Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Avgust, 2026   |   30 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:01
Quyosh
05:30
Peshin
12:28
Asr
17:22
Shom
19:29
Xufton
20:56
Bismillah
13 Avgust, 2026, 30 Safar, 1448

06.07.2018 y. Islom go‘zal axloqqa chorlaydi

29.06.2018   8065   9 min.
06.07.2018 y. Islom go‘zal axloqqa chorlaydi

 بسم الله الرحمن الرحيم

ISLOM GO‘ZAL AXLOQQA CHORLAYDI

Muhtaram jamoat! Go‘zal axloqda islom olamiga namuna bo‘lgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ummatlarini doimo husni xulqga, xush muomalaga, o‘zaro mehr-oqibatga, kattalarga izzat-hurmat, kichiklarga esa rahm-shafqatli bo‘lishga, o‘zgani ayb-nuqsonlarini va sahv-xatolarini kechirishga va hokazo kabi go‘zal axloqlar bilan ziynatlanishlariga chaqirganlar. Ayni paytda Payg‘ambarimiz alayhissalom birinchi darajadagi axloqi hamida sohibi ekanlariga aslo shubha yo‘q. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda:  “Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!” (Qalam surasi, 4-oyat) deb marhamat qilgan.

 Dinimizdagi barcha ibodatlarning negizi va mohiyatida go‘zal axloq yotadi. Bunga misol tariqasida quyidagi oyatni keltirish mumkin:

إِنَّ الصَّلَاةَ تَنْهَى عَنِ الْفَحْشَاءِ وَالْمُنْكَرِ

ya’ni: “Albatta, namoz fahsh va yomon ishlardan qaytarur” (Ankabut surasi, 45-oyat). Shu kabi ro‘za, zakot, haj va boshqa ibodatlarning mukammal va Allohning huzurida maqbul bo‘lishida ham go‘zal axloq asosiy o‘rin tutadi. Zero, imon barcha go‘zal axloqlarni o‘zida mujassam etadi. Musulmon kishining go‘zal axloqi uning sog‘lom e’tiqodi va imonining komilligiga dalolat qiladi. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قال: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "أَكْمَلُ الْمُؤْمِنِينَ إِيمَانًا أَحْسَنُهُمْ خُلُقًا وَخِيَارُكُمْ خِيَارُكُمْ لِنِسَائِهِمْ خُلُقًا" (رواه الإمام الترمذي). 

ya’ni: “Mo‘minlarning ichida eng imoni komili xulqi chiroyli bo‘lganidir. Sizlarning yaxshilaringiz ayollariga yaxshi xulq bilan munosabatda bo‘ladiganingizdir”, (Imom Termiziy rivoyati).

Kishi imoni qandayligini bilmoqchi bo‘lsa, uning tarozusi chiroyli xulqdir. Ayniqsa, o‘zidan zaiflar (xotin, bola va qo‘l ostidagi xodimlar)ga chiroyli muomalada bo‘lish eng yaxshi mo‘minlar qatoriga kirish hisoblanadi.

عَنْ جَابِرٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "إِنَّ مِنْ أَحَبِّكُمْ إِلَيَّ وَأَقْرَبِكُمْ مِنِّي مَجْلِسًا يَوْمَ الْقِيَامَةِ أَحَاسِنَكُمْ أَخْلَاقًا"  (رواه الإمام الترمذي).

ya’ni: Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambar alayhissalom aytadilar: “Sizlarning menga suyuklirog‘ingiz va qiyomat kuni menga yaqinrog‘ingiz axloqi go‘zallaringizdir” (Imom Termiziy  rivoyati).

Husni xulq insondagi barcha fazilatlarning eng oliy va afzalidir. Chunki uning egasidan doimo yaxshilik kutiladi. Yana bir hadisda shunday keladi:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه قَالَ: سُئِلَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم عَنْ أَكْثَرِ مَا يُدْخِلُ النَّاسَ الْجَنَّةَ؟، قَالَ: تَقْوَى اللهِ وَحُسْنُ الخُلُقِ  (رواه الإمام الترمذي).

ya’ni: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam insonlarni jannatga kirishlariga ko‘proq sabab bo‘ladigan narsa haqida so‘raldilar. Shunda U zot “Allohga taqvo qilish va husni xulqli bo‘lish” - deb javob berdilar, (Imom Termiziy  rivoyati).

