Oqil shoh ulus ahvolidan ogoh bo‘lib, xalqning nima ish qilayotganini, ta’lim-tarbiyasi, yashash sharoiti, och-to‘qligi, hamma-hammasini bilib turadi. Yurti uchun xizmat qilganlarni mukofotlab, o‘ziga yaqin oladi. Saltanati va xalqiga xiyonat qilganlarni jinoyatiga yarasha jazolaydi. Shu bilan birga, rahm-shafqat eshigi ham doimo ochiq turadi. Qaroqchi, o‘g‘rilarga rahm qilmaydi. Saltanati buzilib, vayron bo‘lmasligi uchun doimo sergak va hushyor bo‘ladi. Har tong davlatining tinchligi-farovonligi va xalqining baxtini so‘rab duo qiladi.
Podshoh saltanatini vayron qilmoqchi bo‘lgan xoin, qaroqchi, o‘g‘rilar qilayotgan gunohlarining yomonligi, har qancha yashirincha ish qilmasinlar, ayblari ochilib, oqibatda bir kun odil podshohdan jazo olishlarini anglab, jazolanayotgan hollarini ko‘z oldiga keltirib yuradilar. Oqibati nima bilan tugashini bilsalar-da, qo‘lga tushsam bir gap bo‘lar tarzida nafs so‘ziga kirib, isyonlarini orttirib boraveradi. Ularning jinoyatini zimdan kuzatib yurgan podshoh vaqti-soati kelganida ularni qo‘lga olib, jallodga topshiradi. Dor tagidagi osiy esa bo‘ynidagi arqonni va jallodning qilich yalang‘ochlab turganini ko‘rib, qo‘rquvdan titrab, tavba qilib kechirim so‘raydi. Ammo hukm o‘qilgan, chekkan pushaymoni va qilingan tavba foyda bermaydi.
Ey aziz farzand! Odamning jismi ham davlat kabidir. Aql saltanat podshohidir. U jism saltanatini adolatli boshqarsa, oliy mukofot oladi. Aql saltanati jism davlatini giyohvandlik, mayxo‘rlik, fahsh va gunohlardan qaytarmasa, jism saltanati gunohlarga uchrab, tezda qulaydi. Jism ma’naviy va ruhiy tanazzulga yuz tutadi. Insonni odamiylik, mo‘minlik fazlidan fosiqlik va munofiqlik botqog‘iga botiradi. Vayrona va xaroba yurtdan odamlar qochgani kabi, jaholat botqog‘iga botgan kishidan imon, yuzidan nur, qalbidan rahm-shafqat va ilm qochadi. Bunday insonlar odamiylik fazlidan bebahra bo‘ladi. Shu bois aql saltanatini ko‘p kitob o‘qib, tajriba va ilmiy izlanish bilan to‘ydirmoq zarur.
Shermurod Tog‘ayning “Qasamini buzgan qiz” kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Uyimizdagi uch oylik qo‘zichoqning oyog‘i sinib, yurolmay qoldi. Shuni so‘yib, go‘shtini yesak bo‘ladimi? Yoki yeyishga yaroqsiz hisoblanadimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Shariatimizda halol bo‘lgan hayvonlarni, jonzotlarni yeyish uchun ma’lum yosh belgilanmagan. Hatto yangi tug‘ilgan hayvonning go‘shtini ham yeyish mumkin.
Vatandoshimiz, buyuk muhaddis imom Buxoriy rahimahulloh “Sahihi Buxoriy” asarlarida Xandaq g‘azoti bobida quyidagi hadisni keltirganlar: Jobir roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ochlikdan sillasi qurigan holatda ko‘rib, uyiga kelib, ayoliga biror narsa pishirishni tayinlaydi. Ayoli bir uloqchani so‘yib, pishiradi. Payg‘ambarimiz alayhissalom va sahobalar undan tanovul qiladilar.
Hadisi sharifda arabcha “Anoq” so‘zi bilan keltirilgan uloqchani muhaddis ulamolar to‘rt oyga to‘lgan, onasidan ajratilgan va o‘tlashga qodir bo‘lgan echki bolasi, deganlar.
Demak, halol hayvon go‘shtini yeyishning muayyan yoshi belgilanmagan. Asosiysi, so‘yishni shariat talabiga muvofiq tarzda bajarilishidir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi