بسم الله الرحمن الرحيم
ISLOM GO‘ZAL AXLOQQA CHORLAYDI
Muhtaram jamoat! Go‘zal axloqda islom olamiga namuna bo‘lgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ummatlarini doimo husni xulqga, xush muomalaga, o‘zaro mehr-oqibatga, kattalarga izzat-hurmat, kichiklarga esa rahm-shafqatli bo‘lishga, o‘zgani ayb-nuqsonlarini va sahv-xatolarini kechirishga va hokazo kabi go‘zal axloqlar bilan ziynatlanishlariga chaqirganlar. Ayni paytda Payg‘ambarimiz alayhissalom birinchi darajadagi axloqi hamida sohibi ekanlariga aslo shubha yo‘q. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda: “Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!” (Qalam surasi, 4-oyat) deb marhamat qilgan.
Dinimizdagi barcha ibodatlarning negizi va mohiyatida go‘zal axloq yotadi. Bunga misol tariqasida quyidagi oyatni keltirish mumkin:
إِنَّ الصَّلَاةَ تَنْهَى عَنِ الْفَحْشَاءِ وَالْمُنْكَرِ
ya’ni: “Albatta, namoz fahsh va yomon ishlardan qaytarur” (Ankabut surasi, 45-oyat). Shu kabi ro‘za, zakot, haj va boshqa ibodatlarning mukammal va Allohning huzurida maqbul bo‘lishida ham go‘zal axloq asosiy o‘rin tutadi. Zero, imon barcha go‘zal axloqlarni o‘zida mujassam etadi. Musulmon kishining go‘zal axloqi uning sog‘lom e’tiqodi va imonining komilligiga dalolat qiladi. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قال: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "أَكْمَلُ الْمُؤْمِنِينَ إِيمَانًا أَحْسَنُهُمْ خُلُقًا وَخِيَارُكُمْ خِيَارُكُمْ لِنِسَائِهِمْ خُلُقًا" (رواه الإمام الترمذي).
ya’ni: “Mo‘minlarning ichida eng imoni komili xulqi chiroyli bo‘lganidir. Sizlarning yaxshilaringiz ayollariga yaxshi xulq bilan munosabatda bo‘ladiganingizdir”, (Imom Termiziy rivoyati).
Kishi imoni qandayligini bilmoqchi bo‘lsa, uning tarozusi chiroyli xulqdir. Ayniqsa, o‘zidan zaiflar (xotin, bola va qo‘l ostidagi xodimlar)ga chiroyli muomalada bo‘lish eng yaxshi mo‘minlar qatoriga kirish hisoblanadi.
عَنْ جَابِرٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "إِنَّ مِنْ أَحَبِّكُمْ إِلَيَّ وَأَقْرَبِكُمْ مِنِّي مَجْلِسًا يَوْمَ الْقِيَامَةِ أَحَاسِنَكُمْ أَخْلَاقًا" (رواه الإمام الترمذي).
Husni xulq insondagi barcha fazilatlarning eng oliy va afzalidir. Chunki uning egasidan doimo yaxshilik kutiladi. Yana bir hadisda shunday keladi:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه قَالَ: سُئِلَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم عَنْ أَكْثَرِ مَا يُدْخِلُ النَّاسَ الْجَنَّةَ؟، قَالَ: تَقْوَى اللهِ وَحُسْنُ الخُلُقِ (رواه الإمام الترمذي).
ya’ni: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam insonlarni jannatga kirishlariga ko‘proq sabab bo‘ladigan narsa haqida so‘raldilar. Shunda U zot “Allohga taqvo qilish va husni xulqli bo‘lish” - deb javob berdilar, (Imom Termiziy rivoyati).
Inson chiroyli xulqi sabab oxiratda ulug‘ darajalarga erishishi hadisi shariflarda zikr qilinadi:
عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: إِنَّ الْعَبْدَ لَيَبْلُغُ بِحُسْنِ خُلُقِهِ عَظِيْمَ دَرَجَاتِ الْآخِرَةِ، وَالْخُلُقُ الْحَسَنُ يُذِيْبُ الْخَطَايَا كَمَا يُذِيْبُ الْمَاءُ الْجَلِيْدَ، وَالْخُلُقُ الْسُوءُ يُفْسِدُ الْعَمَلَ كَمَا يُفْسِدُ الْخَلُّ الْعَسَلَ )رواه الإمام الطبراني.(
ya’ni: Ibni Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Albatta, banda chiroyli xulqi sababli oxiratda ulug‘ darajalarga erishadi. Chiroyli xulq, xuddi suv muzni eritgani kabi, gunohlarni yo‘qotadi, yomon xulq esa, xuddi sirka asalni buzgani kabi, amalni buzadi” (Imom Tabaroniy rivoyati).