Inson chiroyli xulqi sabab oxiratda ulug‘ darajalarga erishishi hadisi shariflarda zikr qilinadi:

عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: إِنَّ الْعَبْدَ لَيَبْلُغُ بِحُسْنِ خُلُقِهِ عَظِيْمَ دَرَجَاتِ الْآخِرَةِ، وَالْخُلُقُ الْحَسَنُ يُذِيْبُ الْخَطَايَا كَمَا يُذِيْبُ الْمَاءُ الْجَلِيْدَ، وَالْخُلُقُ الْسُوءُ يُفْسِدُ الْعَمَلَ كَمَا يُفْسِدُ الْخَلُّ الْعَسَلَ )رواه الإمام الطبراني.(

ya’ni: Ibni Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Albatta, banda chiroyli xulqi sababli oxiratda ulug‘ darajalarga erishadi. Chiroyli xulq, xuddi suv muzni eritgani kabi, gunohlarni yo‘qotadi, yomon xulq esa, xuddi sirka asalni buzgani kabi, amalni buzadi” (Imom Tabaroniy rivoyati).

عَنِ ابْنِ أَبِي حُسَيْنٍ رضي الله تعالى عنه قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "أَلَا أَدُلُّكُمْ عَلَى خَيْرِ أَخْلاقِ أَهْلِ الدُّنْيَا وَالآخِرَةِ:  أَنْ تَصِلَ مَنْ قَطَعَكَ، وَتُعْطِيَ مَنْ حَرَمَكَ، وَتَعْفُوَ عَمَّنْ ظَلَمَكَ" (رواه الإمام البيهقي).

ya’ni: Ibni Abu Husayn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi Payg‘ambar alayhissalom dedilar: “Sizlarni dunyo va oxirat ahlining eng yaxshi xulqlariga dalolat qilaymi”? - deb “Sendan aloqani uzgan (qardoshing)ga bog‘lanmog‘ing, sendan qizg‘angan kishiga bermog‘ing, senga zulm qilganni kechirmog‘ing” dedilar, (Imom Bayhaqiy rivoyati).

عَنْ عَبْدِ اللهِ رَضِيَ اللهُ تَعَالَى عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "لَيْسَ الْمُؤْمِنُ بِالطَّعَّانِ وَلَا اللَّعَّانِ وَلَا الْفَاحِشِ وَلَا الْبَذِيءِ" (رواه الإمام الترمذي).

ya’ni: Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Mo‘min ta’nachi, la’natchi, fahshchi va uyatsiz bo‘lmaydi”, – dedilar, (Imom Termiziy  rivoyati).

Demak, go‘zal xulqli kishi, ta’na qilish, la’natlash, fahsh so‘zlarni gapirish, uyatsiz gap-so‘zlar va xatti-harakatlar kabi yomon xulqlardan tiyilishi lozimdir.

عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ المُبَارَكِ رضي الله عنه، أَنَّهُ وَصَفَ حُسْنَ الخُلُقِ فَقَالَ: هُوَ بَسْطُ الوَجْهِ، وَبَذْلُ المَعْرُوفِ، وَكَفّ الأَذَى

ya’ni: Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayh go‘zal xulqni: “Ochiq yuzlilik, yaxshilik qilish va aziyat berishdan tiyilish” deya ta’riflaganlar.

Hazrati Ali karramallohu vajhahu dedilar: “Go‘zal xulq uchta xislat bilan hosil bo‘ladi: haromdan tiyilish, halolni izlash, ahliga bag‘rikenglik qilish”. 

Sahl ibn Tustariy rahmatullohi alayhdan go‘zal xulq haqida so‘rashganda: “Go‘zal xulqning eng quyi darajasi mashaqqatlarni ko‘tarish, mukofotdan kechish, zolimga rahm-shafqat qilib, ularga mag‘firat tilash”, dedilar.

سُئِلَ ذُو النُّونِ الْمِصْرِي قُدِّسَ سِرُّهُ مَنْ أَدْوَمُ النَّاسِ عَنَاءً؟ قَالَ: أَسْوَؤُهُمْ خُلُقاً

ya’ni: Zunnun Misriy quddisa sirruhudan: “Eng ko‘p g‘am-g‘ussa chekadagan kishi kim?”, deb so‘rashganida u zot: “Eng xulqi yomon kimsa”, deb javob berganlar.

