Bugun, O‘zbekiston musulmonlari idorasida “27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda ulamolar, imom-xatiblar va diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ijod qilayotgan bir guruh ijodkorlar ishtirok etdi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari barcha ijod ahlini kasb bayrami bilan qutlab, quyidagi iliq so‘zlarni bayon qildilar.
بسم الله الرحمن الرحيم
الحَمْدُ للهِ الَّذِي نَوَّرَ قُلُوبَ العَارِفِينَ باِلمَعْرِفَةِ وَ رَفَعَ شَأْنَهُم بِتَعْلِيمِ الخِطَابِ وَ الكِتَابَةِ كَمَا قَالَ تَعَالَى: ﴿ادْعُ إِلَى سَبِيلِ رَبِّكَ بِالْحِكْمَةِ وَالْمَوْعِظَةِ الْحَسَنَةِ﴾. وأَشْهَدُ أَنَّ سَيِّدَنا وحَبِيبَنا محمَّدًا عَبْدُهُ ورَسُولُهُ الَّذِي قال: " إِنَّ مِنَ الشِّعْرِ لَحِكْمَةٌ". وصَلّى اللهُ عَلى سَيِّدِنا محمَّدٍ وعَلى آلِهِ وأصَحابهِ الطَّيِّبِينَ الطاهِرِين أما بعد:
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuhu!
Hurmatli mehmonlar va jonkuyar ijodkorlar!
Avvalo, barcha ijodkorlarni “27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” bilan chin qalbimdan, samimiy muborakbod etib, o‘zimning cheksiz hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Haq taologa shukrki, pok dinimiz va musaffo e’tiqodimizni targ‘ib etish, diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlarni to‘g‘ri tushuntirish, tinchlik va osoyishtalikni qadrlash, bir so‘z bilan aytganda, ziyo-ma’rifat ulashish ishida siz ijod ahlining munosib o‘rningiz bor, albatta.
Siz kabi ijodkorlar diniy idoramizning asosiy tayanchi va eng yaqin ko‘makchisiga aylandi. Keyingi paytlarda har bir ish yoki tadbirimiz ommaviy axborot vositalari vakillari ishtiroki bilan yanada chiroyli o‘tmoqda. Masalan, Ramazoni sharif bu yil har qachongidan ham fayzli o‘tdi. Mana shunday huzurbaxsh kunlarni ijodkorlarimiz kecha-yu kunduz, tinim bilmay butun dunyoga namoyish etishda jonbozlik ko‘rsatishganini alohida ta’kidlash kerak. Yurtimizdagi Ramazon shukuhini ko‘rgan xorijliklar “Mana shunday diyorni bir borib ko‘rsam edi”, deb o‘z hayratlarini yashirishmadi.
Bunday yuksak e’tiroflarga mo‘min-musulmonlar manfaati, din g‘ami va Vatan taqdirini yuragidan o‘tkazib ishlaydigan siz, ijod ahlining ta’sirchan so‘zi, ibratli faoliyati sababli erishildi. Bularning hammasini biz diniy idora rahbarlari ko‘rib, bilib turibmiz. Halol mehnatlaringizni vaqti-vaqti bilan taqdirlaymiz, eng oliy mukofot esa Parvardigori olam huzurida bo‘ladi, inshoalloh.
Ma’lumki, bugungi tezkor zamonda gazeta, jurnal va internet saytlarini hamma kuzatib bormoqda, xabar va maqolalarni mutolaa qilib, ulardagi pandu nasihatlarga amal qilishmoqda. Qur’oni azimush-sha’nda shunday marhamat qilinadi:
ادْعُ إِلَى سَبِيلِ رَبِّكَ بِالْحِكْمَةِ وَالْمَوْعِظَةِ الْحَسَنَةِ وَجَادِلْهُمْ بِالَّتِي هِيَ أَحْسَنُ
إِنَّ رَبَّكَ هُوَ أَعْلَمُ بِمَنْ ضَلَّ عَنْ سَبِيلِهِ وَهُوَ أَعْلَمُ بِالْمُهْتَدِينَ
«(Ey Muhammad,) Rabbingiz yo‘li (dini)ga hikmat va chiroyli nasihat bilan da’vat qiling! Ular bilan eng go‘zal uslubda munozara qiling! Albatta, Parvardigoringizning o‘zi Uning yo‘lidan chalg‘igan kimsalarni yaxshi biluvchi va hidoyat topganlarni ham U biluvchiroqdir» (Nahl, 125).
Shuning uchun ham siz ijod ahli ilm-ma’rifatni tarqatishda yanada sobitqadam bo‘lib, imkoniyatlardan to‘la foydalanish davri keldi.
Ertangi kundagi eng muhim vazifalar haqida gapirganda, endi hayot asta-sekin emas, juda shiddat bilan o‘zgarmoqda. Mana shuni hech qachon esdan chiqarmasdan, har bir voqea-hodisaga hozirjavoblik ila to‘g‘ri va haqqoniy munosabat bildirishni bugun zamonning o‘zi talab qilmoqda.
Shu o‘rinda Davlatimiz rahbarining quyidagi so‘zlarini keltirishni lozim deb topdim: – “Biz doimo ziyolilarni, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Ular yaratgan ibratli asarlarni, she’rlarni yoshlarimiz qancha ko‘p o‘qisa, ma’naviyati, ma’rifati yuksaladi, demakki, vatanparvar bo‘ladi. Vatanparvarlar qancha ko‘p bo‘lsa, mamlakatimiz ham shuncha tez ravnaq topadi.”
Xalqimiz qadim-qadimdan qalam ahlini doimo e’zozlab kelgan. Temuriy hukmdor Husayn Boyqaro, “Xamsa” bitgan do‘sti Alisher Navoiyni o‘zining oq otiga mindirib, Hirot ko‘chalaridan o‘tishi ana shunday e’zoz namunasi o‘laroq tarixda iz qoldirgandir. Binobarin, ijodkorlarga munosib shart-sharoit berilsa, ular erkin ijod qiladi, ko‘zlagan maqsadlarga yetiladi.
Futsatdan foydalanib, bir muhim masalani aytmoqchiman, ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, internet tarmog‘ining keng xalq ommasiga bo‘lgan ta’sir kuchi kundan-kunga oshib bormoqda. Mana shu nuqtayi nazardan, siz azizlardan talabim ham, iltimosim ham shuki, islohotlarni, ijrootlarni va voqea-hodisalarni to‘g‘ri, haqqoniy va husni zon bilan yoritishingizni so‘rayman. Turli asossiz gap-so‘zlar va mish-mishlarni tarqatmaslikni talab qilaman. Buning o‘rniga yurtimizdagi mo‘min-musulmonlarga berilayotgan keng imkoniyatlar, tuhfalar va kengchiliklar haqida yozish kerak.
Bu haqda alloma Husain Voiz Koshifiy hazratlari shunday so‘zlarni keltirganlar: “To‘rt narsa saodat dalilidir: to‘g‘ri so‘z, tavoze’, halol kasbu hunardagi mehnat va sir saqlash”. Mana shu ajoyib hikmat sizlarning ish mezoningiz bo‘lishi kerak.
Ijod ahli mehnatining naqadar mashaqqatli va mas’uliyatli ekanini chuqur anglagan kishi sifatida kamina, sizlarning sa’y-harakatingiz va tashabbuslaringizni doimo qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanimni, sizlarni eng asosiy tayanchim va eng yaqin yordamchim deb bilishimni, sizlarni doimo yaxshi ko‘rib qolishimni izhor qilaman.
Diniy idora tizimidagi ijodiy xodimlarga bayram munosabati bilan mukofotlar taqdim etiladi. Biz bilan doimo hamkor bo‘lib kelayotgan saytlar, “Hidoyat sari” va “Ziyo” ko‘rsatuvlari xodimlariga ham hadyalarimiz ham bor.
Qalamingiz o‘tkir, so‘zlaringiz ravon, chiqishlaringiz ta’sirchan bo‘lib, doimo e’tibor va mo‘min-musulmonlarimiz ardog‘ida bo‘ling, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, ijodiy yutuqlar tilayman.
Yana bir bor kasb bayramingiz muborak bo‘lsin.
Vassalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuhu.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Afvni (qabul qilib) oling
Afv etish biror kishining ayb, yomon ishlarini kechirish, aybdorga nisbatan jazo berishga loyiq bo‘lsa ham lutf ko‘rsatib jazolashni tark etishdir. Kechirimli va sabr-toqatli bo‘lish dinimizning asosiy tamoyillaridan biridir. Ayniqsa, o‘ch olishga qodir bo‘la turib kechirib yuborish go‘zal fazilat, oliy xulq namunasidir.
Oyatdagi “afv” so‘zining tafsiri manbalarda turlicha kelgan. Ba’zi mufassirlar u – bag‘rikenglik bilan o‘zgalarning uzrini qabul qilish, og‘irlikni o‘ziga olib, boshqalarga yengillik baxsh etish desalar, boshqalari zakot vojib qilinmasdan oldin boylardan olinadigan sadaqalar deb izohlaganlar.
Imom Tabariy rahmatullohi alayh bunday deydi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalomdan ushbu oyatni sharhlab berishni so‘raganlarida U zot: “Alloh taolo Sizga buyurib aytmoqda-ki, Sizga zulm qilgan kishini Siz afv eting, Sizga bermagan kishiga Siz bering, Sizdan uzilib ketgan kishiga Siz yaqinlashing!” deb sharhlaganlar”.
Sahobalar Payg‘ambarimiz alayhissalomdan: “Go‘zal xulq nima?” deb so‘radilar. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!” oyatini tilovat qildilar.
Afv go‘zal va maqtalgan axloqlarning asosidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki uning uchun jannatda binolar qurilishini va darajalari ko‘tarilishini xohlasa, zulm qilganni avf etsin, bermaganga bersin va orani uzganga silai rahm qilsin”, dedilar (Imom Hokim rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamda bu fazilatlarning barchasi mujassam, so‘zlari va fe’llarida ham bu xulq ila ziynatlangan edi, boshqalarni ham kechirimli bo‘lishga undardilar.
Uboda ibn Sobit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarga Alloh bandalarining darajasini nima tufayli balandga ko‘tarishini aytaymi?” dedilar. Sahobalar: “Ayting, yo Rasululloh”, deyishdi. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Senga jahl qilganga muloyim bo‘lsang, zulm qilganni avf qilsang, seni mahrum qilganga in’om qilsang, sendan aloqani uzgan bilan aloqani bog‘lasang”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Nabiy alayhissalom kechirimli, shafqatli va rahmdil bo‘lishda peshqadam edilar. Makka ahli u zot alayhissalomning yo‘llariga tikonlar sochishar, sajda qilib turganlarida tuyaning ichaklarini tashlab ketishar va doimo mazah qilishar edi. Bu hol bir yoki ikki yil davom etgani yo‘q, balki o‘n uch yil muttasil davom etdi. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni avf etdilar, haqiga duo qildilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari bilan tarbiyalangan sahobalar roziyallohu anhum ham o‘zlariga zulm qilganlarni kechirishda barchaga namuna bo‘ldilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Uyayna ibn Hisr degan kishi Hazrat Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning huzuriga kirib: “Ey, Xattobning o‘g‘li! Alloh nomi ila qasam ichib aytamanki, sen bizning o‘rtamizda adolat bilan hukm chiqarmayapsan”, dedi. Bundan Umar roziyallohu anhuning g‘azabi chiqdi, hatto endi bir kor-xol bo‘ladi, deb atrofdagilar qayg‘uga tushib qolishdi. Shunda sahobalardan biri: Ey, amiral mo‘minin! Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!” deb buyurmaganmidi, u odam johillardan”, dedi.
Hazrat Umar roziyallohu anhu Qur’on tilovatini eshitishi bilanoq, g‘azabini yutdi hamda Allohning xitobiga muvofiq ish tutdi (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasullloh sollallohu alayhi vasallam xatokorning aybini kechib yuboruvchilarni Alloh taolo kechirishi haqida bunday deganlar: “Avf bandaga izzatdan boshqani ziyoda qilmas. Bas, afv qiling! Alloh sizni aziz qiladi. Sadaqa molga ko‘payishdan boshqani ziyoda qilmas. Bas, sadaqa qiling! Alloh azza va jalla sizga rahm qiladi” (Imom Ibn Abu Dunyo rivoyati).
Boshqa rivoyatda esa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘ch olishga haqli bo‘laturib, kechirib yuborgan kishi uchun, Men jannatning o‘rtasidan bir qasr berilishiga kafilman”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Yaxshilikka buyur
Yaxshilikka buyurish, yomonlikdan qaytarish har bir mo‘min-musulmonning vazifasidir. Bu haqda Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan kim yomon, munkar ishni ko‘rsa, uni qo‘li bilan o‘zgartirsin, agar unga ham qodir bo‘lmasa, tili bilan qaytarsin, tili bilan ham monelik qila olmasa, unda qalbi bilan qaytarsin, ana o‘sha imonning zaifligidir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytaruvchi ummatlari eng yaxshi ummat bo‘ldi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Odamlarga chiqarilgan (ma’lum bo‘lgan) ummatning eng yaxshisi bo‘ldingiz, (ey, musulmonlar!) zero, siz amri ma’ruf, nahyi munkar qilasiz va Allohga imon keltirasiz” (Oli Imron surasi, 110-oyat).
Faqih Abu Lays Samarqandiy rahimahulloh yaxshilikka chaqiruvchida quyidagi xislat va fazilatlar jam bo‘lishi lozim deydi:
Alloh taolo yaxshilikka targ‘ib etuvchi bandalarini madh etadi, ularga O‘z rahmati va marhamati nozil bo‘lishi bashoratini beradi: “Mo‘minlar va mo‘minalar bir-birlariga do‘stdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar, namoz(lar)ni barkamol ado etadilar, zakotni beradilar hamda Alloh va (Uning) Rasuliga itoat etadilar. Aynan o‘shalarga Alloh marhamat ko‘rsatur. Albatta, Alloh qudratli va hikmatlidir” (Tavba surasi, 71-oyat).
Johillardan yuz o‘gir
Johillik nodonlik, ilmsizlikdir. Dinimiz ilmsizlikdan yuz o‘girishga, ilm, ulamolarga ergashishga da’vat etadi. Qolaversa, johillardan uzoq bo‘lish kishini yomonliklardan saqlaydi, uning axloqini go‘zal qiladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘zi uchun behuda narsalarni tark qilishi kishi Islomining husnidandir”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Musulmon kishi johillarga e’tibor bermaydi, ularning gap-so‘zlaridan ta’sirlanmaydi, balki yomonlikka qarshi yaxshilik bilan javob qaytaradi. Albatta, bunday fazilatga faqatgina sabr-toqatli, ikki dunyoda ham ulug‘ nasibaga ega bo‘ladigan Alloh taoloning eng syukli bandalari musharraf bo‘ladi: «Rahmonning (suyukli) bandalari yerda kamtarona yuradigan, johil kimsalar (bema’ni) so‘z qotganda “Salomatlik bo‘lsin!” deb javob qiladigan kishilardir» (Furqon surasi, 64-oyat).
Hasan Basriy rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Bunday zotlar halim, beozor bo‘lib, agar ularga jahl bilan g‘azab qilinsa, ular aslo johillik qilmaydilar, halimlik bilan javob qaytaradilar”, degan.
Alloh taolo barchamizni ushbu go‘zal xulqlar bilan xulqlanib, O‘zining roziligini topishimizga tavfiq ato etsin.
Davron NURMUHAMMAD