on mahallasida yashaydigan nihoyatda ajoyib qaynona-kelinni bundan to‘rt yillar burun ko‘rgan edim. Allohning marhamati ila uylaridan bir piyola choy ichish ham nasib etgandi o‘shanda.
Ana o‘sha qaynona – Salima opa yaqinda, muborak ramazon oyida qazo qildi. Qaynonasining vafotidan qattiq ta’sirlangan kelini unga atab marsiya yozibdi.
Mutaxassisligi muhandis bo‘lgan Latofatxon Kamolova, menimcha, yozgan bayotining qaysi janrga oid bo‘lishini o‘ylab ham ko‘rmagan, u faqat yuragiga sig‘magan dardni qog‘ozga tushirgan, xolos.
Kelinining qalbida shunchalik muhabbat uyg‘ota olgan qaynonaga, qaynonasini shu qadar yuksak ehtirom ila sevgan kelinga tasannolar aytsak kam. Umid qilamizki, nega bunday deyayotganimiz hammaga ayon...
Bu – yuksak mahorat ila she’riyatning barcha nizomu qoidalarini joyiga keltirib yozilgan pishiq-puxta marsiya degan fikrni aytishdan yiroqmiz. Bu – sof ko‘ngil ila har qanday riyodan, soxtakorlikdan holi bo‘lgan samimiy sog‘inch ifodasidir.
Damin JUMAQUL
Go‘zal xulqli, sabrligim, mushtiparim,
Yuzi nurli, chiroyligim, chaqqonginam.
Xotirada doim saqlang meni deya,
Boqiy dunyo sari shoshgan munisginam.
Farzandlarga bino qo‘ygan farishtamsiz,
Uylarimiz bezaguvchi sarishtamsiz.
Ayollarning doim oldi bo‘lib yurgan,
Boqiy dunyo sari shoshgan munisginam.
Kelin bo‘lib xizmatingiz qilolmadim,
Sizdan ko‘ra xayrixohni topolmadim.
Bolalarim sizdek xursand qilolmadim,
Boqiy dunyo sari shoshgan munisginam.
Ishdan kelsam, kutib oluvchim edingiz,
Onam kabi yaqin ko‘rgan Onamdingiz,
Endi bizdan ko‘nglingiz to‘q bo‘lib keting,
Boqiy dunyo sari shoshgan munisginam.
Baytullohda mehmon bo‘lgan hoji onam,
Hijoblarni go‘zal qilib taqqanginam.
Barchamizni ibodatga solganginam,
Boqiy dunyo sari shoshgan munisginam.
Endi diydor Mahshargohda, ko‘rishguncha,
Farzandlarim ilmlarga tushvolguncha,
Qorilardan xatmlarni kutib turing,
Boqiy dunyo sari shoshgan munisginam.
Bolalariga bosh bo‘lgan xokisorginam.
Yo‘ldoshini izlab borib topganginam!..
Latofat KAMOLOVA
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi