frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Muhojir sahobalarning fazli

24.06.2018   11343   16 min.
Muhojir sahobalarning fazli

Muhojir degani, tark qiluvchi, bir joydan boshqa joyga ko‘chib o‘tuvchi degan ma’nolarni anglatadi.

Siyrat kitoblarida zikr qilingan muhojirlar esa, asli makkalik kishilar bo‘lib, dinu iymon uchun ona yurtlarini, mol-mulklarini, qarindosh-urug‘larini tashlab, Madinai Munavvaraga hijrat qilgan zotlar tushuniladi. Ularning ko‘plari hijrat sababli miskin, faqirga aylangan edilar. Ular faqat Alloh beradigan fazlini deb va Uning roziligini topamiz deb, bu mashaqqatlarga bo‘yin egdilar. Qiyin ahvolga qaramasdan Allohning ishiga va Payg‘ambarga qo‘llaridan kelgan yordamlarini ayamadilar. Shuning uchun ham Alloh ularni iymonlarida sodiq kishilar, deb maqtab, Hashr surasidagi quyidagi oyatni nozil qilgan:

«(U o‘ljalar yana) o‘z diyorlaridan va mol-mulklaridan haydab chiqarilgan kambag‘al muhojirlarnikidir, zero, ular Allohdan fazl va rizolik istaydilar hamda Alloh va Uning payg‘ambariga yordam beradilar. Aynan o‘shalar (imonlarida) sodiqdirlar» (Hashr 8-oyat).

Yana boshqa oyatda Alloh muhojirlarga oxiratda tayyorlab qo‘ygan mukofot haqida xabar berib aytadi:

«(Makkadan) hijrat qilgan, yurtlaridan badarg‘a qilingan, Mening yo‘limda aziyat chekkan, jang qilgan va qatl etilganlarning gunohlarini kafforat qilurman va Allohning mukofoti sifatida ularni ostilaridan anhorlar oqib turadigan, abadiy yashaladigan jannat (bog‘lari)ga kiriturman. Allohning huzurida (mo‘minlar uchun) yaxshi savoblar (bordir)» (Oli Imron 195-oyat).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muhojirlarni fazlini bayon qilib: «Agar hijrat bo‘lmaganida, ansoriylardan biri bo‘lardim», deganlar. Ya’ni hijratning fazli ansoriy bo‘lishdan ustun. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu hadisning o‘zida ansorlik ham naqadar ulkan maqom ekanini bildirib: «Ansorlardan biri bo‘lardim», demoqdalar.

Imom Munoviy rahmatullohi alayh rivoyat qilgan hadisda muhojirlarning fazli yanada ravshan bo‘ladi:

عن أبي سعيد الخدري قال : قال رسول الله - صلى الله عليه وسلم - : " إن للمهاجرين منابر من ذهب يجلسون عليها يوم القيامة قد أمنوا من الفزع " .رواه المناوي

Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qiyomat kunida muhojirlar uchun oltindan yasalgan minbarlar bo‘ladi. Ular unga o‘tiradilar. Muhojirlar (qiyomat) qo‘rqinchidan omonda bo‘ladilar», dedilar».

Doktor Abdulloh Taroblusiy muhojirlarning fazllarini jamlab quyidagilarni sanab chiqqanlar:

· Ilk musulmonlar jamoasi muhojirlardan ekani;

· Payg‘ambarlikni birinchi tasdiqlagan sahobalar ham muhojirlardan ekani;

· Payg‘ambarga birinchi sahoba bo‘lgan insonlar ham muhojirlardan ekani;

· Payg‘ambarni himoya qilgan ilk jamoa ham muhojirlardan ekani;

· Islom da’vatini boshqalarga yetkazgan ilk sahobalar ham muhojirlardan ekani;

· Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan namoz o‘qigan ilk jamoa;

· Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga hijratda hamroh bo‘lgan sahoba ham muhojirlardan ekani;

· Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham muhojir ekanlari;

·  Alloh taolo muhojirlarni Qur’onda maqtab zikr qilgani;

· Allohning O‘zi ularning barchasidan rozi bo‘lgani haqida xabar bergani;

·  Eng oliy maqomlardan biri hisoblangan sobiqunlar ham muhojirlardan ekani;

· Tirikligida jannatiyligi bashorat berilgan o‘nta sahoba ham muhojirlardan ekani;

· To‘rt buyuk xalifalar ham muhojirlardan ekani;

· Allohning O‘zi muhojirlarning iymonda sodiq ekanlarini ta’kidlagani;

· Qiyomat kunida ularga alohida ehtirom ko‘rsatilishi;

·  Endi bu maqomga qancha urinmasin hech kim sazovor bo‘lolmasligi.

 

Nurmuhammedova Vasila

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Siz eng boy odamsiz!

10.08.2026   9480   1 min.
Siz eng boy odamsiz!

Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.


Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...


Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
 

Akbarshoh RASULOV

 

Ibratli hikoyalar