«Ansorlar» deyilganda lug‘aviy jihatdan nusrat-yordam beruvchilar ma’nosi anglanadi.
Islomiy istilohda esa, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam boshliq dinu diyonat uchun o‘z vatanlarini, yaqinlarini va molu mulklarini tashlab, Madinai Munavvaraga ko‘chib kelgan muhojir musulmonlarga yordam bergan, ularga joy, imkon va boshqa barcha sharoitlar yaratib, yordam-nusrat bergan asli madinalik bo‘lgan mo‘min-musulmonlar tushuniladi.
Ansoriy musulmonlar dunyo tarixiga o‘zlarining mislsiz ulkan fidokorliklari bilan, iymon-islom yo‘lida o‘zlaridan ko‘ra muhojir birodarlarini ustun ko‘rishlari bilan mashhur bo‘lib kirganlar.
Ansorlar Madinada, ya’ni, birinchi islom jamoasi tashkil topgan diyorda muhojirlar kelmasidan oldin ham yashaganlar va islomga, iymonga ixlos qo‘ygan kishilar bo‘lganlar. Ularning ixlosu e’tiqodlari butun bo‘lgani uchun Makka mushriklaridan azob-uqubat chekayotgan o‘z dindoshlarini Yasribga (Madinaga) ko‘chishga chorlaganlar. Shu bilan birga, ansorlar o‘z shaharlariga ko‘chib kelgan muhojir birodarlariga doimo yaxshi muomalada bo‘lishgan. Alloh taolo ularni O‘z kitobida maqtab:
«Ular yurtlariga hijrat qilib kelganlarni sevarlar va ularga berilgan narsalarga qalblarida hasad qilmaslar. Garchi o‘zlarining hojatlari bo‘lsa ham, ularni o‘zlaridan ustun qo‘yarlar», degan (Hashr surasi 9-oyat).
Agar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam «fay» (jangu jadalsiz qo‘lga kiritilgan o‘lja)dan muhojirlarga berib, ularga bermasalar ham, ansorlar zarracha gina qilmaganlar. Ular hasad nimaligini bilishmagan.
Ansorlar muhojir birodarlarini ustun qo‘yib, o‘zlariga juda kerak bo‘lib turgan narsalarini ham ularga berdilar. Masalan, uylarining yarmini, asbob-anjomlarini, mol-mulklarini va boshqa hamma kerakli narsalarini.
Hatto muhojirlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga:
«Ey Rasululloh, bularga o‘xshaganlarni hech ko‘rmaganmiz, oz bo‘lsa, bizga beradilar, ko‘p bo‘lsa, serob qiladilar. Yetarli maishatning kifoyasini qilishyapti, farog‘atga bizni sherik qilishyapti. Hatto ajrning hammasini bular egallab olmasalar», deya arz qilishgan.
Shunda Payg‘ambar alayhissalom:
«Yo‘g‘-e, ularga tashakkur aytib, haqlariga duo qilib tursangiz, unday bo‘lmaydi, inshaalloh», deganlar.
Ansoriylar haqida Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi:
«Payg‘ambar alayhissalom ansorlarni chaqirib, ularga Bahraynni bermoqchi ekanlarini aytganlarida ansorlar muhojir birodarlarimizga ham xuddi shunga o‘xshash joyni bermasangiz, bizga buning keragi yo‘q, dedilar».
Alloh taolo, «hasadgo‘y emaslar», deb ansorlarni madh etyapti. Alloh birovga bergan ne’matga hasad qilmaslik ham ulkan fazilat ekanini bilib qo‘ymoq lozim. Ansorlar ana shunday ulkan fazilatga ega edilar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir o‘rinda mo‘minlik va munofiqlik alomatlarini bayon qilib: «Iymonning belgisi, ansorlarni yaxshi ko‘rmoqdir. Munofiqlikning belgisi esa, ansorlarni yomon ko‘rmoqdir», degan bo‘lsalar. Boshqa o‘rinda Allohning muhabbatiga sazovor bo‘lish va uning g‘azabidan qutilish yo‘lini o‘rgatib: «Ularni yaxshi ko‘rgan kishini Alloh yaxshi ko‘radi va ularni yomon ko‘rgan kishini Alloh yomon ko‘radi», deganlar. (Imom Buxoriy rivoyati).
Ansorlarning barchasi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qalblaridan alohida o‘rin egallagan baxtli zotlar edilar. Bu haqda Rasulimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari Allohga qasam ichib: «Alloh haqqi, sizlar men uchun eng mahbub odamlardansiz!» deganlar. (Imom Buxoriy rivoyati).
Ansorlar naqadar buyuk shaxslar bo‘lishgan?! Hatto barcha payg‘ambarlarning sayyidi bo‘lgan zot Habibimiz sollallohu alayhi vasallam ansorlardan bo‘lishni orzu qilganlarini ochiq-oydin bayon qilib: «Agar ansoriylar bir vodiyga yoki tog‘ so‘qmog‘iga yursalar, albatta, men ham ansorlarning vodiysiga yurar edim. Agar hijrat bo‘lmaganida, albatta, ansorlardan bir kishi bo‘lar edim», dedilar». (Imom Buxoriy rivoyati).
Madinalik musulmonlarga bu sharafli nomni, ya’ni «ansor» nomini Allohning o‘zi qo‘ygan. Bu haqda Anas roziyallohu anhudan bir kishi « Ansor ismi haqida xabar ber-chi, uni o‘zingiz ataganmisiz yoki Alloh sizlarni ataganmi?», deb so‘raganda, Anas roziyallohu anhu: «Yo‘q! Alloh azza va jalla bizni shu nom bilan atagan», deb javob berganlar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ansorlarni sabrli va iffatli insonlar ekanlariga guvohlik berib, ansoriy sahobalardan bo‘lgan Abu Talha roziyallohu anhuga: «Qavmingga salom ayt! Men ularni, albatta, iffatlilar va sabrlilar, deb bilurman», dedilar. (Imom Termiziy rivoyati).
Ansoriylarga hamma havas qilsa arziydigan fazilatlari juda ko‘p. shulardan biri, duosi shak-shubhasiz ijobat bo‘ladigan zot, ya’ni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ularning haqqiga duo qilib, «Ey Allohim, ansorlarni, ansorlarning bolalarini, ansorlarning bolalarining bolalarini va ansorlarning ayollarini mag‘firat qilgin», deganlar. (Imom Termiziy rivoyati).
Hunayn g‘azotida ansoriylarning qadr-qiymati yanada namoyon bo‘ldi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Hunayn jangi o‘ljasini taqsimlashda yangi musulmon bo‘lgan makkaliklarga alohida e’tibor qilib, ularni islomga qiziqtirish uchun ko‘p o‘lja berdilar, ansorlarga esa o‘ljani oz taqsimladilar. Buni ko‘rgan ba’zi ansorlarning qalbida xiralik paydo bo‘lganda, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ansorlarga bo‘lgan munosabatlarini bildirib: «Ey ansoriylar jamoasi! Odamlar qo‘y-u tuyani olib ketganda sizlar o‘z qarorgohingizga Rasulullohni olib ketishdan rozi bo‘lmaysizlarmi?! Allohga qasamki, siz olib qaytadigan narsa ular olib qaytadigan narsadan yaxshiroqdir! Muhammadning nafsi qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, agar hijrat bo‘lmaganida, albatta, ansoriylardan biri bo‘lgan bo‘lur edim», dedilar. (Ibn Hishom rivoyati).
Nabiy sollallohu alayhi vasallam ummatlariga o‘z vafotlaridan oldinroq ansorlarga e’tiborli bo‘lishni va xatolarini kechirishni vasiyat qilib: «Sizlarga ansorlarga e’tiborli bo‘lishni vasiyat qilurman. Albatta, ular mening siru omonat saqlagichlarimdir. Batahqiq, ular o‘z burchlarini ado etib bo‘lib, haqlarini kutib turibdirlar. Ularning yaxshiliklarini qabul qilinglar va yomonliklarini afv qilinglar», deganlar. (Imom Buxoriy rivoyati).
Nurmuhammedova Vasila
Masjidi Nabaviy Madina shahrida joylashgan bo‘lib, Islom tarixidagi eng muqaddas joylardan biridir. Masjid Muhammad sollallohu alayhi vasallam tomonidan hijratning birinchi yilida, 622 yili barpo etilgan va musulmonlar uchun Makkadagi Masjidul Harom va Quddusdagi Masjidul Aqsodan keyingi uchinchi muqaddas masjid hisoblanadi. Masjidi Nabaviydagi mehroblar masjidning tarixiy va ma’naviy ahamiyatini aks ettiradi.
Mehrob – masjidda namoz vaqtida imom turadigan va qiblani ko‘rsatuvchi joy. Masjidi Nabaviydagi kengaytirishlar va qayta qurish jarayonlarida mehroblar o‘zgarib borgan. Masjidning dastlabki ko‘rinishi sodda shaklda bo‘lib, mehrob ham biror bir narsa bilan belgilanmagan. Keyinchalik, Umaviylar, Abbosiylar, Usmoniylar va Saudiylar davrida mehroblar naqshinkor san’at namunalari bilan bezatildi.
1. Payg‘ambar mehrobi. Mehrobi Nabaviy Masjidi Nabaviydagi eng muhim va asosiy mehrobdir. Mehrob Ravzada, Payg‘ambar alayhissalomning qabrlari va minbarlari orasida joylashgan. Payg‘ambar alayhissalom davrlarida U zot namoz o‘qigan joyda biror belgi bo‘lmagan, 707-710 yilda ilk bor Umaviy xalifasi Valid ibn Abdulmalik tomonidan bu joyga birinchi mehrob o‘rnatilgan.
Masjidda hozirgi shakldagi mehrob 1482 yilda Mamluk sultoni Qaytbey tomonidan qurilgan bo‘lib, keyinchalik Usmonlilar va Saudiya podshohi Fahd davrlarida ta’mirlangan. Mehrob tilla bilan qoplangan xattotlik yozuvlari va go‘zal naqshlar bilan bezatilgan.
2. Usmoniy mehrobi. Mehrobi Usmoniy hozirda ko‘p foydalaniladigan asosiy mehrob bo‘lib, Usmon ibn Affon roziyallohu anhu davrida 651 yilda masjid kengaytirilganidan qurilgan. Qibla devorining markazida joylashgan Usmon ibn Affon mehrobi o‘rnida dastlab belgi bo‘lgan.
3. Mehrobi tahajjud. Mehrob Payg‘ambar alayhissalom tahajjud namozini o‘qigan joyni bildiradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tungi namozlarini Masjidi Nabaviyning ustunlaridan biri yonida o‘qir edilar. Keyinchalik bu ustun yonida mehrob qurildi, ammo so‘nggi yillardagi qayta ta’mirlash ishlarida olib tashlandi va uning o‘rniga Qur’oni karim mus'haflari uchun kitob javoni o‘rnatilgan.
4. Sulaymoniy mehrobi. Mehrobi Sulaymoniy Hanafiy mehrobi deb ham nomlanadi. Sulaymoniy mehrobi Ravzadan tashqarida, Payg‘ambar alayhissalom minbarlarining o‘ng tomonida joylashgan. Bu mehrob hanafiy mazhabidagilarning namozgohi bo‘lgan. 1532 yili Sulton Sulaymon I buyrug‘i bilan bunyod etildi.
5. Fotima mehrobi. Fotima rohiyallohu anho uylari yaqinida, tahajjud mehrobining janubida, Nabiy alayhissalom hujralari atrofida joylashgani, maqbara o‘ralgani bois mehrob ko‘rinmaydi.
Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.