Yuqoridagi hadisi sharif va ulamolar o‘gitlaridan xulosa qiladigan bo‘lsak, inson chiroyli xulqlarga odatlanishi va yomon xulqlarni tark etishi bu dinimizning asosi  va Payg‘ambarimizning asosiy o‘gitlaridir. Chiroyli xulqlar insonni dunyo va oxiratdagi martabasini baland qiladi, rizqini keng qiladi. Yomon xulq esa ikki dunyoda ham xorlik va nadomatga sabab bo‘ladi.

Keyingi paytlarda yurtimizda “ommaviy madaniyat” nomi ostida musulmonlarga xos bo‘lmagan  hayot tarzini targ‘ib qilish ko‘zga tashlanmoqda. “Ommaviy madaniyat” yoshlarga hayosiz, mas’uliyatsiz bir hayot tarzini bezab ko‘rsatmoqda. Ya’ni, hech narsada halol, harom degan chegara yo‘q, bu dunyoga bir marta kelinadi, o‘ynab kulib qolish kerak, dunyo lazzatlarini totib qolish kerak, kabi fikrlarni o‘rtaga tashlamoqda. To‘g‘ri, xuddi mana shu g‘oyalar bilan yashaganlar tarixda ham bo‘lgan. Ularning hammasi balo, ofat va Allohning azobiga duch kelib, qirilib ketdilar. O‘ziga din diyonat va chiroyli xulqni shior qilib olganlarning esa ishlari, avlodlari, dinlari hanuz davom etmoqda. Qush uyasida ko‘rganini qiladi, deganlaridek, yosh avlodga biz kattalar o‘rnak bo‘lishimiz kerak. Ayniqsa, katta mas’uliyat erkaklarning zimmasiga tushadi. Agar farzandlar tarbiyasiga be’etibor bo‘lsak, ularni “ommaviy madaniya”ning qo‘liga topshirib qo‘ysak, dinimiz, kelajagimiz va millatimiz xavf ostida qoladi.

Muhtaram jamoat! Mav’izamizning davomida suyukli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning go‘zal xulqlaridan ba’zilarini qisqacha bayon qilamiz. Ulamolar quyidagi odoblarga rioya qilib, ularni o‘zining doimiy odatiga aylantirib olgan kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari bilan xulqlangan bo‘ladi, dedilar:

  1. Barcha yomon so‘z va ishlardan tiyilish;
  2. Odamlar bilan muomala qilishda ovozni balandlatmaslik;
  3. Kechirimli bo‘lish;
  4. Zimmadagi vazifani bajarishda sustkashlik qilmaslik;
  5. Ko‘p kulishdan saqlanish;
  6. Ehtiyojmandlarning hojatlarini ravo qilishni ortga surmaslik;
  7. Ahli-oilasiga uy ishlarida ko‘maklashish;
  8. Birovga aziyat berishi mumkin bo‘lgan so‘zlarni hazillashib ham aytmaslik;
  9. Shirin so‘zli bo‘lish;
  10. Faqat rost gapni gapirish;
  11. Insonlarga ham, boshqa hayvonlarga ham rahm shafqatli bo‘lish;
  12. Baxillik qilmaslik;
  13. G‘azablanmaslik, g‘azabi kelgan paytda "a’uzu billahi minash shaytonir rojiym" deyish;
  14. Ko‘p gapirishdan tiyilish;
  15. Shijoatli bo‘lish, o‘zining zarariga bo‘lsa ham haqni gapirish;
  16. Insonlarning nasihatlarini qabul qilish;
  17. Insonlarning aziyatlariga sabrli bo‘lish;
  18. O‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani boshqalarga ham bo‘lishini yaxshi ko‘rish;
  19. Salomni ko‘paytirish.

Alloh taolo barchamizni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning xulqlarini o‘rganib, hayotimizga tatbiq qilib yashash baxtiga muvaffaq aylasin. Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

12.08.2026   12151   3 min.
Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.

Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.

Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.

Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:

«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».

Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.

Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari