“Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik” (Isro, 70).
Alloh taolo odamzodni azizu mukarram qilgan, uni eng go‘zal va mukammal shaklda yaratgan. Qur’oni karimning “Tin” surasi to‘rtinchi oyatida marhamat qilinadi: “Haqiqatan, Biz insonni xushbichim (shaklda) yaratdik”. Alloh taolo odamni tik oyoqda yuradigan, qo‘li bilan ovqat yeydigan qilib yaratdi. Unga quloq, ko‘z, ko‘ngil berdi. Inson ular vositasida ko‘radi, eshitadi va narsalarni bir-biridan farqlaydi. U narsalarning yaxshisini va chiroylisini biladi. Din va dunyo ishlarida o‘ziga nima foydayu nima zarar ekanini ajrata oladi.
“Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik”. Ulamolar ushbu oyatni turlicha tafsir qilishgan. Ibn Abbosga (roziyallohu anhu) ko‘ra, insonning o‘zga jonzotlardan mukarramligi ovqatni qo‘li bilan yeyishidir.
Muhammad ibn Ka’b “Insoniyat orasidan Hazrat Muhammadning (alayhissalom) bo‘lishlari ularning mukarramliligidir”, deb tafsir qilgan bo‘lsa, Zahhokka ko‘ra, odamzod nutq va farosati bilan mukarram bo‘lgan. Mufassir Ibn Jarir Tabariy “insonlarning ko‘pchilik maxluqot ustidan hukmronlik qilishi va borliqning odamzodga bo‘ysundirilgani uning azizligidandir”, degan. Yana ayrim olimlarning tafsir qilishlaricha, insoniyat gapirishi va yoza olishi bilan boshqa maxluqlardan azizdir.
Tafsirchi Qurtubiy aytadi: “Odam bolalarining azizligiga sabab ulardagi aqldir. Zero, aql taklifning (ibodat va muomalaga layoqatning) asosidir. Inson aql bilan Alloh taoloni taniydi, Uning kalomini tushunadi, ne’matlariga erishadi, payg‘ambarlarini tasdiqlaydi. Faqat aql bandani barcha maqsadlariga yetkazolmasligi sabab payg‘ambarlar yuborilgan, kitoblar tushirilgan. Shariat bamisoli quyosh, aql esa bamisoli ko‘zdir. Ko‘z, agar sog‘lom bo‘lsa, ochilishi bilan quyoshni ko‘radi, narsalarning tafsilotlarini idrok qiladi.
Alloh taolo ba’zi hayvonlarga bergan xislatlarni, masalan, otning chopishi, eshitishi, ko‘rishi, filning kuchi, sherning shijoati kabi ba’zi xislatlarni odamzodga ham ato etgan. Ammo uning boshqa jonzotlardan afzal va aziz qilinishi, aytib o‘tganimizdek, aql sabablidir”.
“...va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik...” Ibn Abbos (roziyallohu anhu) bu oyatni “Quruqlikda eshak, xachir, ot, tuya kabi ulovlarga, dengizda esa katta-kichik kemalarga mindirib qo‘ydik”, deb tafsir qilgan. Bunga qo‘shimcha ravishda zamonaviy avtoulovlarni ham kiritish mumkin.
Alloma Faxruddin Roziy oyat tafsirida bunday yozadi: “Alloh taolo hayvonlarni insonlar minishi, yuk ortishi va boshqa shu kabi ishlarini bajarishi uchun bo‘ysundirib qo‘ygan. Shuningdek, suvlaru kemalarni ham unga minishi, yuklarini tashishi va boshqa yumushlarini bajarishi uchun odamzodga bo‘ysundirib qo‘ygan. Bularning barchasi insonning bu olamda bo‘ysuniladigan rahbar, itoat qilinadigan podshoh ekaniga, boshqa barcha borliq uning qo‘li ostida ekaniga dalolatdir”.
“...hamda ularga pok narsalardan rizq berdik” ekinlardan, go‘shtu sutlar va yana boshqa rangi va mazasi turli-tuman ne’matlardan rizq qilib berdik. Go‘zal manzaralar, turfa xil, rang-barang kiyim-kechaklardan, dunyoning turli burchaklarida yetishadigan anvoyi mevalardan rizqlarini berdik.
“...va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik...” ya’ni, boshqa maxluqot va mavjudotlardan ustun qildik.
Bizning ahli sunna val jamoa aqidamizga ko‘ra, farishtalarning payg‘ambarlaridan insonlarning payg‘ambarlari afzaldir. Oddiy mo‘minlardan farishtalarning payg‘ambarlari afzal. Oddiy farishtalardan oddiy mo‘minlar afzaldir (“Aqoid matnlari”).
Qurtubiy, Ibn Kasir va Faxruddin Roziy
tafsirlari asosida
No‘mon ABDULMAJID
tayyorladi.
O‘quv yili tugab, ota-onani ziyorat qilish, ularning xizmatiga borish vaqti kelgach, darslar tugab, imtihonlardan forig‘ bo‘lgach, «Endi butunlay bo‘shman, ilmdan forig‘ bo‘ldim», deb tasavvur qilmang. Ota-onaning xizmatida bo‘lib, duolarini oling. Ta’til payti ham siz uchun muhim bir vaqt hisoblanadi.
Ota-onangiz, aka-ukangiz, opa-singlingiz, qarindosh-urug‘laringiz nimalarni o‘rganganingizga, odobingiz qanday bo‘lganiga qiziqishadi. «O‘g‘limiz nimalarni o‘rganib keldi ekan-a, ustozlaridan nimalarni ta’lim oldi ekan» deb, havas ko‘zlari bilan qaray boshlashadi. Ana shunda siz ularni odobingiz, kamtarligingiz, xizmatingiz bilan xushnud qilsangiz, nafaqat o‘zingizni, balki ustozlaringizni, nafaqat ustozlaringizni, balki Islom dinini ham barchaga sevdirasiz.
Buning natijasi o‘laroq odamlarda din ilmiga rag‘bat oshib, ular ham farzandlarini ahli ilm qilishga, qori qilishga shoshib qoladilar. Aksincha, namozlar qazo bo‘la boshlasa, xulq-atvor yomon bo‘lsa, «Bu bola o‘qib yurib shu ahvolda bo‘lsa, bundan ko‘ra o‘qimaganimiz yaxshi ekan», deyishadi. Odamlarning ilm olishdan hafsalasi pir bo‘ladi, ustozlarni hurmat qilmay qo‘yishadi. Bu holatda dinga foydangiz emas, zararingiz ko‘proq tegadi. Bunday tolibi ilmlardan Alloh taoloning O‘zi asrasin!
Bir narsani yaxshi bilib oling: siz makonlar, holatlar o‘zgarishi bilan o‘zgarib qolavermang. Holatlar sizni o‘zgartirmasin, siz holatlarni o‘zgartiring. Doimo istiqomatda bo‘ling, sabot bilan turing. Alloh taolo har holatda ham sizni ko‘rib turganini aslo yodingizdan chiqarmang.
«Talabalik davrini qanday o‘tkazmoq kerak?» kitobidan