عَنِ ابْنِ أَبِي حُسَيْنٍ رضي الله تعالى عنه قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "أَلَا أَدُلُّكُمْ عَلَى خَيْرِ أَخْلاقِ أَهْلِ الدُّنْيَا وَالآخِرَةِ: أَنْ تَصِلَ مَنْ قَطَعَكَ، وَتُعْطِيَ مَنْ حَرَمَكَ، وَتَعْفُوَ عَمَّنْ ظَلَمَكَ" (رواه الإمام البيهقي).
ya’ni: Ibni Abu Husayn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi Payg‘ambar alayhissalom dedilar: “Sizlarni dunyo va oxirat ahlining eng yaxshi xulqlariga dalolat qilaymi”? - deb “Sendan aloqani uzgan (qardoshing)ga bog‘lanmog‘ing, sendan qizg‘angan kishiga bermog‘ing, senga zulm qilganni kechirmog‘ing” dedilar, (Imom Bayhaqiy rivoyati).
عَنْ عَبْدِ اللهِ رَضِيَ اللهُ تَعَالَى عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "لَيْسَ الْمُؤْمِنُ بِالطَّعَّانِ وَلَا اللَّعَّانِ وَلَا الْفَاحِشِ وَلَا الْبَذِيءِ" (رواه الإمام الترمذي).
ya’ni: Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Mo‘min ta’nachi, la’natchi, fahshchi va uyatsiz bo‘lmaydi”, – dedilar, (Imom Termiziy rivoyati).
Demak, go‘zal xulqli kishi, ta’na qilish, la’natlash, fahsh so‘zlarni gapirish, uyatsiz gap-so‘zlar va xatti-harakatlar kabi yomon xulqlardan tiyilishi lozimdir.
عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ المُبَارَكِ رضي الله عنه، أَنَّهُ وَصَفَ حُسْنَ الخُلُقِ فَقَالَ: هُوَ بَسْطُ الوَجْهِ، وَبَذْلُ المَعْرُوفِ، وَكَفّ الأَذَى
Hazrati Ali karramallohu vajhahu dedilar: “Go‘zal xulq uchta xislat bilan hosil bo‘ladi: haromdan tiyilish, halolni izlash, ahliga bag‘rikenglik qilish”.
Sahl ibn Tustariy rahmatullohi alayhdan go‘zal xulq haqida so‘rashganda: “Go‘zal xulqning eng quyi darajasi mashaqqatlarni ko‘tarish, mukofotdan kechish, zolimga rahm-shafqat qilib, ularga mag‘firat tilash”, dedilar.
سُئِلَ ذُو النُّونِ الْمِصْرِي قُدِّسَ سِرُّهُ مَنْ أَدْوَمُ النَّاسِ عَنَاءً؟ قَالَ: أَسْوَؤُهُمْ خُلُقاً
Yuqoridagi hadisi sharif va ulamolar o‘gitlaridan xulosa qiladigan bo‘lsak, inson chiroyli xulqlarga odatlanishi va yomon xulqlarni tark etishi bu dinimizning asosi va Payg‘ambarimizning asosiy o‘gitlaridir. Chiroyli xulqlar insonni dunyo va oxiratdagi martabasini baland qiladi, rizqini keng qiladi. Yomon xulq esa ikki dunyoda ham xorlik va nadomatga sabab bo‘ladi.
Keyingi paytlarda yurtimizda “ommaviy madaniyat” nomi ostida musulmonlarga xos bo‘lmagan hayot tarzini targ‘ib qilish ko‘zga tashlanmoqda. “Ommaviy madaniyat” yoshlarga hayosiz, mas’uliyatsiz bir hayot tarzini bezab ko‘rsatmoqda. Ya’ni, hech narsada halol, harom degan chegara yo‘q, bu dunyoga bir marta kelinadi, o‘ynab kulib qolish kerak, dunyo lazzatlarini totib qolish kerak, kabi fikrlarni o‘rtaga tashlamoqda. To‘g‘ri, xuddi mana shu g‘oyalar bilan yashaganlar tarixda ham bo‘lgan. Ularning hammasi balo, ofat va Allohning azobiga duch kelib, qirilib ketdilar. O‘ziga din diyonat va chiroyli xulqni shior qilib olganlarning esa ishlari, avlodlari, dinlari hanuz davom etmoqda. Qush uyasida ko‘rganini qiladi, deganlaridek, yosh avlodga biz kattalar o‘rnak bo‘lishimiz kerak. Ayniqsa, katta mas’uliyat erkaklarning zimmasiga tushadi. Agar farzandlar tarbiyasiga be’etibor bo‘lsak, ularni “ommaviy madaniya”ning qo‘liga topshirib qo‘ysak, dinimiz, kelajagimiz va millatimiz xavf ostida qoladi.
Alloh taolo barchamizni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning xulqlarini o‘rganib, hayotimizga tatbiq qilib yashash baxtiga muvaffaq aylasin. Omin!
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati